Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2017 17:27 Chop etish versiyasi

Milliy san’at va madaniyatimizga e’tibor

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari M.Hojimatov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini yanada oshirish, ijodkor ziyolilarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, milliy san’atimizni jahonga keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor ko‘rsatilayotganini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga ko‘ra mamlakatimizda sohaga oid milliy qonunchilik takomillashtirilmoqda. Teatr va tomosha maskanlarini, madaniy-ma’rifiy tashkilotlar, muzeylar faoliyatini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda vazirlik tomonidan muzeylar, istirohat bog‘lari, bolalar musiqa va san’at maktablari, teatrlar, madaniyat va aholi dam olish markazlari faoliyati batafsil o‘rganilib, chuqur tahlil etilmoqda. Ular ishini zamon talabiga mos yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar kompleksi ishlab chiqilmoqda.

Yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash, ularni vatanparvar, fidoyi, yurtga sodiq insonlar etib kamolga yetkazish yuzasidan qator loyihalar hayotga keng joriy etilmoqda. Turli ijodiy tanlovlar, qiziqarli loyihalar, badiiy dasturlar, festivallar, ko‘riklar, madaniy haftaliklar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Teatr jamoalarining ijodiy safari hamda chet el ijodiy jamoalari, san’atkorlarining konsertlari muxlislarni mamnun etmoqda. Muzeylarga san’atning barcha yo‘nalishlari vakillari, media tuzilmalarni jalb etgan holda tomoshabinlarni ko‘proq jalb etish, madaniy-ma’rifiy muassasalar, istirohat bog‘lari faoliyatini tashkil etishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Istiqlolimizning 26-yilligiga bag‘ishlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida musiqiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar, konsertlar o‘tkazilmoqda. "Nihol" mukofoti uchun ijodiy tanlov, "Yagonasan, muqaddas Vatan!" loyihasi yangi iste’dodlarni xalqimizga taqdim etmoqda.

Matbuot anjumanida vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar xususida ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 281






Все о погоде - Pogoda.uz