O‘zA O`zbek

09.01.2019 19:27 Chop etish versiyasi

Kitobxon askar – bilimdon askar

Toshkent viloyati Angren shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Vatanparvarlik oyligi doirasida tashkil etilgan muloqotda harbiy qism va muassasalar xizmatchilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Sarhadlarimiz daxlsizligi, yurtimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashda armiyaning oʻrni va ahamiyati beqiyos ekani taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda mamlakatimiz harbiy salohiyatini yanada mustahkamlash, mudofaa sanoati va harbiy taʼlimni rivojlantirish, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish, sohaga ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, harbiy xizmatchilarga munosib turmush sharoiti yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda Vatanparvarlik oyligi doirasida oʻtkazilgan “Kitobxon askar – bilimdon askar“ koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazilib, gʻoliblarga maxsus diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbir doirasida viloyat matbuot va axborot boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan kitoblar koʻrgazmasidagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, badiiy, tarixiy va falsafiy kitoblar harbiylarda katta qiziqish uygʻotdi.

Vatan, tinchlik va hurlikni madh etuvchi konsert dasturi hamda harbiylarning jang sanʼati chiqishlari namoyish etildi.



Avazbek Xudoyqulov, OʻzA
7 180