O‘zA O`zbek

17.04.2019 Chop etish versiyasi

“Kitob chellenj”: Narimon Umarov oʻzi oʻqigan maktabga kitoblar sovgʻa qildi

“Kitob chellenj”: Narimon Umarov oʻzi oʻqigan maktabga kitoblar sovgʻa qildi

Naql qilishlaricha inson uchun hayotda ikki narsa eng moʻtabar va aziz. Bu – non va kitob. Shu bois ham non qanchalik moʻtabar sanalsa, kitob ham shunchalik aziz. Non – rizq-roʻz, dasturxon koʻrki, hayot barakasi. Oʻtmishdan hikoya qiluvchi tarix, bugunni aks ettiruvchi koʻzgu, ertangi kunni aytib beruvchi moʻjiza esa kitobdir. Darhaqiqat inson kamolotida kitobdan boshqa najot yoʻq.

2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi Prezident qarori hamda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 19 mart kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etishda kitobxonlik targʻibotiga alohida urgʻu berilgani ham bejiz emas.

Bu tashabbusni Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ham qoʻllab-quvvatlagan holda “Book challenge” aksiyasida faol ishtirok etmoqda. Aksiya doirasida partiya siyosiy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Narimon Umarov ham oʻzi tahsil olgan Shayxontohur tumanidagi 40-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga tashrif buyurdi.

photo5314295428163939177.jpg

Oʻquvchilik yillarining shirin xotiralari va bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarning yoshlar kelajagiga taʼsiri haqidagi samimiy muloqot oʻquvchilar bilan qizgʻin savol-javobga aylanib ketdi. Shundan soʻng Narimon Umarov maktab kutubxonasiga oʻz kitob javonidan kitoblar sovgʻa qildi.

– Maktabimiz 1937 yildan buyon faoliyat yuritib keladi, hozirda 1 005 nafar oʻquvchini oʻz bagʻriga olgan, – deydi muassasa direktori Dilfuza Nizomova. – Ushbu taʼlim dargohini Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik, Oʻzbekiston Qahramoni Turgʻun Azlarov, akademik Shavkat Ayupov, professorlar – Nosix Gʻofurov, Talʼat Agzamxodjayev, Saidakbar Agzamxodjayev, Alisher Fayzullayev, Oʻzbekiston xalq artisti Gʻulomjon Yoqubov singari koʻplab bitiruvchilari mamlakatimiz taraqqiyoti va jamiyat rivojiga oʻz hissalarini qoʻshib kelmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan kitob hadya qilish aksiyasida yuqoridagi sobiq bitiruvchilarimiz qatori oʻquvchilarimiz, ota-onalar ham maktab kutubxonasi fondi boyishiga oʻz hissalarini qoʻshmoqda.

Darhaqiqat, “Toma toma koʻl boʻlur”, “Birniki – mingga, mingniki – tumanga” deganlaridek, ushbu amaliy harakatlar natijasida yuzlab maktab kutubxonalari minglab kitoblar bilan boyimoqda. Bu esa yoshlar maʼnaviyati, kamolotiga xizmat qiladi.

photo5312132117561453690.jpg

photo5314295428163939183.jpg

Oʻzbekiston “Adolat” SDP
Matbuot xizmati

2 058
OʻzA