O‘zA O`zbek

16.04.2019 Chop etish versiyasi

Koreya Respublikasidan raqamli pianinolar olib kelinmoqda

Koreya Respublikasidan raqamli pianinolar olib kelinmoqda

Pianinoning ohanglari qalbni junbushga keltirib, oq va qora tugmalar orasidan sizib chiqayotgan kuy har qanday insonni sehrlab qoʻyadi. Pianino chalgan ham, uni tinglagan ham bir olam zavq oladi.

Prezidentimizning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga tashrifi doirasida “Booyoung Housing Co. LTD.” kompaniyasi bilan 2000 ta raqamli pianoni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalari uchun bepul yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangan edi.

Oʻtgan davr mobaynida viloyatlardagi bir nechta maktabgacha taʼlim muassasalari pianinolar bilan taʼminlandi. 

10.jpg

Bugun navbatdagi raqamli pianinolarni Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim va Xalq taʼlimi vazirligiga topshirish marosimi oʻtkazildi. Unda “Booyoung Housing Co. LTD.” kompaniyasi rahbarlari ham ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari, Oʻzbekistonda taʼlim sohasida olib borilayotgan oʻzgarishlar haqida fikr yuritdi.

Joriy yilning 19 mart kuni davlatimiz rahbari boshchiligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgan edi.

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi. Raqamli pianinolarning olib kelinishi bevosita birinchi tashabbusni amalga oshirish uchun xizmat qilishi shubhasiz.

– Oʻzbekistonga pianinolarni yigʻib berish va oʻquvchilarga oʻrgatish uchun keldim, – deydi Koreya Respublikasidagi “Samik” kompaniyasining savdo boʻyicha bosh menejeri, musiqachi Park Xuunil. – Ikki hafta davomida yurtingiz yoshlariga koreya xalq qoʻshiqlaridan oʻrgatdim. Ular juda iqtidorli. Ishonmanki, ular bu sohada eng yaxshi mutaxassis boʻlib yetishadi.

Tadbirda Toshkent pedagogika kolleji oʻquvchilari pianino chalib, xor jamoa koreys xalq qoʻshiqlarini ijro etdi. Maktabgacha taʼlim vazirligi hamkor tashkilotlarga esdalik sovgʻalarini topshirdi.

1 521
X.Qodirov, OʻzA