O‘zA O`zbek

25.07.2019 Chop etish versiyasi

Madaniy meros obyektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, davlat kadastriga kiritildi

Madaniy meros obyektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, davlat kadastriga kiritildi

Oʻzbekiston xalqining umummilliy boyligi hisoblanadigan madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va undan foydalanish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, ayrim, ayniqsa, chekka hududlardagi meʼmoriy obidalarning qarovsiz holatda ekani haqida aholi tomonidan asosli eʼtirozlar boʻlgan. Obidalarning eʼtibordan chetda qolishiga esa ularning moddiy madaniy meros obyektlari sifatida davlat kadastriga kiritilmaganligi sabab boʻlib kelgan.

2018-2019-yillarda respublikamizdagi barcha moddiy madaniy meros obyektlari toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, hozirgi kundagi holati oʻrganib chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunining 12-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-iyuldagi tegishli qarorining ilovasi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi “Moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastrini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha “Moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritilgan moddiy madaniy obyektlarining yangilangan roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi.

Respublikamizdagi barcha tarixiy-madaniy qiymatga ega boʻlgan obyektlar moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritilib, obyektlarning yangilangan roʻyxati tasdiqlandi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad hududlardagi mavjud moddiy madaniy meros obyektlarini xatlovdan oʻtkazish orqali tarixiy obidalarni qayta tiklash, qadimiy qadamjolarning holatini yaxshilash, yoʻqolib ketish arafasida turgan obyektlarni saqlab qolish va buning natijasida respublikamizda turizm salohiyatini yanada yaxshilashga erishishdan iborat.

Moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritilgan obyektlar “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun bilan muhofaza etiladi.

2 576
N.USMONOVA, OʻzA