O‘zA O`zbek

02.07.2020 Chop etish versiyasi

Ilm-maʼrifatning bahosi pul bilan oʻlchanmaydi

Ilm-maʼrifatning bahosi pul bilan oʻlchanmaydi
Nuqtai nazar

Bugungi noshirlik faoliyati, noshirlar oldidagi muammolar tafakkurimda aylanar ekan, eng birinchi hal etilishi kerak boʻlgan muammolardan biri – noshir va oʻquvchi oʻrtasidagi koʻprik buzilganini koʻramiz.

Bu koʻprik kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlardir. Bir oʻylab koʻring, nashriyot tomonidan 10 000 soʻmga baholangan kitob oʻquvchi qoʻliga kamida 20 000 soʻmga yetib bormoqda. Bu 10 000 soʻmning ichiga muallifning tunlari uxlamay ijod qilgani, muharrirning koʻz nurlari, musahihning soatlab qogʻozga tikilishi, sahifalovchining qimmatli vaqti, rassomning boʻyoqlari, dizaynerning izlanishlari, bosmaxona xodimlarining peshona teri ham kiradi. Olib sotar esa, kitobga birga bir narx qoʻyib oʻquvchiga sotadi. Kitob yaxshi keta boshlasa, nashriyotdan shartnoma asosida sotib olishning oʻrniga, soxta nusxalarini koʻpaytirishni oʻylay boshlaydi.

2020-yil 1-iyulidan noshirlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun talab etiladigan litsenziya shart boʻlmay qoladi. Bu esa meni ham xursand qilmoqda, ham oʻylantirmoqda. Nashriyotlar koʻpayar, ammo sifatli kitoblarchi? Sanayversak, muammo koʻp. Yechimchi? Har doim muammoga yechim topish –muammo.

Bugun yaxshi muharrirlar anqoning urugʻi. Yaxshi dizaynerlar esa barmoq bilan sanarli. Bugungi nashriyot direktorlarining umri yaxshi dizayner izlash bilan oʻtmoqda. Demak, nashriyotlar oliygohlar bilan hamkorlikda dizayner va muharrirlar yetishmovchiligini hal etishi kerak.

Mening nazarimda, nashriyotlar yashab qolishi uchun davlat tomonidan ham qoʻllovlar kerakdek. Har qanday holatda ham, ilm, maʼrifat va adabiyot pulga sotilmasligi kerak. Ilm, maʼrifat va adabiyotni xalqqa yetkazuvchi dargohlardan biri nashriyotdir. Demak, nashriyotlarga tadbirkorlik dargohi emas, maʼrifat ulashuvchi sifatida qaralishi kerak. Nashriyotlardan soliq undirish emas, soliq imtiyozlarini joriy qilish kerak. Bu esa zoʻrgʻa nafas olayotgan nashriyotlar uchun dalda boʻlarmidi?!

Biz noshirlar nima boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻz vazifamizni bajarishga majburmiz. Chunki yaxshi kitoblarni izlab yuradigan oʻquvchilar bor ekan, nashriyotlar kitob nashr qilaveradi.

Elyor MUROD,
“Fan” nashriyoti direktori.

7 288
O'zA