Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 21:25 Chop etish versiyasi

Kartinalarda yillar va yo‘llar

Kartinalarda yillar va yo‘llar Borliq, tabiat va hayot musavvirni har vaqt chizishga undaydi. Bu uchlikni tasvirda ifoda etish uchun u kunlarni oylarga, oylarni yillarga ulaydi. Qarabsizki, yillarni bir-biriga tutashtirib, chizmalar solnomasi yaratilaveradi...

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyida musavvir Ahmad Umarovning “Yillar va yo‘llar” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasidan joy olgan tarixiy, manzara, portret va tematik mavzulardagi asarlari ham uning ko‘p yillik ijodiy faoliyatidan so‘zlayotganga o‘xshaydi.

Tasviriy san’at ahli va muxlislari jam bo‘lgan ushbu tadbirning ochilishida Ahmad Umarovning ijodiy faoliyati, yaratgan asarlaridagi o‘ziga xoslik va mavzular rangbarangligi yosh ijodkorlarga ilhom baxsh etib kelayotgani haqida fikr yuritildi.

Musavvir A.Umarov Samarqand viloyatining Tayloq tumanida tug‘ilgan. U oliy o‘quv yurtida badiiy grafika yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. Ijodkor tajribali ustozlar o‘gitlariga quloq tutib, o‘z uslubi va yo‘lini topdi. Muxlislar va shogirdlar e’tiborini qozondi. Rassom mamlakatimiz va xorijda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalar ishtirokchisi.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlarni tomosha qilar ekansiz, ulardagi tasvirlar jozibasi va tiniqligi sizni o‘ziga tortaveradi. Musavvir qo‘lidagi mo‘yqalamini u yon-bu yonga tortib, voqelikni boricha bo‘yoqqa ko‘chirib qo‘yganiga lol qolasiz. Uning “Yalangto‘sh Bahodir Sherdor madrasasining qurilishida”, “Imom al-Buxoriyning Hartang qishlog‘iga tabarruk qadamlari”, «Ulug‘bek darvozasi», “Shiroq” kabi tarixiy mavzudagi asarlari barchaning diqqat-e’tiborini tortadi. «Kuzning oxirgi kuni», «Musaffo tong», «Manzara», «Vatan haqida ballada», «Umid daraxti», «Mangulik» singari ijod mahsullari musavvirning ona tabiatga, aziz go‘shasiga bo‘lgan mehr-muhabbatining ifodasidir.

– Rassom Ahmad Umarov o‘z kasbi va ishining fidoyisi, – deydi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov. – Bu uning muxlislariga taqdim etayotgan ishlarida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ahmad aka tarixiy mavzularda ham samarali ijod qilmoqda. Uning asarlaridagi tasvirlar hayotiy va haqqoniydir.

Nasiba Ziyodullayeva, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA
1 199






Все о погоде - Pogoda.uz