O‘zA O`zbek

13.03.2019 Chop etish versiyasi

Maʼnaviy ildizlar – saodat kaliti

Maʼnaviy ildizlar – saodat kaliti

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romani yangi nashri kitobxonlarga taqdim etildi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, akademiklar Toʻra Mirzayev, Baxtiyor Nazarov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali va boshqalar “Uch ildiz” romanining mazmun-mohiyati, gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

– Atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romani 1958 yilda chop etilib, necha oʻn yillar mobaynida qayta-qayta nashr etilgan va millionlab kitobxonlar qalbidan joy olgan edi, – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Meros komissiyasi masʼul kotibi Toʻlqin Eshbek. – 2010 yilda adib mazkur asarini zamonga payvasta holda tahrir qilib, yangi bir bob qoʻshdi. “Kamalak” nashriyotida lotin alifbosida chop etilgan mazkur romanda bugungi yoshlar uchun tushunarli boʻlishi uchun ayrim soʻzlarning izohlari ham berilgan.

Aytish joizki, mazkur roman talabalarga kitob oʻqish, dars tayyorlash masʼuliyati va madaniyatini, hayotda munosib oʻrnini topish yoʻllarini oʻrgatsa, oʻqituvchilarga oʻz ustida qanday ishlash, yosh ilm toliblari bilan qay tarzda munosabatda boʻlish borasida ham katta saboq beradi. Asarni qunt bilan mutolaa qilgan oʻquvchi XX asr oʻrtalarida yashagan avlodning bilim va saviyasi, ilm olishga intilishi, dunyoqarashi bilan oʻz zamondoshlarini qiyoslab koʻrish hamda xulosa chiqarish imkoniga ega boʻladi. Zotan, bu romanni teran nigoh ila oʻqiganlar maʼnan boyib, hayotda oqu qorani ajratishda, ezgulik yoʻlini tanlashda adashmaydilar.

– Romanning “Uch ildiz” deb nomlanishi zamirida yoshlarning kamolotga erishishida avvalo uchta maʼnaviy ildiz boʻlishi gʻoyasi yotibdi. Birinchisi, puxta bilim olish, ikkinchisi, haqiqiy inson boʻlish va uchinchi ildiz – muhabbatga asoslangan oila qurish. Har bir inson shu tariqa baxt-iqbolga erishishi mumkin, – deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi, tarixchi olim Abror Xidirov. – Bu roman voqealariga aynan bizning universitetimiz tarix fakultetida 1950-55 yillarda yuz bergan voqea-hodisalar asos qilib olingan. Oʻylaymanki, bugungi talaba-yoshlar romanni qunt bilan mutolaa qilib, avvalo, ana shunday maʼnaviy ildizlar otishga va baxtli yashashga intiladilar.

Adabiyotshunos olimlar, adiblar bu mavzuda talabalarni qiziqtirgan savollariga javob qaytardi.

4 872
Ozoda BЕKMURODOVA, OʻzA muxbiri