Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.03.2017 18:00 Chop etish versiyasi

Madaniy meros obyektlari – tariximiz ko‘zgusi

Urganchda xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Mamlakatimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid mustahkam huquqiy asos yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”, “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”, “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunlari hamda Prezidentimizning tegishli farmon va qarorlari sohadagi munosabatlarni tartibga solishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Xorazm viloyati hududida turli davr va sivilizatsiyalarga oid 4 turdagi 245 moddiy madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan. Ularning 17 tasi arxeologiya yodgorligi, 134 tasi arxitektura yodgorligi, 88 tasi monumental san’at yodgorligi, 6 tasi diqqatga sazovor joylardir. Xiva shahridagi Ichan-qal’a tarixiy-me’moriy majmuasi YuNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

– Mamlakatimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish borasida samarali ishlar olib borilmoqda, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashining ijtimoiy-madaniy rivojlanish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi R.Soburov. – Bunda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ularni qayta ta’mirlash-tiklash, madaniy meros obyektlarini imkon qadar asl ko‘rinishida asrashni ta’minlash va ularni umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Viloyatda 187 madaniy meros obyekti mavjud bo‘lib, ulardan faqat 24 tasining kadastr hujjati rasmiylashtirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ta’mirlash ishlariga davlat byudjeti hamda grant mablag‘lari hisobidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadsiz ishlatilishi, davlat mulkini ijaraga berish masalalarida turli qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Bu hali sohada qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar ko‘pligidan dalolatdir.

Doimiy komissiya majlisida muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlarining axboroti tinglandi. Qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, ularning natijadorligiga erishish yuzasidan fikr almashildi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
438






Все о погоде - Pogoda.uz