Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 18:35 Chop etish versiyasi

Milliy kinematografiya rivojlanadi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 7-avgustdagi «Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori madaniyat va san’at, xususan, milliy kinematografiya sohasida ulkan voqea bo‘ldi.

Milliy matbuot markazida davlatimiz rahbarining uchrashuvda bildirgan fikr-mulohazalari hamda mazkur qaror ijrosi yuzasidan soha xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

«O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori O.Musayev va boshqalar Prezidentimizning uchrashuvdagi ma’ruzasi va qarori ijrosini ta’minlash soha xodimlariga bildirilgan ishonch va yuksak mas’uliyat ekanligini ta’kidladi. Xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirishda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kino san’atining rolini oshirish dolzarb vazifalardandir.

Qarorda milliy kinematografiya sohasining me’yoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish, sohada faoliyat ko‘rsatayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, kinematografiya obyektlarini to‘liq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirishning barcha yo‘nalishlari qamrab olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, agentlik tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida davlat buyurtmasi asosida 10 badiiy, 5 multiplikatsion film ishlab chiqarildi. «Zumrasha» bolalar yumoristik kinojurnalining to‘rtinchi soni suratga olinmoqda. 13 hujjatli va ilmiy-ommabop film tayyor holatda. 15 hujjatli filmni suratga olish ishlari boshlangan. Zulfiqor Musoqovning «Dadam betob», Rixsivoy Muhammadjonovning «Isnod» badiiy filmlarining taqdimoti o‘tkazilgan.

Joriy yilning noyabrida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilayotgan yosh kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar III respublika festivaliga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Unda 35 yoshga to‘lmagan kinoijodkorlar so‘nggi ikki yil mobaynida suratga olgan ijodiy ishlari bilan qatnashishlari mumkin.

Tadbirda kinematografiyani rivojlantirishning keyingi besh yillikdagi dasturi tasdiqlangani qayd etildi. Xalqimizning boy ma’naviy merosini va buyuk ajodlarimiz hayotini aks ettiruvchi nodir asarlar, zamonamiz qahramonlarini yaratish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga soha xodimlari javob berdi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 612






Все о погоде - Pogoda.uz