Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 17:15 Chop etish versiyasi

Ma’naviyat olamida jaholatga o‘rin yo‘q

Mustabid tuzum davrida elimiz musulmonlarining ahvoli boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Ateizm kuchayib, diniy muassasalar faoliyati deyarli to‘xtatildi, aksariyati vayron qilindi, dindorlar quvg‘inga uchradi, otildi, osildi. Masjidlar peshtoqiga qizil bayroq, sho‘rolar dohiylari suratlari osilgan araq-vino ombori, ustaxona va idoralarga aylantirildi.

Munavvarxon Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosir singari yuzlab adabiyot, san’at, fan arboblari qatorida fizika va kimyo sohasida ilk kitoblar yozgan, 1916 yilda uchuvchisiz samolyot yasab osmonga ko‘targan bobom, eksperimental fizika bo‘yicha professor Husaynxon Niyoziy 1937 yilda milliy ozodlik harakati rahbariyati va eshonlar avlodiga mansubligi uchun otib tashlandi.

Sobiq markazning zug‘umi ostida mahalliy malikalar tizginida yurgan rahbarlar tomonidan yaqini o‘lsa janoza o‘qitish, masjidga qatnash, diniy kitob o‘qish og‘ir jinoyat bilan tenglashtirildi. Oqibatda oqil va solih odamlar hukumatdan bezdi.

Bugun tinch va osoyishta mamlakatimizdan farqli o‘laroq, Afg‘oniston, Liviya, Iroq, Suriya, Yaman singari davlatlarda ahvol yanada keskinlashdi. Bu mintaqalardagi g‘oyaviy tarqoqlik, ma’naviy tubanlik, guruhbozlik, johillik singari salbiy illatlar tufayli birodarkushlik urushlari avj oldi, millionlab begunoh aholi, bolalar va ayollar nobud bo‘ldi, jahon tamadduni markazi bo‘lgan muqaddas shaharlar xarobaga aylandi. Afsuski, bu mamlakatlarda hamon notinchlik hukm surmoqda.

Ana shunday ayanchli ziddiyatlar, qon to‘kishlar, jahonni larzaga solgan falokatlarning tomir otishiga yo‘l qo‘ymaslik, bu yo‘lda noaniq har bir holatga chek qo‘yish, muqaddas islom dinining asl mohiyati, sofligini, jamiyatdagi o‘rnini asrash va buni nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon jamoatchiligiga yetkazish, jamiyatimizda yangi ma’naviy muhitni shakllantirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida islom dinining asl mohiyati haqidagi fikrlari, takliflari millionlab musulmonlarning manfaatlariga mushtarak, ro‘parada turgan katta xatarlarni oldini olish maqsadida ko‘targan beqiyos ulkan tashabbuslari uzoq xorijiy davlatlar ziyolilari va ulamolari qalbida yuksak faxr uyg‘otdi.

Prezidentimizning chet davlatlarga safarlarida yo‘ldosh bo‘layotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, yuksak ilm sohibi Shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Islom akademiyasining rektori, akademik Ne’matulla Ibrohimov kabi ulamolarimiz islom olamida obro‘li sanalib, dinimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 1943 yildan to 1989 yilgacha O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari boshqarmasi raisi va muftiy martabasida turgan Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon hazratlari, uning farzandi, Al-Azhar ta’limini olib, kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilgan Ziyoviddinxon eshon va bu zotning o‘g‘li Shamsiddinxon Boboxonovning xalq vakillari va davlat rahbarlari bilan muloqotlarda orttirgan tajribasini, muomala mahorati va tinchliksevar faoliyatini vorislik tariqasida davom ettirayotganlari yakdillik bilan e’tirof etilmoqda.

Ayniqsa, shu paytgacha ahvolni sog‘lomlashtirishga olib kelmagan bir tomonlama agressiv uslublar, jumladan, masjidga borgan, diniy adabiyot o‘qigan, islomiy ta’lim olayotganlarni qamoqqa olish, qora ro‘yxatga kiritib, dushmanga aylantirish amaliyoti davlat rahbari tomonidan tanqid ostiga olingani minnatdor yurtdoshlarimizning qalbida mamnunlik va g‘urur tuyg‘ularini jo‘sh urdirib, ahilligini oshirib yubordi.

Kitob javonimdagi siyosatshunoslik va diplomatiya sohasida serqirra faoliyati davomida barakali tajriba orttirgan, qolaversa, O‘zbekistonimiz tarixida birinchi marta xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy aloqalarini shakllantirishda Birinchi Prezidentimizga yaqindan turib yordam qilgan yirik davlat arbobi, taniqli diplomat, Moskva va Seul davlat universitetlari professori Saidmuxtor Saidqosimovning nazariy-ilmiy-amaliy qarashlarini izhor etgan “Ulug‘ insonlar ma’naviyati” nomli kitobi yuqorida ko‘tarilgan bir qancha masalalarga aniqlik va oydinlik kiritgani bilan qimmatlidir.

Mutolaaga sho‘ng‘igan o‘quvchining ko‘z o‘ngida ulkan ma’naviy-ruhiy saroy, charaqlab turgan obod qasr paydo bo‘ladi, go‘yo. Bu muqaddas dargohda yurtimizda o‘sib ulg‘aygan, osmondagi yulduzlar sonidek behisob avliyolar, jumladan, uch muftiy bobomizning islom dinining tinchlik va kelajak dini ekanini dunyo ahliga ishonarli misollar orqali yetkazayotgan, aksariyat taqvodorlar ulardan yo‘l-yo‘riq, fatvo olish niyatida navbat kutayotgan holatda uchratib, uning ko‘ksini ulug‘vorlik va xotirjamlik tuyg‘ulari qamrab oladi.

Kitobda, shuningdek, sho‘rolarning tazyiqi kuchaygan davrda xalqni ahillik, islom dini qadriyatlariga sadoqatli bo‘lish, ibodatlarni o‘z vaqtida ado etishga chaqirish, shuningdek, ziyoli, ma’naviyatli, tinchliksevar, adolatli, vatanparvar, saxovatli musulmonlar Yaratganning dargohida ulug‘ ajrga ega bo‘lishi haqidagi bebaho asarlar yaratish nasib qilgan, hujjatlar, fotosuratlar, o‘sha zamonning talato‘plari guvohi bo‘lgan azizlarning xotiralari orqali siymosi ishonarli tasvirlangan buyuk uch muftiyning serqirra faoliyati kishi havasini keltiradi, qalbni g‘urur va faxrga to‘ldiradi.

Ular musulmonlarning haq-huquqini himoya qilish, birligini ta’minlash, masjidlarni tiklash va ta’mirlash, namozxonlarga sharoit yaratish, sobiq ittifoq miqyosida imomlar tayyorlashdek o‘ta mashaqqatli, nazokatli va dono faoliyati yuksak darajasida e’tirof etilmoqda, deyiladi asarda.

Din arboblarining muqaddas Qur’on ahkomlarini dindorlar orasida yoyish, mintaqada va dunyoda musulmonlarning har turli oqimlar va mazhablarga bo‘linishining oldini olish bo‘yicha olib borgan beqiyos harakatlari yuqori baholanadi.

Kitobda asosiy urg‘u qaratilgan sulolaning uchinchisi – Shayx Shamsuddinxonning muftiylikka tayyorlanishi, bobosi va otasi qo‘lida, buvisi va onasi boshchiligidagi oila muhitida savob chiqargan bo‘lsa-da, uning oldida boshqa imkoniyatlar va sinovlar paydo bo‘ldi. Sho‘rolar qilichini yalang‘ochlab, masjidlarga qarshi siyosat avjga chiqqan kezlarda u Al-Azhar universitetida betakror va chuqur diniy bilim oldi. Ustoz – otangdan ulug‘, degan maqolni bu inson o‘z umrida yana bir karra tasdiqladi.

Muftiylarning jahonda mashhur arboblar va olimlarning havasi keladigan ustozlar ta’sirida orzumandlarga ibrat bo‘lishga arziydigan tarbiya olgani, ilmga, mehnatga chanqoqligi, ayniqsa, san’at, adabiyot va fan arboblari bilan bo‘lib o‘tadigan suhbatlar va muloqotlarda sayqallangan yuksak o‘zbekona muomalasi, Vatani va xalqiga sadoqati, diplomatik layoqati, siyosiy salohiyati va malakaviy tajribasi islom dinini targ‘ib qilish bo‘yicha sho‘rolar hokimiyatining oliy darajadagi rahbarlari, 30 ga yaqin islomiy mamlakatlarning davlat va jamoat arboblari bilan ko‘p marta benuqson muzokaralar olib borgani va muqim ijobiy baho olganlari hujjatli dalillar bilan ishonarli ochib berilgan.

Shoyadki, ota-onalar ularga havas qilib farzandlarini munosib tarbiyalasa, ilm olishning zahmatini chekib, baland darajalarga ko‘tarilishi uchun ma’naviy zamin yaratsa.

Bundan Muftiy va Elchi lavozimiga nomzod nasl-nasabi toza, musulmonlik e’tiqodi mahkam ushlanadigan azizlar oilasi tarbiyasi, nafaqat oliy ta’lim, balki, eng nufuzli xorijiy universitetlar sabog‘ini olgan, arab va fors tillarini mukammal biladigan, mutlaq quvvai hofiza va zehn, olmosdek toza suvrat va siyrat, tabiiy xislat va fazilatlar sohibi bo‘lmog‘i shart ekan, degan xulosa chiqadi. Buni bilib qo‘yish foydadan xoli emas.

Misrdek arab dunyosida yetakchi davlatga yuborilgan O‘zbekiston Respublikasining birinchi Favqulodda va muxtor elchisi vazifasiga Shamsiddin aka bejiz tanlanmagan ko‘rinadi. Islom Karimovdek talabchan Birinchi Prezidentimiz nazarimda uning Toshkent Chet tillari instituti, Moskvadagi Sharqshunoslik instituti aspiranturasi, Qohira universiteti va Al-Azhar universitetida ta’lim olganini, Islom instituti rektori, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari boshqarmasi raisi va muftiysi lavozimida benuqson ishlagani, mehridaryo halol insonligi, kuchli analitik qobiliyati, murakkab vaziyatlarda davlatlar rahbarlari, diniy va fan arboblari bilan mohirona muzokaralar olib borish layoqati va vataniga sodiqligi, qolaversa, bir necha tillarni, xususan arab tilini mukammal bilishini, 1960 yillarda Mirs Arab Respublikasi Prezidenti Jamol Abdul Nosirga mahorat bilan tarjimonlik qilganini ham inobatga olgani tasvirlangani asarning yutug‘i.

Hayotda benihoya irodali, keng fikrlovchi, tushkunlik kayfiyatidan yiroq, havas qilsa arziydigan quvvai hofiza, chuqur diplomatik tajriba sohibi bo‘lib tanilgan Shamsiddinxon aka keyinchalik Saudiya Qirolligi, Iordaniya, Bahrayn, Jazoir va Quvayt singari yirik arab mamlakatlarida ham davlatimiz elchisi bo‘lib xizmat qildi va o‘z mamlakatining manfaatlarini himoya qilish borasida, yurtdoshlarining haj safarini amalga oshirishda benihoya katta xizmat ko‘rsatdi, O‘zbekiston degan nomni arab dunyosida yuksak ko‘tara oldi.

Muallif yana bir “oq dog‘”ni ko‘ngillardan o‘chiribdi. Aynan hazrat Shamsiddinxon eshon bevaqt vafot etgan Sharof Rashidovni musulmon udumlariga asosan dafn qilishda bosh-qosh bo‘lgani dalilini keltiribdi.

Asarning har sahifasida, xuddi real hayotda bo‘lgani kabi ma’naviy jasorat namunalariga duch kelamiz. Hech bir joyda muftiylar tomonidan adolat buzilgani, insonlarning haq-huquqi poymol qilingani haqida nojo‘ya voqea eshitmadik. Meni qattiq hayajonga solgan voqea, Shamsiddinxon Boboxonovning muftiylikdan bo‘shatilgani sabablari haqida gazeta orqali taniqli yozuvchi Abduqahhor Ibrohimovga bergan javobi bo‘ldi. Bu javobda na gina, na boshqani ayblash, gunohni o‘zgaga to‘nkarish notalari sezildi. Naqadar ulug‘vorlik, naqadar bag‘rikenglik, ummondek sabr-toqat.

Asarda, shuningdek, mustaqillik yillarida O‘zbekiston din arboblarining musulmon mamlakatlarda po‘kakdek kutilmaganda qalqib chiqayotgan va mislsiz qurbonlar va vayronalarga sabab bo‘layotgan o‘zaro nizolarni bartaraf etish, amalga oshirilayotgan urush va terrorchilik harakatlarida aslo ishtirok etmaslikni mamlakatimiz yoshlari ongiga singdirish yo‘nalishida, shu bilan bir qatorda boshqa din vakillari bilan birga ibratga sazovor xolis va do‘stona munosabatlari qo‘llab-quvvatlangan.

Ochig‘ini aytish kerak, taniqli xalqaro ekspertning O‘zbekiston e’lon qilgan islom dinining dunyo sivilizatsiyasidagi o‘rni va kelajakdagi ravnaqi haqidagi benihoya chuqur o‘ylangan rivojlanish strategiyasiga to‘liq hamohang ocherkida mamlakatimiz va mintaqa xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo‘lgan benihoya qaltis xavf-xatarlardan oqilona himoya qilish tadbirlari ilmiy-nazariy, siyosiy, diniy, iqtisodiy, huquqiy nuqtai nazardan mahorat bilan tahlil qilingan hamda tegishli manfaatdor organlar bu yo‘nalishda yakdillik bilan harakat qilishi maqsadga muvofiqligi zarurati ta’kidlangan.

“Islom dunyosidagi og‘ir siyosiy jarayonlarning g‘oyaviy sabablari islom dini mohiyatini turlicha talqin qilish, islom falsafasini inkor qilish, bu aslida insonparvar ta’limotga mutlaqo yot bo‘lgan keskinlik, ashaddiylik, murosasizlik, zo‘ravonlik, hattoki qotillik ruhini singdirishga bo‘layotgan tinimsiz harakatlar natijasida kelib chiqmoqda”, deyiladi asarda.

Demak, mavjud ahvolni tahlil qilish, mamlakat xavfsizligiga tahdid tug‘dirayotgan har qanday xavfning oldini olish uchun ko‘zga ilinmaydigan eng ko‘rimsiz va mayda omillarni ham e’tiborga olish shart ekan. Diniy niqob ostida oshirilayotgan xurujlarga qarshi kurashda bizga qalqon kerak.

Dushmanlarni ko‘paytirish o‘rniga, raqiblarni do‘stga aylantirish muhimligi, bunda qaysi tayanch nuqtalar, qaysi choralar mamlakatimiz musulmonlari manfaatlariga ko‘proq foydali bo‘lishi, ko‘pmillatli xalqimiz xavfsizligi uchun kafolot berishi, qolaversa, bir qator islom davlatlarida yuzaga kelgan siyosiy va diniy ziddiyatlar tufayli harakatga kelgan vulqonlarni tizginlash haqida e’tiborga molik tavsiyalar keltirilgani ocherkning foydalilik koeffitsiyentini yanada oshirgan. Qolaversa, xalqimiz nomini ardoqlab kelayotgan mashhur muftiylar sulolasi vakillari o‘sha davr siyosati va din o‘rtasidagi nozik muvozanatni mohirona saqlay olgani dalillar bilan ko‘rsatib berilgan.

O‘zlarining siyosiy va iqtisodiy ta’sirini kuchaytirish, ularning boshqaruvini o‘z ta’siriga olish maqsadida zo‘r berib qurollanayotgan qator islomiy davlatlarning ikkiyuzlamachilik siyosatiga pishang berib, dunyoni tahlikaga solayotgan ba’zi qudratli siyosiy kuchlarning o‘t bilan o‘ynashayotganini bizning yoshlarimiz juda teran anglamog‘i va bu yo‘lda o‘z vatanlari manfaatlari tarafida turmog‘i haqida hayajonli fikrlar yuritadi.

Asardan aholini, qolaversa, yoshlarni hozirgi axborot xuruji avj olgan davrda islom niqobi ostida yashiringan turli diniy oqimlar, azaldan mavjud din dushmanlari, xurofot, johiliyat, mazhablar o‘rtasidagi kelishmoqchiliklar va fanatiklarning tuzog‘iga qarshi munosib pozitsiyada turish, ayniqsa, bilib-bilmasdan ularning ta’siriga tushib qolmaslik bo‘yicha oldindan puxta ishlab chiqilgan tadbirlarni amalga oshirish haqidagi takliflar o‘rin olgani e’tiborga loyiq.

Mamlakatimiz aholisi endigina mustaqillik ne’matlaridan bahra olayotgan bir davrda o‘zlarini din homiylari, deb e’lon qilgan qora kuchlar va ularning vahshatli domiga tushgan, soxta avliyolarning aldoviga uchgan ayrim millatdosh manqurt yoshlar ba’zi davlat organlarining loqaydligi va e’tiborsizligi tufayli o‘z yurti va o‘zga mamlakatlarda jirkanch terrorchilik jinoyatlarini amalga oshirib O‘zbekistonning jahondagi obro‘sini to‘kkan har bir holatni zudlik bilan tahlil va muvozanatli xulosa qilishni taqozo etadi.

Diniy munosabatlar bilan birgalikda musulmon mamlakatlari bilan iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy masalalarini yoritish, jaholatga, muqaddas dinimizning ildizlariga bolta urish tarafdorlariga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida mavjud imkoniyatlar doirasida “Siyosiy maslahatchilar” institutini joriy qilish, “Nurafshon” umumrespublika gazetasi, jurnali va radiotelekanalini tashkil etish va ularga tajribali mutaxassislarni jalb qilish o‘zini to‘liq oqlaydi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

Ma’rifiy-ma’naviy, diniy jabhalarda faoliyat olib boradigan davlat va jamoat organlari uchun juda zarur ushbu qo‘llanma zamonaviy poligrafiya korxonalarida, ba’zi noaniq jumlalarni tuzatib, o‘zbek, rus, arab, pushtu, fors va ingliz tillarida nashr qilinishi ko‘p sonli mutaxassis va tadqiqotchilar kutayotgan voqea. Va nihoyat, mazkur kitob maktablar, kollejlar, litseylar, oliy o‘quv yurtlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining hududiy bo‘linmalari hamda qishloq va mahalla yig‘inlariga yetkazib berilishi, yoshlar o‘rtasidagi tashviqot ishlarda foydalanish imkonini yaratgan bo‘lardi.

Muhiddin Polvon,
adib, siyosatshunos

O‘zA
8 831