Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 14:45 Chop etish versiyasi

Marg‘ilonda “Atlas bayrami” festivali boshlandi

Marg‘ilonda “Atlas bayrami” uchinchi festivalining tantanali ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Yurtimiz hunarmandlari namoyish etayotgan mahsulotlar, ayniqsa, xorijliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish, atlas, adras, zardo‘zlik va kashtachilik singari milliy mahsulotlarimizni keng targ‘ib etishda ushbu an’anaviy festivalning ahamiyati katta. YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «Hunarmand» uyushmasi, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bu yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Tomchidek dur minglab harsang toshlardan qimmat bo‘lganidek, hunarmandlarimiz yaratgan atlas va adraslar ham ko‘plab matolardan qadrliroq. Tarixi miloddan avvalgi davrlarga borib taqaladigan atlas to‘qish san’ati mustaqillik yillarida jadal rivojlanmoqda. Marg‘ilon hunarmandlari yaratgan gilamlar, ipak matolar, zargarlik va zardo‘zlik buyumlari, sopol idishlar dunyoning turli mamlakatlaridan keladigan sayyohlarni hayratga soladi.

Mamlakatimizda usta-hunarmandlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ularga turli imtiyoz va imkoniyatlar berilayotgani milliy hunarmandligimizning ajralmas qismi bo‘lgan atlaschilikda ham yangi davrni boshlab berdi. Hunarmandlar faoliyatini rag‘batlantirish, ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirish va kengaytirish orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

Marg‘ilon matolarining xomashyosi, bezagi va to‘qilishiga ko‘ra bir-biridan farq qiladigan o‘nlab turlari mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, bundan bir necha yil avval atlasning “qora atlas”, “bargi karam”, “chaqirim”, “nomozshomgul”, “Shaxmat”, “Qora ko‘zim” turlari bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning tur va nomlari yanada ko‘paygan. Misol uchun, atlas va adrasning “Marg‘ilon”, “Navro‘z”, “Rasadxona”, “Bibixonim” “Nog‘ora”, “Kiprik”, “Qirolicha”, “Panja”, “Kelinchak” kabi o‘nlab turlari yaratilgan. Ular to‘rt tepkili va sakkiz tepkili dastgohda to‘qiladi. Mahsulot tayyor bo‘lguncha o‘ttizdan ortiq jarayondan o‘tadi. Shu bilan birga, hunarmandlar qadimiy dastgoh turlarini tiklash ustida ishlamoqda.

– Marg‘ilonning adrasu atlaslari butun dunyoda mashhur bo‘lib, ulardan tikilgan kiyimlar har qanday kishini maftun etadi, – deydi marg‘ilonlik hunarmand Hilola Mamasiddiqova. – Ipak matolar orasida eng talabgori adras va xonatlasdir. Ularning o‘ziga xosligi shundaki, bezak va gullar matoga emas, balki o‘rish ipining o‘ziga chiziladi. E’tiborlisi, barcha rang tabiiy usulda, bo‘yoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular yillar o‘tsa-da, o‘z sifatini yo‘qotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi.

Festivalning ochilish marosimida YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Badarch Dendev, “Hunarmand” uyushmasi raisi Akobir Hakimov va boshqalar mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, milliy hunarmandlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

Festival doirasida yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida atlas va adras matolari bezagi bo‘yicha mahorat saboqlari, “O‘zbekiston an’anaviy gilamchilik san’ati”, “Markaziy Osiyo matolari” O‘zbekiston hunarmandchilik ko‘rgazmalari tashkil etildi. O‘zbekiston modelyerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, askiyachilar va dorbozlarning chiqishlari, “Devzira” osh tanlovi ham o‘tkazildi. “Markaziy Osiyo xalqlari an’anaviy matolari va barqaror rivojlanishi” mavzusidagi xalqaro anjumanda milliy hunarmandligimizning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy matolar haqida so‘z yuritildi.

Folklor jamoalari, taniqli san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 346






Все о погоде - Pogoda.uz