O‘zA O`zbek

01.10.2019 Chop etish versiyasi

Men ham bitta Oʻzbekistonman

Men ham bitta Oʻzbekistonman
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Men ham bitta Oʻzbekistonman

Vatan, mening yurak iplarim
Bilib boʻlmas samoviy qudrat,
Samoviy bir ishonch tufayli
Yuragimga bogʻlangan faqat.

Yashayapman oromdan kechib,
Lahzalarni rangga boʻyab man.
Bedor tunlar farahin ichib,
Suratingni chizgayman, Vatan.

Kuylarimga esh boʻlib siymong,
Dil tubidan chiqar otilib.
Har satrimdan kulib turgay tong,
Yurtim, yursam senga topinib.

Faxri baland, mehri tuganmas
Bagʻringda bir mitti insonman.
Tuprogʻingda ulgʻaydimmi, bas,
Men ham bitta Oʻzbekistonman!


Uygʻonishdan oʻzga tolye izlama

Ogʻochlar gulladi, ochun uygʻondi,
Olislar uygʻondi, yaqin uygʻondi,
Tovushlar uygʻondi, sokin uygʻondi,
Yomgʻir, guldiraklar, chaqin uygʻondi,
Qani, endi sen ham, ey qalb, uygʻongin!

Odamsan, umringni chiqarma yoʻqqa,
Qara, giyohlar ham oʻsarlar tikka,
Quyoshni sogʻinib talpinsa koʻkka,
Sabolar uygʻongan, shamol uygʻongan,
Tabiat – isyonkor ayol uygʻongan.

Uygʻonishdan oʻzga izlama tolye,
Faqat uygʻonishda baxtu kamoling,
Bahor sening emas, Yerning iqboli.
Tiriklik atalmish sarbon uygʻongan,
Daqiqa, kun, oylar – karvon uygʻongan.

Bahorga guldirak, chaqmoq ne darkor?
Tabiatga yashil soʻqmoq ne darkor?
Ey qalb, asli senga saboq ne darkor?
Tovushlar, imolar – darak uygʻongan,
Soʻroqlar, javoblar kerak – uygʻongan.

Chori AVAZ, shoir.

662
OʻzA