O‘zA O`zbek

15.07.2019 Chop etish versiyasi

“Immunoblot” va “Ishora” qisqa metrajli filmlari taqdimoti oʻtkazildi

“Immunoblot” va “Ishora” qisqa metrajli filmlari taqdimoti oʻtkazildi

Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida “Immunoblot” hamda “Ishora” qisqa metrajli filmlarining keng jamoatchilik uchun taqdimoti boʻlib oʻtdi.

“Immunoblot” filmi bugungi kunda insoniyatning global muammosi boʻlgan xavfli yuqumli kasallik va uning zararli oqibatlari, bu dardning odamlar hayotiga salbiy taʼsiri haqida hikoya qiladi. Kartina Istam Sodiqov ssenariysi va rejissyorligida tasvirga olingan.

Film tomoshabinlar uchun biroz kutilmagan tarzda boshlanadi. Bosh qahramon – yosh yigit togʻasidan qarz olib uylanadi. Lekin toʻydan biroz vaqt oʻtib, togʻasi qarz olingan pulni soʻraydi. Arosatda qolgan yigit, yaʼni Erkin nima qilishini bilmaydi. Pul topish maqsadida tirikchilikning ming bir koʻchasiga kiradi. Otasiz oʻsgan yigit yetarlicha pul topolmay, turli murakkab muammolar girdobida qoladi.

Ushbu film tomoshabinni mulohaza yuritishga va hushyorlikka chorlashi bilan ahamiyatlidir. Voqealar rivojidagi ketma-ketlik, hayotiy hodisalarning aniq va ishonchli tasvirlanishi, aktyorlar ijrosi va rejissurasi tomoshabinlarga maʼqul kelishi, shubhasiz.

“Signal” (“Ishora“) qisqa metrajli badiiy filmidagi Shokir oʻqimishli, zamonaviy yigit. Ammo u soʻnggi paytlarda koʻp pul topish ilinjida yaqinlaridan uzoqda, mamlakat tashqarisida turli yumushlarni bajarib, kun kechirardi. Kunlarning birida uning hayotida sodir boʻlgan voqealar unga haqiqiy oʻrni qayerda ekanligiga ishora qiladi. Va bu ishora orqali Shokir oʻz yurti, oilasining qadriga yetishni va xatolari sababini tushunib yetadi. Bunga uning turmush oʻrtogʻi Nasiba hamda shifokor togʻasi yordam beradi.

Film Dilfuza Turdiboyeva ssenariysi asosida postanovkachi rejissyor Umid Malikov tomonidan suratga olingan.

Har ikki qisqa metrajli kartina ham tomoshabinlarni ogohlikka, hushyorlikka chorlashi, muammolarni yengiltaklik bilan emas, vazmin, chuqur mushohada asosida hal etishga chorlashi bilan ahamiyatlidir.

3 659
N.USMONOVA, OʻzA