Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 12:25 Chop etish versiyasi

Kitob – bilim bulog‘i

Kitob – bilim bulog‘i Mamlakatimizda mutolaa va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob do‘konlari savdosini keng yo‘lga qo‘yish, kutubxonalar faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim omil bo‘layotir.

Amudaryo tumanidagi “Jayhun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tashkil etilgan kutubxona ana shunday e’tibor samarasidir. Kutubxona faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant mablag‘i hisobiga yo‘lga qo‘yildi.

– “Yuksak ma’naviyatli avlod – yurt kelajagi” loyihamiz uchun ajratilgan grant mablag‘i kutubxona tashkil etish, kitob fondini boyitib borish hamda turli ma’naviy tadbirlar o‘tkazishga yo‘naltirilmoqda, – deydi "Jayhun ilhomlari" nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Ahmad Nafasov. – Kutubxonani milliy va jahon adabiyotining sara asarlari bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Tuman markazida tashkil etilgan ziyo maskani maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari bilan gavjum. Yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularda mutolaa zavqini uyg‘otish, mahalla hamda har bir oilada kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida ta’lim muassasalari, olis qishloqlarda ko‘chma kutubxona tashkil etilib, kitob sayllari o‘tkazilmoqda, kitobsevar yoshlar munosib rag‘batlantirilmoqda. 42 ijodkor yoshning she’rlari saralanib, “Jayhun jilg‘alari” nomi bilan to‘plam holida nashr etildi.

Kutubxona fondi homiy tashkilotlar va saxovatli kitobsevarlar yordami bilan boyib bormoqda.

– Ziyo maskaniga shaxsiy kutubxonamdan 110 kitob sovg‘a qildim, – deydi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zebo Rajabova. – Bu xayrli ishni barcha birdek qo‘llab-quvvatlab, o‘z bisotidan turli tillardagi badiiy va ilmiy adabiyotlar, risolalarni tuhfa qilayotgani quvonarlidir.

Yoshlar ma’naviyati va intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgan kutubxona fondini 5 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
1 055






Все о погоде - Pogoda.uz