Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.02.2017 18:36 Chop etish versiyasi

Jizzaxda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” deb nomlangan do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi

Jizzaxda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” deb nomlangan do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi Jizzaxda Respublika Baynalmilal madaniyat markazining 25-yilligiga bag‘ishlab “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” deb nomlangan do‘stlik festivali bo‘lib o‘tdi.

Viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar, diniy jamoalar, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan festivalda Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan milliy madaniy markazlar mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlandi.

Bugungi kunda viloyatda 30 dan ortiq millat vakillari ahil-inoq istiqomat qilmoqda. Rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, koreys, tatar milliy madaniy markazlari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Festival ishtirokchilari millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda erishilayotgan yutuqlar haqida to‘xtalar ekan, uning asosida mamlakatimizda tili, diniy e’tiqodi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, barcha millatlar emin-erkin, ahillikda yashashi uchun davlatimiz tomonidan zarur sharoit yaratilganini alohida ta’kidladi.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyovning farmoniga muvofiq, Respublika Baynalmilal madaniyat markazining 25-yilligi munosabati bilan bir guruh faollar qatorida men ham Vatanimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganimdan qalbim cheksiz quvonch va iftixorga to‘ldi, – deydi viloyat koreys milliy madaniy markazi raisi Oleg Kim. – Bu mukofotni shu yurtni ardoqlab yashayotgan, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan barcha millatdoshlarimga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak ishonch va ehtirom ifodasi, deb bilaman. Biz bu ishonchga munosib bo‘lish, yoshlarni O‘zbekistonimizga sodiq farzandlar etib tarbiyalash yo‘lida kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Tadbir doirasida viloyat milliy madaniy markazlari tomonidan amaliy san’at va xalq badiiy hunarmandligi, turli tillardagi tarixiy, badiiy, publitsistik kitoblar ko‘rgazmalari namoyish etildi.

Viloyat milliy madaniy markazlari badiiy jamoalari va taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda Jizzax viloyati hokimi U.Uzoqov so‘zga chiqdi.

Toshqul Beknazarov, Sherzod Nazarov (surat), O‘zA
733






Все о погоде - Pogoda.uz