Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.09.2017 14:14 Chop etish versiyasi

Mo‘yqalamda do‘stlik tasviri

Mo‘yqalamda do‘stlik tasviri O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi hamda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning O‘zbekistonda yashayotganligining 80 yilligiga bag‘ishlab o‘zbek va koreys rangtasvir ustalarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi va Janubiy Koreya Kyongi tasviriy san’at assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada san’atshunoslar, o‘zbek va koreys musavvirlari, talabalar va jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari F.Toshmuhammedov, Kyongi tasviriy san’at assotsiatsiyasi raisi Chve Gil Sun va boshqalar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro diplomatik munosabatlar o‘zbek va koreys xalqlari do‘stligining mustahkamlanishi, iqtisodiy, madaniy va san’at sohalardagi hamkorligida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz boshqa millat vakillari bilan ahil, tinch va totuvlikda yashab kelmoqda. Davlatimiz mustaqillikka erishgach, boshqa xorijiy mamlakatlar qatorida Koreya Respublikasi bilan ham diplomatik aloqalar o‘rnatdi. Ikki davlat o‘rtasidagi serqirra hamkorlik tobora mustahkamlanib, o‘zaro ishonchli va manfaatli aloqalarga keng yo‘l ochmoqda. Bunday do‘stona hamkorlik barcha sohalar kabi san’at, xususan, tasviriy san’atda yorqin namoyon bo‘layotir.

Ko‘rgazmada Kyongi tasviriy san’at assotsiatsiyasi rassomlari o‘z asarlari bilan qatnashdi. Ular ijodiga oid "Gullagan olxo‘ri daraxti", "Ajoyib ayol", "Sevgi gullari", "Uzum mazasi", "Olam uyg‘unligi", "Qizil o‘rmon hissiyotlari", "Kuz tafti" kabi kartinalarda tomoshabin Janubiy Koreya hayotining turli jabhalari, koreys millatiga xos chizgilar va ranglar jozibasini ko‘rishi mumkin. Bu asarlarga hamohanglikda namoyish etilgan "Osmon otlari", "Oppoq tong", "Nilufar gullagan makon", "Yakkashox ovida", "Muqaddas oila", "Xayrli tong" singari tasvir namunalarida o‘zbek rangtasvir ustalarining ona Vatan tasviri, tabiati, tanti odamlari, milliy urf-odatlari va rasm-rusumlari yorqin va bir-biriga uyg‘un bo‘yoqlarda jilolangani bilan ahamiyatlidir.

– O‘zbekistonga ijodiy safarim unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi, – deydi Janubiy koreyalik rassom Jang Kyong Ok. – Chunki bu yerda o‘zbek rassomlari ishlari bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo‘ldim. Bunda men har ikki xalq ijodkorlari ishlarini taqqoslashga, o‘xshash va farqli jihatlarini o‘rganishga harakat qildim.

Ko‘rgazmada o‘zbek va koreys rassomlarining manzara, natyurmort, janrli kompozitsiya, falsafiy-poetik janrlardagi uch yuzdan ortiq asari namoyish etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
2 102






Все о погоде - Pogoda.uz