O‘zA O`zbek

18.04.2019 Chop etish versiyasi

Kitob – farzandingiz uchun eng yaxshi sovgʻa

Kitob – farzandingiz uchun eng yaxshi sovgʻa

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida “Farzandimga kitob sovgʻa qilaman” hamda “Har bir farzandga uch kitob” aksiyasi doirasida kitob sayli boʻlib oʻtdi.

Tadbir Prezidentimizning joriy yil 19 martdagi videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan 5 ta ustuvor yoʻnalishlardan biri – kitobxonlik, ayniqsa, yoshlarni kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan tashkil etildi.

“Farzandimga kitob sovgʻa qilaman”, “Har bir farzandga uch kitob” aksiyasi doirasida oʻtkazilgan tadbirlar va Kitob saylida mingdan ortiq kitob ixlosmandlari qamrab olindi.

9-Сайхунобод.JPG

– “Kitob sayli”da arzon narxlarda jahon va oʻzbek adabiyotiga oid badiiy kitoblar savdosi tashkil etildi, – deydi OʻzLiDeP viloyat kengashi Yoshlar bilan ishlash boʻlimi mudiri Husan Jabborov. – Sayl ishtirokchilarining aksariyati farzandlari, nevaralari va yaqinlari uchun kitoblar xarid qilishdi. Bu kabi tadbirlarni viloyatning barcha tuman va shaharlarida oʻtkazishni rejalashtirganmiz.

– Ushbu tadbirni tashkil etishdan bir oy muqaddam, partiyamiz tashabbusi bilan mahallalar kesimida “Kimning shaxsiy kutubxonasida 500 dona kitob bor?” tanlovi eʼlon qilingan edi, – deydi OʻzLiDeP Sayxunobod tuman kengashi apparat rahbari Abdujabbor Ernazarov. – Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlganlarning shaxsiy kutubxonasi xodimlarimiz tomonidan puxta oʻrganildi. Xulosalarga koʻra, shaxsiy kutubxonasida 3 mingga yaqin kitobga ega tumanimizdagi 3-umumtaʼlim maktabi direktori Nazira Gʻaniyeva gʻolib deb topildi. Shuningdek, oʻz uyida kutubxona tashkil etib 2 mingtadan ortiq kitob fondiga ega boʻlgan Ziyoda Ochilova, shaxsiy kutubxonasida 2 mingtagacha kitob jamlagan Nasiba Aripova hamda Muhabbat Bozorboyevalarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tadbir davomida OʻzLiDeP Sayxunobod tumani kengashi tomonidan kitobxonlik koʻrik-tanlovi hamda bilimdon – kitobxon viktorinasi oʻtkazildi. Unda gʻolib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblari hamda tumandagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari sifatida badiiy kitoblar jamlamasi taqdim etildi.

13-Сайхунобод.JPG

Ushbu tadbir viloyatning boshqa tuman va shaharlarida OʻzLiDeP viloyat kengashi tomonidan belgilangan jadval asosida davom ettiriladi.

1 458
A.Qayumov, OʻzA