O‘zA O`zbek

30.10.2019 Chop etish versiyasi

Ma’rifat haftaligi

Ma’rifat haftaligi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB UZBEKISTAN – 2019” VIII milliy axborot-kutubxona haftaligi qiziqarli va rang-barang tadbirlarga boy bo‘lmoqda. 

"Axborot-kutubxona markazlari nodir fondlarini saqlash va ta’mirlash: muammo va yechimlar” mavzuidagi seminarda axborot-kutubxona, axborot-resurs markazlarining nodir fondlari bilan ishlovchi xodimlarga, muzey, arxiv mutaxassislariga tarixiy yodgorliklarni hujjatlashtirish, saqlash, konservatsiya va restavratsiya qilish, ulardan to‘g‘ri foydalanishni tashkil etish haqida tushuncha berildi. 

Kutubxona sohasi xodimlari uchun tashkil etilgan yana bir o‘quv- seminarda UZNEL axborot tizimi mutaxassislari “Kataloglashtirish” modulida maqolalarni kiritish tartibi bilan tanishdi, shuningdek, hujjatlarni bibliografik tavsiflash yuzasidan batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. 

"Kutubxonada nasr, nazm va navo kechasi" nomli turkum adabiy tadbirlarda mutafakkir shoir bobolarimiz ijodi haqida so‘z yuritildi, bugungi kunda milliy adabiyot maydonida faol ijod qilayotgan shoirlar she’rlaridan namunalar o‘qildi.

Tunu kun 24 soat ishlaydigan Gyote institutining onlayn elektron kutubxonasi faoliyatiga bag‘ishlangan seminarda dunyoda kutubxonachilik sohasida erishilayotgan yutuqlar, sohadagi yangiliklar va kitobxonlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, yoshlar o‘rtasida mutolaaga bo‘lgan qiziqishni oshirishga mo‘ljallangan qator loyihalar xususida so‘z yuritildi. 

Haftalik doirasida “Axborot-kutubxona tahlili” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Tanlov axborot-kutubxona xizmatlari sifatini baholash, axborot-kutubxona fondi va elektron resurslar rivojlanishini o‘rganish va tahlil qilish maqsadida tashkil etildi.

Bu tanlov 6 oy mobaynida bosqichma-bosqich o‘tkazilgan bo‘lib, ishtirokchilar aholining barcha qatlamlarini axborot-kutubxona xizmati bilan qamrab olish, AKT asosida muassasalar faoliyatini faollashtirish, yangi axborot-kutubxona xizmatlari turlarini joriy qilish, kasbiy salohiyatini oshirish, sohadagi muammolarni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha taklif va tavsiyalarini ilgari surdi. 

Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘ringa loyiq topilgan Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazi kitob sotib olish uchun 60 million so‘mlik sertifikat bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan Andijon viloyati axborot-kutubxona markaziga 40 million so‘mlik, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Navoiy viloyati axborot-kutubxona markaziga 20 million so‘mlik sertifikat topshirildi. 

1 060
Nazokat USMONOVA, O‘zA