Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 17:47 Chop etish versiyasi

Mangu barhayot siymo

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavalludining 576-yilligiga bag‘ishlab "Alisher Navoiy ijodi – milliy ma’naviy xazinamiz durdonasi" mavzuida videomuloqot tashkil etildi. Unda adabiyotshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda jahon madaniyati, ilm-fani, ma’rifati ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash, ulardan yoshlarni bahramand etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Butun insoniyat milliy adabiyotimizning benazir siymosi bo‘lgan Alisher Navoiy dahosiga chuqur hurmat va ehtirom bilan qaraydi. Bu buyuk zotni anglash, uning falsafiy-axloqiy, madaniy-ma’rifiy mushohadalarga boy asarlarini o‘qish va tushunish har bir inson uchun ulkan saodatdir.

– Bugungi globallashuv jarayonida Navoiyning insoniy barkamollik, odob-axloq, beg‘ubor va pokiza tuyg‘ular ulug‘langan asarlari har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professori Hamidullo Boltaboyev. – Shu bois ulug‘ shoirning ijod namunalari jahon xalqlarining ko‘plab tillariga tarjima qilinib, keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Bugungi tadbirda mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim dargohlarining o‘qituvchi va talabalari navoiyshunos olimlar bilan videomuloqot o‘rnatdi. Maqsad yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ongu tafakkuriga ezgulik urug‘ini sochish, ta’lim-tarbiya jarayonining sifat va samaradorligini oshirish, Navoiy ijodidan yoshlarni ko‘proq bahramand etishdan iboratdir.

Videomuloqotda buyuk bobokalonimiz o‘z asarlarida ulug‘lagan el-yurt ravnaqi, obodligi, osuda va farovon hayot, jamiyatdagi barqarorlik, o‘zaro totuvlik va ahillik, mehr-oqibat muhitini asrab-avaylashdek ezgu g‘oyalar bugungi jamiyatimiz hayoti, yurtimizda kechayotgan izchil islohotlarga hamohang ekanligi aytildi.

Navoiy g‘azallari bilan kuylangan qo‘shiqlar tadbirga yanada zavq bag‘ishladi. Ulug‘ shoirimiz ijodiga oid ma’ruzalar tinglandi, asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish qilinib, mushoira va bahru bayt o‘tkazildi.

Azima Qiyosova, O‘zA
3 892






Все о погоде - Pogoda.uz