Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 13:14 Chop etish versiyasi

Jizzax viloyati o‘lkashunoslik muzeyi – o‘tmish va bugun aks etgan maskan

Jizzax viloyati o‘lkashunoslik muzeyida yurtimizning qadim o‘tmishidan guvohlik beruvchi 22 ming 700 dan ortiq eksponat saqlanmoqda.

Muzeyda, ayniqsa, xalqimizning milliy ozodlik harakatiga bag‘ishlangan eksponat va hujjatlarga keng o‘rin berilgan. Jumladan, 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloniga bag‘ishlangan ko‘rgazma bu borada alohida o‘rin tutadi.

Muzey jamoasi xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatanimiz tarixi, boy madaniy merosimiz haqidagi bilimini boyitish, muassasa faoliyatini targ‘ib etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida muzey xodimlari tomonidan 500 dan ortiq muassasa, tashkilot va mahallada viloyat tarixi, madaniyati, o‘lkashunoslik muzeyi faoliyati haqida suhbatlar o‘tkazilgani buning yorqin tasdig‘idir.

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining 2016-yil 29-dekabrdagi majlisi bayoni hamda Respublika muzeylarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy va estetik tarbiyalashdagi rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalar faoliyatimizda muhim dasturilamal bo‘lmoqda, – deydi viloyat o‘lkashunoslik muzeyi ilmiy xodimi Sh.Eshonqulova. – Joylarda o‘tkazilayotgan suhbat va targ‘ibot tadbirlarida yoshlarni yurtimiz tarixi bilan keng tanishtirish, ularda muzeyga qiziqish uyg‘otishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda iyun-iyul oylarida bolalar oromgohlarida ko‘chma ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Ushbu ma’naviyat maskanida ham taniqli yozuvchi va davlat arbobi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Muzey jamoasi Prezidentimizning 2017-yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xalqimizning sodiq farzandi merosini o‘rganish, yoshlarni uning hayoti va faoliyati bilan keng tanishtirishga xizmat qiladigan memorial uy-muzeyini tashkil etish ishlarida faol qatnashmoqda.

Viloyat o‘lkashunoslik muzeyining Sharof Rashidovga bag‘ishlangan bo‘limidagi ko‘plab eksponatlar yangi muzeydan munosib o‘rin egallaydi. Memorial uy-muzeyi Sharof Rashidov nafaqat o‘ta murakkab yillarda respublikamizni boshqargan dono rahbar, balki milliy adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ulkan adib ekani haqida to‘liq tasavvur beradigan muassasa bo‘ladi.

Ushbu sana munosabati bilan Jizzax shahrida xalqimizning sevimli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya muzeylari ham barpo etilayotgani viloyat madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega. Yaqin kunlarda Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Zulfiya muzeylari ko‘rkam va zamonaviy binoga ko‘chib o‘tadi. Viloyat o‘lkashunoslik muzeyi joylashgan bino va inshootlarni ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazilishi bilan muassasaning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun barcha sharoit yaratiladi.

– Har bir hududning o‘ziga xos tarixi, betakror tabiati, u yerdan yetishib chiqqan taniqli shaxslar bilan aholi, ayniqsa, yosh avlodni keng tanishtirishda muzeylar muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Jizzax shahrining Mustaqillik mahallasida yashovchi mehnat faxriysi S.Qobilov. – Jizzaxning ham Vatanimiz tarixidagi o‘rnini ko‘rsatuvchi, uning boy o‘tmishi haqida hikoya qiluvchi muzeylar faoliyatini yaxshilash, yangilarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Baxmal, Jizzax, Zomin, G‘allaorol tumanlarida viloyat o‘lkashunoslik muzeyi filiallari ishlab turibdi.

Bularning barchasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar samarasi sifatida ushbu ma’naviyat maskanlariga tashrif buyuruvchilar oqimining ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
841






Все о погоде - Pogoda.uz