O‘zA O`zbek

19.02.2019 Chop etish versiyasi

Markazning 20 yilligi nishonlandi

Markazning 20 yilligi nishonlandi

Toshkent viloyatida Yangiyoʻl tuman tatar milliy madaniy markazi tashkil etilganining 20 yilligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi elchixonasi, viloyat hokimligi masʼullari, viloyatdagi milliy madaniy markazlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda millatlararo totuvlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini koʻz qorachigʻidek asrashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. Bosh qomusimizda fuqarolarning millati, dini, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar, teng huquqli etib belgilab qoʻyilgani yurtimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat, 16 diniy konfessiya vakillarining ahil-inoq, totuv va bir oiladek yashashiga mustahkam zamin yaratmoqda.

– Markazimiz tashkil etilgan kunni har yili keng nishonlaymiz, – deydi Yangiyoʻl tuman tatar milliy madaniy markazi rahbari, “Doʻstlik” ordeni sohibasi Anisa Gataulina. – Bizning tuman va shahrimizda 5 mingga yaqin tatar millatiga mansub fuqarolar emin-erkin yashab kelmoqda. Oʻzbekiston bizning haqiqiy uyimiz, aziz Vatanimizdir. Farzandu nabiralarimiz ham shu yerda oʻqib, oila qurib, yurtimiz ravnaqi uchun mehnat qilmoqda. Biz bundan juda baxtiyormiz!

Tadbir doirasida mehmonlar uchun tatar milliy taomlari bilan bezatilgan toʻkin dasturxon yozilib, konsert dasturi namoyish etildi.

3 104
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA