O‘zA O`zbek

30.03.2019 Chop etish versiyasi

Kitob – mening doʻstimsan

Kitob – mening doʻstimsan

Joriy yilning 19 martida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish masalalari qatorida yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikka berilayotgan eʼtibor shu kunlarda yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda.

Ayni shu anʼanadan chetda qolmagan holda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ham yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil qilinmoqda.

kitob 2.jpg

2019 yil 29 mart kuni Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan bir guruh faol yosh xodimlar, Yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilotlari yetakchilari ishtirokida poytaxtimizdagi 21-Mehribonlik uyida “Kitob – mening doʻstimsan” aksiyasi uyushtirildi.

Aksiya doirasida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga oʻzbek va rus tillaridagi turli qomusiy, ertak, badiiy va sheʼriy adabiyotlar tuhfa qilindi.

Tadbir avvalida yosh bojxonachilar tarbiyalanuvchilar bilan muloqotga kirishishar ekan, kitobga oshno boʻlishning qadri, qiymati haqida soʻz yuritishdi.

kitob 3.jpg

Darhaqiqat, kitob insonning ichki dunyosiga nur olib kiradi. Kitobga mehr qoʻygan, u bilan doʻst tutingan insonning koʻngliga xotirjamlik, maʼnaviy olamiga esa goʻzallik oshufta boʻladi. Zero, oʻqishdan toʻxtagan odam fikrlashdan ham toʻxtaydi.

Tadbir doirasida turli yozuvchilarning hayoti va ijodi, badiiy asarlar qahramonlari haqida boʻlib oʻtgan savol-javoblarda zukko tarbiyalanuvchilar oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazishdi.

Kitobxonlik kechasiga aylanib ketgan tadbirda ijodkor bojxona xodimlari va sheʼr mashq qilayotgan oʻquvchilar oʻz sheʼrlaridan mutolaa qilishdi.

Hali siyohi qurimagan, buyoq hidi ufurib turgan yangi kitoblarni ajib bir ishtiyoq bilan varaqlashga tushgan bolalarning yuzu koʻzidagi quvonch aslida ezgulikdan nishona. Muhtaram Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda “Ezgulik kirib borgan yuraklarga hech qachon yovuzlik yaqin yoʻlamaydi”.

Kitobxonlik targʻibotiga qaratilgan bu kabi tadbirlar davlat bojxona xizmati organlarida davom etmoqda.

3 400
OʻzA