Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.02.2018 21:30 Chop etish versiyasi

Kitob – saodatga eltuvchi yo‘l

Kitob – saodatga eltuvchi yo‘l Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi 27- va 36-umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan kitob aksiyasi shunday nomlandi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda tuman hokimligi hamkorligida Prezidentimizning 2017-yil 13-sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

9.JPG

Aksiyada tashkilotchilar tomonidan "O‘zbekiston", "O‘qituvchi", G‘afur G‘ulom va Cho‘lpon nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uylari, "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" davlat ilmiy nashriyoti tomonidan chop etilgan va milliy qadriyatlarimiz, boy tariximiz aks etgan 5 mingdan ziyod badiiy, ilmiy-ommabop kitoblar jamlanmasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan tayyorlangan 1 ming 200 dan ortiq turli nomdagi elektron adabiyotlar tumandagi 51 ta umumta’lim maktabiga tarqatildi.

20.JPG

– Kitob o‘qish inson dunyoqarashini kengaytirib, bilimini oshirish bilan birga, hayotga teran nigoh bilan qarashga o‘rgatadi, – deydi tumandagi 27-umumta’lim maktabi direktori Yayra Usmonova. – Farzandlarimizda o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlarini bolalikdan boshlab o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bugungi globallashuv davrida yanada ulkan ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ta’lim muassasamizda 267 o‘quvchi zamonaviy sharoitlarda tahsil olmoqda. Aksiya doirasida tashkilotchilar tomonidan kutubxonamizga kitoblar taqdim etilganidan o‘qituvchilar, ota-onalar, ayniqsa, o‘quvchilar juda xursand bo‘ldi.

28.JPG

Bu kabi aksiyalarni viloyatning boshqa tuman va shaharlarida ham o‘tkazish, kitob mualliflari bilan ijodiy uchrashuvlarni tizimli ravishda tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir doirasida buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati ham o‘tkazildi. Unda o‘quvchilar tomonidan Bobur g‘azallari va ruboiylaridan namunalar o‘qildi.

Abdulaziz Musayev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
13 309