O‘zA O`zbek

27.03.2019 Chop etish versiyasi

Mirza Azizov: ”Teatrda odamlar ko‘payayotgani insonlar san’atni, adabiyotni qadriga yetayotganidan darak”

Mirza Azizov: ”Teatrda odamlar ko‘payayotgani insonlar san’atni, adabiyotni qadriga yetayotganidan darak”

“Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida mamlakatimiz teatrlarida 200 dan ortiq spektakllar namoyish etildi,har qachongidan ko‘ra odamlar bilan gavjum bo‘ldi.

O‘zA muxbiri Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Mirza AZIZOV bilan taraqqiy etib borayotgan zamonda insonlar uchun teatrning o‘rni, ijtimoiy ahamiyati haqida suhbatlashdi.

– Insonlar ijtimoiy tarmoqlarda vaqtini besamar o‘tkazmasdan, turli telefon o‘yinlardan bo‘shab sahna asarlarini tomosha qilishga vaqt ajratmoqda. Buni nima bilan izohlash mumkin?

photo5249403965584550502.jpg

–Teatrlarimizda bahor faslida odamlar yanada ko‘payadi. Kimdir ishidan yana kimdir o‘qishidan ortib teatr tomoshasiga oshiqadi. Bu yaxshi albatta, deydi M.Azizov. – Chunki teatr tomosha qilishga hamma ham hafsala qilavermaydi. Xonadoni tinch, ro‘zg‘ori but, ko‘ngli xotirjam kishilar teatrda bir ikki soatlab sahna asarlarini tomosha qilishga imkon topadi.

Bugun qaerga qaramaylik yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynog‘idan tortib, Andijonning Xonobodigacha, Namanganning eng chekka tumani Chustidan, Buxoroning Olotigacha, Qashqadaryoning Dehqonobodidan tortib, Surxondaryoning Sangardagigacha yangilanish, yasharish va bunyodkorlikka yuz tutmoqda. Bu ishlarning barchasi 33 milliondan oshayotgan xalqimiz uchun qilinayotgan ishlardir. Teatrda odamlar ko‘payayotgani tinchligimiz, osoyishta diyorimizda salohiyatli insonlar ko‘payib, insonlar san’atni, adabiyotni qadriga yetayotganidan darak, deb baholayman.

– Teatrlarda qanday o‘zgarishlar qilinmoqda, ancha vaqtlar unutilib qo‘yilgan mavzularga qaytilyaptimi va qilinayotgan yangiliklar xususida aytib o‘tsangiz?

photo5249417189788854741.jpg

–Tan olishimiz kerak, teatrga 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan insonlarni tomoshalarga taklif etamizu ba’zida ayrim yosh toifalaridagi muxlislarimizga mos tomoshalar tayyorlashni unutib qo‘yamiz. Bolajonlar, yoshlar, o‘rta yoshlilar, keksalar haqida sahna asarlari tayyorlaymizu biroq 14 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan beg‘ubor qalb egalari uchun namoyishlarimiz deyarli yo‘q ekan. Hozir shu loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Teatrimizning 80 yilligi munosabati bilan ko‘plab ishlarni amalga oshirishni ko‘zda tutganmiz. Kitoblar chiqarish, gazeta va saytlarda ko‘plab chiqishlar qilishni rejalashtirganmiz.

– Teatr kecha va bugun. Nimalar o‘zgardi nimalar o‘zgarmadi?

– Bugun teatrlarimiz o‘z qiyofasini tubdan o‘zgartirgan, tomoshabinlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Faqat inson o‘zida vaqt, imkon topib tomoshaga kelish kerak.

1956 yildagi eski o‘rindiqlar zamon talablariga mos keladigan yumshoq stullarga almashtirilgan, yangi chiroqlar, ovoz kuchaytirgich kabi uskunalar bilan ta’minlangan. Ilgari odamlar zal sovuq ekan, stuling siniq ekan pulimni qaytarib ber, deb jahl bilan chiqib ketardi. Endi esa tomosha uchun kelgan hech bir kishi norozi kayfiyatda chiqmaydi. Tomoshabinlar ko‘tarinki kayfiyatda hatto teatr ma’muriyatiga minnatdorlik bildirib ketadi. Bu esa bizni g‘ururlantiradi.

– Uza.uz saytini kuzatib borasizmi? 

photo5249417189788854743.jpg

– Har kuni mamlakatimizda va dunyoda ro‘y berayotgan yangiliklarni bilish uchun uza.uz saytiga kiraman. Caytingizni yutug‘i shundaki, tasdig‘ini topmagan xabarlar e’lon qilinmaydi. Odobdan chiqish holatlarini kuzatmaymiz. Faqat tarbiya targ‘ib qilinadi. Ayrim saytlar singari shov-shuv ortidan quvmaysizlar. “O‘zA minbari” degan yangi loyihaga ko‘zim tushdi. Buni katta qadam deb bilaman, endi agentlik insonlarning muammolarini hal etishda yanada jonbozlik ko‘rsatadi, muammo hal bo‘lishi uchun kurashadi, deb o‘ylayman. Bu juda katta savob ish. Shundan kelib chiqib, xalqqa yaqinlashish, insonni ma’naviyat sari yetaklashga chorlaydigan ijodiy ishlarni yoritishda yanada faol bo‘lishlaringizni xohlab qolardim. 

4 433
Dilobar Asliddin qizi, O‘zA