O‘zA O`zbek

22.07.2019 Chop etish versiyasi

Issiq soʻz

Issiq soʻz

FAXRIYA

Saraton taftidan koʻra qalbingda
Yongan oʻt balandroq turgan vaqtingda
Bir issiq soʻz aytsam sening haqingda,
Jonim – soʻzda, soʻzim jonlarda yurdi.

Sen quyoshga doʻstsan, zaminga sirdosh,
Ilk dehqonga – Odam Atoga tengdosh.
Yurt qaddin koʻtargan, ey koʻhna bardosh,
Qadring Hadis yangligʻ bonglarda yurdi.

Sen faqat Tangriga boshing egarding!
Keyin koʻp egasi chiqmish egarning –
Paxta ekardingmi, bugʻdoy ekarding,
Taqdiring oʻzga bir xonlarda yurdi.

Bir Amudan ichgan ikki eldir suv,
Ammo afgʻonlarda yer – kul, kuldir suv.
Sen egatga qoʻygan mildir-mildir suv
Tiriklik kuyidek qonlarda yurdi.

Koʻnglimga shom choʻkar har gal oʻylasam,
Bir tirnogʻim kuygan dangal soʻylasam,
Sen oʻzing tinchsan-u, chuqur oʻydasan –
Mehring qanot boʻlib Shomlarda yurdi.

Mehnat yoʻldosh doim, imon – tirgaging,
Naqshband suhbatin jim-jim tinglading.
Manglayni sidirsang, tomgan terlaring
Shudringga aylanib tonglarda yurdi.

Goʻza shonasiday, koʻkmak bargiday
Orzu-umidlaring kuldi yangidan,
Yuzlaring yorishdi va har galgidan
Diling bugun shavqu shonlarda yurdi.

Sen hayot oʻstirding, asrading, dehqon,
Hech qachon oʻsmasin hasrating, dehqon,
Isming suyuk boʻldi, hazrati dehqon,
Xalqing duo qilgan nomlarda yurdi.

Nosirjon JOʻRAYEV

2 491
OʻzA