O‘zA O`zbek

06.09.2019 Chop etish versiyasi

Julqunboyning Maskovga jo‘nashi

Julqunboyning Maskovga jo‘nashi


Milliy g‘oya – bizning g‘oya

Ijodkor tarjimai holi tug‘ilgan yoki vafot etgan yildangina, asarlarining yozilgan sanasi yoki qandaydir mukofotlar olganiga oid ma’lumotlardangina iborat bo‘lsa, bunday "tarix", bunday biografiya ancha jo‘n, zerikarli va hatto badiiy ijod jarayonidan, ijodkor ruhiyatidan uzilgan bo‘ladi. Negaki, yozuvchi-shoir hayotidagi eng mayda voqea-hodisalar ham ba’zida uning asarlarida ruhiy-psixologik suratda o‘z muhrini qoldiradi.

Dunyo adabiyotshunosligida badiiy asarga ijodkorning yashash tarzi, sharoiti, muhiti, e’tiqodiy tayanchlari, hayotida kechgan turli hodisalar, kundaliklari va shu kabi bir qancha unsurlar prizmasidan qaraydigan biografik metod ko‘pincha muvaffaqiyatga erishib, o‘z natijalarida kamalakning yetti rangini ko‘radi.

Jahon adabiyoti tarixida har bosgan qadami, har olgan nafasi qog‘ozlarga muhrlangan dongdor san’atkorlarning hayot solnomasini uchratish mumkin. Masalan, I.V.Gyotening kotiblari olmon shoirining oxirgi nafasigacha, oxirgi so‘zlari va, umuman, o‘lim holatining tafsilotlarigacha batafsil yozib qoldirganlar. I.Ekkermannning “Gyote bilan gurunglar” kitobi o‘sha tafsilotlar hosilasi. XX asr boshlarida A.P.Chexov bilan M.Gorkiy o‘zaro suhbatlarining birida Lev Tolstoyning dono fikrlari havoga uchayotganidan yozg‘iradi, “Ekkermann” zarurligidan, shu vazifani L.Sulerjiskiy bajara olishi yuzasidan maslahat qiladilar. Biroq gap gapligicha qoladi...

Taassufki, bizda ham badiiy asar mohiyati bilan bevosita bog‘liq hodisa – tarjimai holni tavsif etish yoki biror-bir adibning ijodiy portretini yozish hali shu kunga dovur oddiy xronologik ma’lumotlar qaydidan ko‘p ham yuqori ko‘tarilgani yo‘q.

Adabiyotshunoslikda Abdulla Qodiriyga oid tadqiqotlar ko‘p. Garchand qodiriyshunoslikda "Otam haqida", "Qodiriyning so‘nggi kunlari", "Qatlnoma" singari biografik yo‘sinda yozilgan kitoblar mavjud bo‘lsa-da, ulug‘ adib hayotining ko‘pgina sahifalari yaxshi ma’lum emas, chalkash faktlar, g‘ayrimantiqiy talqinlar uchraydi.

Abdulla Qodiriy otilgan, Abdulla Qodiriy "xalq dushmani" sifatida sudlangan, sal ilgari "aksilinqilobiy harakat" qilganlikda ayblanib ham qamalgan, Abdulla Qodiriy Maskovda o‘qigan...

Maqola mavzu uchun shu nuqta, shu oxirgi jumla muhim.

1960 yillari yozilgan ayrim adabiyotlarda adibning o‘qish davri 1925-1926 sanalari bilan ko‘rsatiladi. Shuningdek, 1990 yili oliy o‘quv yurtlari talabalariga mo‘ljallab chiqarilgan adabiyot tarixi darsligida ham ayni sana takrorlanadi. Holbuki, adibning "Kichik asarlar"iga kirgan "Tarjimai holi"da ham, shu manbaga suyanib yozilgan Habibulla Qodiriyning "Otam haqida" kitobida ham adib hayoti va ijodining Maskov davri 1924-1925 yil ekani to‘g‘ri qayd etiladi.

H.Qodiriyning "ikkita o‘n ikki varaqli, ko‘k muqovali to‘la konspekt daftar"dan o‘qib olgan ("Otam haqida", 50-bet) va xotirasida qayta tiklab yozgan taxminiy ma’lumotlaridan boshqa, afsuski, Abdulla Qodiriyning ta’lim-tahsili xususida tafsiliy ma’lumot yo‘q.

O‘qish-o‘rganishga ixlos, xohish har kimda bo‘lishi tabiiy. Jumladan, taniqli yozuvchi bo‘lib yetishganlarda ham. Biroq har doim iqtisodiy masala muammo bo‘lib kelgan. Ayniqsa, qalam uchidan keladigan daromad evaziga kun kechiradigan ijodkor zotiga.

Xo‘sh, ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy Maskovga qaysi mablag‘ hisobidan ketgan edi? Fikrimizcha, "Turkiston" gazetasining 1924 yildagi 15-sonidan o‘qib, ko‘chirib olganimiz quyidagi muxtasar xabar shu savolga javob bo‘ladi, adib biografiyasining qorong‘u bir sahifasiga oydinlik kiritadi. "Taqdir etarlik bir ish" deb nomlangan xabar-maqola muallifi Shokirbekov familiyali kishi shunday yozgan: "Eski shahar vaqf bo‘linmasi Julqunboyni o‘z ta’minotiga olib, Maskovga o‘qushqa yubordi. Jo‘natish oldidan besh oylik maoshini qo‘lig‘a naqd berub, bir oylik mukofot ham berdi. Iqtisodiy idoralarimizning shunday qadr qilib qilg‘on himmatlarig‘a ofarin deymiz va o‘rtog‘imiz Julqunboyg‘a muvaffaqiyat tilab, o‘zi uzoq ketsa ham, qalamining yaqinda turishini umid qilamiz".

Bor gap shu. Demak, Abdulla Qodiriy "eski shahar vaqf bo‘linmasi" hisobidan, uning iqtisodiy yordami bilan Maskovga o‘qishga ketadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Turkistonda ilgaridan faoliyat ko‘rsatib kelayotgan vaqflar 1923 yili Turkiston sho‘rolar jumhuriyati ijroqo‘mining 173-sonli dekreti bilan maorif komissarligi tarkibiga kiritiladi. Bu iqtisodiy tashkilot tarkibida ikkita – diniy hamda madaniy va maorif ishlariga belgilangan vaqflar ish yuritadi. Ayni vaqflar, shuningdek, "Ko‘mak" va "Nashri morif" xayriya uyushmalarining yordamida o‘sha yillari Rusiyada besh yuzdan ortiq, Germaniyada yuzga yaqin, Bokuda o‘ttiz beshta o‘quvchi tahsil oladi. Qolaversa, Abdulla Qodiriyning Maskovda o‘qishi xarajatlarini o‘z zimmasiga olgan vaqf idorasida yozuvchining ko‘ngliga yaqin Hoji Zufariy, Munavvar Qori, Zahriddin A’lam kabi hammaslak kishilar ishlar edi.

Voqean Shokirbekovning tilagiga, "Mushtum"ga berilgan va’daga ko‘ra Julqunboy "o‘zi uzoq ketsa ham", yurt matbuotiga "qalamining yaqin turishi"ning imkonini topdi. Xat yo‘sinida maqolalar yuborib turdi. Julqunboyning Maskovdan turib yozgan bitiklarida yolg‘izlanish, begonasirash, muhitga ko‘nika olmaslikka o‘xshagan kayfiyat seziladi. Ayni chog‘da, u yerga o‘qishga borganlar holidan, bekorchiligidan, oliftagarchiligidan mushtumona shevada yozadi. "Bu yerdagi bolalari ahvollaridan so‘rasalar, alhamdulilloh, ular ham o‘ynab-kulib yuriydilar. Subhi shom, balki aladdavom tahsili ulum ko‘yidadirlar. Ammo bolalaringiz orasida beg‘oya va beamal oshiq o‘ynab, it urishtirib, ko‘ynak-ishton yirtib yurganlari yo‘q, deb ayta olmasam ham, lekin bor deyishga ham tilim bormaydi...".

Julqunboy shu zayl qalam suradi. Chamasi, ba’zi o‘quvchi-talabalar tahsilidan ko‘ngli to‘lmaydi, ma’rifat tilagida kelgan ayrim yoshlar marjalarni yetaklab, buzg‘unchilik ko‘chalariga kiradi: ehtimol, kiyadigan kundalik kiyimi yoki soqol-mo‘ylovi bilan tashqi qiyofasini o‘zgartirar, ammo millat qayg‘usida, milliy fikrda o‘zgarish ko‘rilmaydi. Shuningdek, ona ko‘ksini qo‘msab turguvchi, ona suti og‘zidan ketmagan, jiddiy qilib aytganda, millatga xizmat neligini anglamagan, fikran yetilmagan go‘dak – bolalar ham o‘qishga yuborilganki, buning foydasidan zarari ko‘p. Bunday quruq isrof uchun kuyunib yozilgan satrlar "Milliy ashulachimiz falonchi Italiyada o‘qib qaytdimi?" nomli pichingda ham ko‘rinadi...

Julqunboy Maskovdan yo‘llagan "To‘rtinchi xati"ning "Qari qiz peshonangga yig‘la!" degan joyida yozadi: "Og‘zimni kapa-kapa ochib, rutubat mikroblaridan uch-to‘rt yuzini nahorga tanavvul qilgach, ustidan "qir-qir" qilib yo‘talib ham qo‘ydim. Ba’dazon yuzimni qiblaga qaratib, Maskovning shunday bolonishin yeridan uy olib, menga o‘xshag‘on nimjonlarni ramaqijonlik darajasiga yetkazishga tavajjuh qilg‘on vakolatxonamiz haqiga duoyi xolis uchun qo‘limni ochdim...". Xullas, ilm talabida yurgan ba’zi kimsalarni yashash sharoiti ham ko‘ngildagidek emas, og‘ir sharoitga, yetar-yetmas ta’minotga toqat qilib, ilm olish uchun hazrati "Ayyub Sobir"ning sabrlari lozim. Abdulla Qodiriy Maskovdaligi paytida bu kabi holatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, shuning ichida yashadi va "Mushtum"ga hangoma, piching, tajohili orifona yo‘sinida yozib, jurnal siporishlarini qondirdi. Albatta, xizmatidan atayin ruxsat olgan yozuvchining niyati "uch-to‘rt yil ilmiy muassasalarda bo‘lmak edi". Ammo...

Zid fikr davomi uchun dalil: "Maskovdan 1925 yilning iyun oyida yozgi ta’tilga Toshkentga qaytdim. 25-26 yilning tahsiliga Maskovga boraman, deb tayyorlang‘on vaqtimda Alimov meni olib qoldi...". (Demak, adibning o‘qishda yurgan davri roppa-rosa bir yilga –1924 yil iyunidan 1925 yil iyun oylariga to‘g‘ri keladi). Qizil matbuot arbobi Komiljon Alimov, ehtimol, Abdulla Qodiriyni matbuotda birga hamkorlik qilish taklifi bilan "olib qol"gandir. Ikkinchidan, keyinchalik yozuvchi ijodining qora nuqtalari o‘laroq yodga olinib, tanqid etilgan "Maskov xatlari" hammaga ham xush yoqavergan bo‘lmasa kerak. Negaki, unda haqiqatni kulgili yo‘lda aytish, mavjud ijtimoiy, adabiy hayotga, madaniy-ma’rifiy ta’lim tadbirlari jarayoniga nisbatan tanqidiy ruh kuchli edi. Shunisi ibratliki, Abdulla Qodiriy o‘zgacha bir muhitda ham o‘z uslubiga, o‘z qalamiga sodiq qoladi. Shu ma’noda, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodining Maskov davri hozirgi mavjud sayoz talqinlarga nisbatan – dalillar asosida – ancha chuqurroq va teranroq tadqiq etilishi lozim.

Bahodir KARIM,

adabiyotshunos olim.


4 885
O‘zA