Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.09.2017 17:07 Chop etish versiyasi

Madaniy merosimiz – ma’naviy boyligimiz

Madaniy merosimiz – ma’naviy boyligimiz Yakka tartibdagi tadbirkor Dmitriy Inyushevni Surxondaryo viloyatida ko‘pchilik yaxshi biladi. Mana, qariyb o‘n yildirki, u qadimgi milliy liboslar, kashta, gilam, zeb-ziynat va zardo‘zlik buyumlarini qayta tiklash, ko‘hna bu yurtning o‘ziga xos urf-odat va an’analarini, etnografik boyliklarini keng targ‘ib etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Go‘zal qadriyatlarga boy Jarqo‘rg‘on tumanida unib-o‘sgan Dmitriyni hali bolaligidayoq ko‘hna bu yurtning milliy liboslari, nafis taqinchoq va boshqa hunarmandlik buyumlari o‘ziga maftun etgan edi. Bu qiziqish uni milliy urf-odatlarni, hunarmandlik an’analarini puxta o‘rganishga undadi. Mamlakatimizda hunarmandlar mehnati qadrlanib, ular faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani yosh Dmitriyning qiziqishlarini qat’iy maqsadga aylantirdi. Chevar momolardan qadimiy kiyimlarni bichish, kashta tikish, gilam to‘qish, turli zeb-ziynat yasash sirlarini o‘rgandi. Ikki yil muqaddam “Sarmangan” folklor-etnografik guruhini tashkil etib, 18 nafar iste’dodli yigit-qizni qadimgi milliy liboslar, rang-barang zeb-ziynat va musiqa asboblari bilan ta’minladi. Turli tadbirlarda guruh namoyish etayotgan dasturlar barchaga manzur bo‘lmoqda.

– Xalqimizning betakror qadriyat va an’analarini o‘rganish, tiklash va targ‘ib etishni shu muqaddas yurt farzandi sifatida o‘zimning burchim, deb bilaman, – deydi Dmitriy Inyushev. – Ayniqsa, ayollarimizning bosh kiyimlari, egnidagi libosi-yu, taqinchoqlari, yigitlarning o‘ziga yarashiqli to‘n va do‘ppilari, nuroniylarning yaktak va sallasi tabiat manzaralariga uyg‘unligi bilan har qanday kishida havas uyg‘otadi. Men tayyorlagan dastlabki mahsulotlar chakki chiqmagan. Xaridorlar ham tumanning o‘zidan topila qolgan. Madaniyat maskanlari, ta’lim muassasalari, hatto ayollarning o‘zi buyurtma bergan. Ishimiz yo‘lga tushib olgach, mahallaning chevar xotin-qizlarini taklif etdim. Mamlakatimizda milliy hunarmandlik rivojiga alohida e’tibor qaratilib, keng imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqda. Bu bizni yanada izlanishga, ko‘proq ishlashga undamoqda. Folklor-etnografik guruhimiz repertuari san’at ixlosmandlariga manzur bo‘layotganidan xursandmiz.

2 (6).jpg

O‘zbek milliy hunarmandchiligi va folklor-etnografik san’atini ulug‘layotgan Dmitriyga bu ishlarda 40 ga yaqin shogirdi yelkadosh. Mahsulotlar turi ham 100 ga yaqinlashib qolgan. Ayni paytda u vohada istiqomat qilayotgan turkman va tojik xalqlariga xos qadimgi milliy liboslar, gilam va boshqa to‘quvchilik buyumlarini ham tayyorlab, mahsulot turini yanada ko‘paytirmoqda.

Mohir hunarmandning ishlari turli tanlov, festival va ko‘rgazmalarda muxlisu mutaxassislar e’tiborini tortib, munosib e’tirof etilayotir. Xususan, mustaqilligimizning 20-yilligiga bag‘ishlab viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil etgan “Milliy liboslar” ko‘rik-tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladi. Joriy yilda esa “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng yaxshi hunarmandi” yo‘nalishida g‘oliblikka sazovor bo‘ldi. Poytaxtimizda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan Toshkent Xalqaro sayyohlik yarmarkasi, “Mustaqil yurt hunarmandlari” ko‘rgazma-savdosi, “Boysun bahori” festivali kabi nufuzli tadbirlarda ham uning izlanish va iste’dodiga yuqori baho berilgan. Ayni paytda tuman va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan turli bayram tadbirlariga Dmitriy va uning shogirdlari tayyorlagan qadimiy uslubdagi nafis liboslar, do‘ppi, quroq, so‘zana, zardevor, taqinchoq va boshqa buyumlar o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlayotir. Hunarmand tashkil etayotgan ko‘rgazmalarda faqat surxon vohasiga xos ayollar zeb-ziynati – tomaqlov, urpiya, gulband, laqayka kabi o‘ndan ortiq noyob turlar bilan yaqindan tanishish mumkin.

Milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishni o‘z hayoti mazmuniga aylantirgan Dmitriy o‘zbek qizi Nazokat bilan oila qurgan. Bir o‘g‘ilni tarbiyalab, ulg‘aytirmoqda. To‘quvchilik va tikuvchilik sirlarini bolalikdan puxta o‘rgangan Nazokat ham Dmitriyga yaqin ko‘makchi.

Hunarmandlik – yuksak did, mehr va sabr-toqat talab etadigan mashaqqatli kasb. Inson qalbini sabru qanoatga, aql-zakovatini nafis harakatlarga bo‘ysindiradi. Qadimgi milliy libos va serjilo buyumlarimizga xorijda ham alohida qiziqish bilan qaralishining boisi shunda.

– Bugungi Surxondaryo hududi insoniyat ilk manzil tutgan maskanlardan biri. Binobarin, bu yerning o‘ziga xos boy madaniy merosi, folklori, etnografiyasi, tarixiy obidalarini keng targ‘ib etish orqali sayyohlar oqimini ko‘paytirish imkoniyati katta, deydi Dmitriy. – Masalan, yaqinda Italiya va Turkiyadan kelgan bir guruh sayyohlar zardo‘zlik buyumlari, janda matosidan tikilgan to‘n, shuningdek, do‘ppi va ayollar zeb-ziynatini hayrat va qiziqish bilan tomosha qilishdi, sotib olishdi. Ko‘p hollarda xorijlik sayyohlar buyumlarning yaratilish jarayoni bilan tanishish istagini bilidirishadi. Biz buni bajonidil bajaramiz. Biroq, barcha xohlovchilarga ham ish jarayonini to‘liq namoyish etishga sharoit yetarli emas. Shuning uchun Jarqo‘rg‘on minorasi yonida etnografik markaz tashkil etilsa, ayni muddao bo‘lur edi. Ushbu markazda turli mahsulotlar savdosini yo‘lga qo‘yish, qadimiy buyum va osori-atiqalar muzeyi tashkil etish mumkin. Bu nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyoning turli mintaqalaridan keladigan sayyohlarning milliy folklor-etnografik san’atimizdan bahramand bo‘lishi bilan birga, madaniy hordiq chiqarishiga ham imkoniyat yaratadi. Milliy me’morchilik san’atimiz durdonalaridan bo‘lgan Jarqo‘rg‘on minorasi atrofi ham yanada ko‘rkam va serfayz go‘shaga aylanadi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA
1 252






Все о погоде - Pogoda.uz