O‘zA O`zbek

05.07.2019 19:34 Chop etish versiyasi

Isteʼdodlar maktabi

Isteʼdodlar maktabi
Yoshlarga oid davlat siyosati – amalda

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-oʻqituvchilari, faol yoshlari ishtirokida “Isteʼdod maktabi – 2019” maʼrifiy tadbiri tashkil etildi. 

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori N.Sayfullayev mamlakatimizda milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni rivojlantirishga oid ezgu ishlar yangi bosqichga chiqqanini taʼkidladi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvi hamda joriy yilning 24-may kuni ilm-fan fidoyilari, olimlar, oliy oʻquv dargohlari professor-oʻqituvchilari bilan oʻtkazgan muloqoti yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, oliy taʼlimni jadal isloh etish, fan, taʼlim, ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berdi. 

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti badiiy taʼlim sohasida yurtimizdagi yetakchi oliy oʻquv yurti sanaladi. Mazkur institut talabalari bugungi kunda nashriyotlar, galereyalar, muzeylar, fotostudiyalar, ijodiy birlashmalar va boshqa badiiy sohaga oid tashkilotlarda samarali mehnat qilmoqda. Ayni paytda ushbu oliy taʼlim dargohi yoshlari yurtimizdagi koʻplab tanlovlar, tasviriy sanʼat haftaliklari, koʻrgazmalar, foto va tasviriy sanʼat biyennalelarining faol qatnashchisi. 

Joriy yilda institutni bakalavriat yoʻnalishida 300 nafardan ortiq, magistratura yoʻnalishida 30 nafardan ortiq yosh tamomladi. 

– Men amaliy sanʼat fakultetini magistratura bosqichi boʻyicha meʼmoriy yodgorliklar restavratsiyasi yoʻnalishini tamomladim, – deydi Mirshod Mahmudov. – Nazarimda, oliy oʻquv yurtini bitirish yoshlar uchun katta hayot sinovining endigina boshlanish jabhasi sanaladi. Ustozlarimizning bilim va oʻgitlari bu yoʻlda bizga katta kuch va madad boʻlishiga umid bildiramiz. 

– Yurtimizda yoshlarning ilmiy-tadqiqot olib borishi uchun zarur barcha sharoit yaratilgan, – deydi RhD tayanch doktoranturasining 2-bosqichida tahsil olayotgan Guliraʼno Orifjonova. – Muzeyshunoslikka doir ilmiy tadqiqot olib borayapman. Bu yoʻnalishda yigirmadan ortiq ilmiy maqolam xorijiy nashrlarda chop etildi. Yurtimizda etnografik muzeylar yoʻnalishida hali juda koʻp izlanishlar olib borilishi kerak, deb oʻylayman. Yosh olimlar uchun yaratilgan sharoitlar bu borada samarali tadqiqotlarni kengroq yoʻlga qoʻyish imkonini berishi, shubhasiz. 

Tadbirda faoliyati, ilmiy izlanishlari turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topilgan oʻqituvchilar, talaba-yoshlar, yosh olimlar taqdirlandi. 

Sanʼat ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert namoyish etildi. 

Nazokat USMONOVA, OʻzA
3 780