O‘zA O`zbek

20.07.2020 Chop etish versiyasi

Jizzax viloyati hokimi aholiga murojaat qildi

Jizzax viloyati hokimi aholiga murojaat qildi

Yaqin vaqtlargacha respublikamizning soʻnggi “Yashil hudud”laridan biri boʻlib kelgan Jizzax viloyatida pandemiya bilan bogʻliq vaziyat murakkablashib, kuniga 10 nafargacha fuqarolarda koronavirus infeksiyasi aniqlanmoqda.

Bu raqamni viloyat hokimi Ergash Soliyev hokimlikning rasmiy veb sayti orqali aholiga qilgan murojaatida keltirib oʻtdi.

Viloyat hokimining ushbu murojaati eʼlon qilinguncha hududda pandemiya vaziyati qanday, infeksiyaga gumonlanganlar, unga chalinganlarni aniqlash, davolash ishlari toʻgʻrisida koʻpchilik deyarli maʼlumotga ega emas edi. Sababi karantin tufayli koronavirus infeksiyasiga aloqador tibbiyot muassasalariga kirib chiqish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun taqiqlaganligi barcha maʼlumotlarni tezkor berish imkoniyati yoʻq.

Hokim oʻz murojaatida viloyatda koronavirus pandemiyasi tarqalishi koʻlami, uni toʻxtatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berib, aholini ushbu ofatga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.

Murojaat eʼlon qilingan kungacha, joriy yil 19-iyulgacha, boʻlgan davrda viloyatdagi 6 ta davolash profilaktika muassasalarida, jami 340 nafar bemorlar tibbiy nazoratga olingan boʻlib, ulardan 104 nafarida koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi. Ulardan 60 nafar sogʻaygan, 41 nafari davolanmoqda. Qolgan 236 nafar koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan bemorlar malakali tibbiy xodimlar tomonidan davolash ishlari olib borilmoqda. Koronavirusga chalingan bemorlarning 17 nafari ogʻir va 3 nafari oʻta ogʻir holatda.

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Jizzax viloyati filialida “CALL SENTER” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur markazga malakali tibbiyot xodimlari jalb qilinib, kuniga 200-220 nafar fuqarolarning murojaati yuzasidan tegishli maslahat va tavsiyalar berib borilmoqda.

Viloyatda tez tibbiy yordam tizimida 112 ta avtomashina faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 63 tasida JPS navigator oʻrnatilgan. 3 ta reamobil avtomashinasida EPID brigada tashkil qilinib, aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatib kelinmoqda.

Tez tibbiy yordam markazlariga bir kunda 1500-1600 dan ortiq murojaatlar kelib tushmoqda. Ushbu murojaatlarning 150-160 tasi tana haroratining koʻtarilishi bilan bogʻliq boʻlgan murojaatlarni tashkil qilmoqda.

Viloyat sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi va viloyat OITS markazi laboratoriyalarida koronavirus infeksiyasiga tekshirish PSR test sinovlari oʻtkazilmoqda, bugungi kunga qadar fuqarolardan 47 ming 595 ta test sinovlari olingan boʻlsa ularning 44 ming 12 tasining analiz javoblari chiqdi. 3 ming 583 tasi tekshirish jarayonlari davom etmoqda. Bir kunda oʻrtacha 1400-1500 test sinovlari olinmoqda.

“Covid-19”ga chalingan bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanadi. Mazkur markazda bemorlarni davolash uchun 155 ta oʻrin-joy tashkil qilingan. 42 nafar tibbiyot xodimlari jalb qilingan. Bundan tashqari, pandemiya sharoitida kasallikka gumon qilinganlarni Jizzax shahrida 5 ta va har bir tuman tibbiyot birlashmalarida vaqtinchalik tashkil etilgan provizor gospitallarida bemorlarga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.

Hozirgi vaqtda shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalari qoshida jami 200 tadan qoʻshimcha oʻrin-joy tashkil etilmoqda. “Covid-19”ga chalingan bemorlarni davolashga moʻljallangan tibbiyot muassasalarida shifokor va hamshiralar yetarli. Bundan tashqari, tashkil etilishi mumkin boʻlgan provizor gospitallarga tibbiyot xodimlarni jalb qilish va tibbiyot xodimlariga yetarli darajada sharoitlar yaratish yuzasidan viloyatdagi mavjud 3 ta Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoatchilik texnikumlari hamda 1 ta tibbiyot kollejida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar hamda hamshiralarni jalb qilish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunga qadar “Covid-19”ga chalingan bemorlarni davolashda ishtirok etgan 108 nafar, shundan 34 nafar vrach, 40 nafar oʻrta tibbiyot xodimi, 16 nafar kichik tibbiyot xodimi hamda 18 nafar boshqa xodimlarga, jami 1 milliard 700 million soʻm mablagʻ toʻlab berildi. Bundan tashqari 1 ming 690 nafar tibbiyot xodimlarining oylik ish haqiga qoʻshimcha ravishda 6 foizlik usta toʻlandi.

Viloyat hokimi murojaatida bozor va yirik savdo doʻkonlari, umumiy ovqatlanish obyektlari hamda boshqa jamoat joylarida dezinfeksiya tadbirlarini muntazam oʻtkazishga eʼtibor qaratib, odamlarni yana bir bor jamoat joylarida ijtimoiy masofani saqlashga, sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilishga, oʻzini oʻzi va yaqinlarini asrashga chaqirdi.

20 973
T.BEKNAZAROV, OʻzA