Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 18:57 Chop etish versiyasi

Ilhom bag‘ishlaydigan tarixiy voqea

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir" nomli ma’ruzasini tinglab...

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz ijod ahli haqiqatan tarixiy voqea ishtirokchisi va guvohi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvi ishtirokchilarga yangidan yangi ijodiy muvaffaqiyatlarga erishish uchun ilhom bag‘ishladi, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi, desam hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Musiqa san’atida "auftakt" degan tushuncha bor. Ya’ni dirijyor ijroni ifoda etuvchi qo‘l harakati bilan orkestr jamoasining ijro sur’ati va ohangini boshqaradi, tovushlar uyg‘unligini ta’minlaydi. Prezidentimiz rahbarligini ham, hech bir mubolag‘asiz, ushbu tushuncha bilan ifodalash mumkin. Davlatimiz rahbari o‘z tajribasida mamlakat miqyosidagi ko‘plab muammolar ahamiyatini yaxshi anglagan holda, nafaqat ularning oldini olish, balki kelgusida yuzaga kelishiga ham yo‘l qo‘ymaslik yo‘llarini izlamoqda. Bularning barchasini mamlakatimiz kundalik hayotida, har kuni ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarda his etib turibmiz.

Fransuzlarda "kelajak o‘tmish yelkasida" degan maqol bor. Mamlakatimizda yangi hayot qurish poydevori Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov yuritgan dono va oqilona siyosat samarasida mustahkamlanib borayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Ushbu keng ko‘lamli o‘zgarishlarni amalga oshirish jarayonida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining tinchligi, ahilligi, jipsligi ta’minlanmoqda. Bu esa nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki madaniyat va san’at sohasini ham yanada yuksaltirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston madaniyati azaldan ikkita muhim omilga tayangan. Birinchisini xalqimizning qadimgi an’ana va urf-odatlari, mustahkam milliy qadriyatlarimiz tashkil etsa, ikkinchisi bu keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jahon madaniyati yutuqlaridan o‘rnak olishdir. Musiqa, teatr, rassomlik, she’riyat, adabiyot sohasida ko‘plab ulkan yutuqlarga erishilayotgani ham ushbu ikki omil samarasidan dalolat beradi.

Prezidentimizning O‘zbekistonda san’at biznesga aylanmasligi shartligi va bunga hech qachon yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi fikri alohida ahamiyatga egadir. Turli davlatlar san’atida ro‘y berayotgan ko‘plab salbiy va samarasiz jarayonlarni kuzatar ekanman, O‘zbekiston san’atining qadimgi manbalari pishiq va benuqson ekani, ularga insonparvarlik ruhi singdirilganini alohida ta’kidlashni istardim. Teatrlarimiz sahnasida ma’naviyatimiz yutuqlarini inkor etish, o‘zbek va jahon san’atining serqirra obrazlarini buzib ko‘rsatishga urinishlar bo‘lmagani va yo‘qligini mamnuniyat bilan qayd etish zarur. Bu san’atimiz va madaniyatimizning ulkan yutuqlaridan biridir. Prezidentimiz ham o‘z ma’ruzasida ushbu yutuq va o‘zgarishlar bardavom bo‘lishi haqida gapirdi.

Davlatimiz rahbarining teran mazmunli ma’ruzasi va, umuman, sa’y-harakatlarida ko‘hna va saxovatli zaminimizda san’at va madaniyatni rivojlantirish haqida alohida g‘amxo‘rlik qilayotganini his etish mumkin. Bu borada opera va balet san’atini alohida ta’kidlashni istardim. Har qanday mamlakatda opera va balet nafaqat san’at va ijodning muhim shakllari, balki mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida o‘ziga xos xalqaro muloqot tili hisoblanadi. O‘z milliy san’atida ushbu janrlarga e’tibor qaratayotgan mamlakat va xalq madaniy taraqqiyoti yuksakligini tasdiqlashi mumkin. O‘zbekistonda opera va balet san’ati buyuk an’ana va chuqur tarixga ega bo‘lib, bir necha o‘n yillardan buyon muvaffaqiyatli rivojlanib kelmoqda.

Prezidentimiz arxitektura durdonasi bo‘lgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri binosini qayta tiklash uchun qancha kuch sarflagani va g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini yaxshi anglaymiz. Aynan mana shu sa’y-harakatlar samarasida teatrning opera va balet truppalari zamonaviy texnik imkoniyatlar yaratilgan yangi binoda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Xalqaro loyihalar kengayib, jadal rivojlanib borayotganini his etmoqdamiz. Masalan, "Toshkent bahori" festivali, afsonaviy Andrea Bocheli gastroli, jahonga mashhur Anna Netrebko konserti va boshqa ko‘plab tadbirlar muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi. Prezidentimiz ijodkor ziyolilar bilan tarixiy uchrashuvda O‘zbekiston madaniyati va san’atining yana ko‘plab jihatlariga alohida e’tibor qaratgani kishini quvontiradi.

Uchrashuvda mavjud ko‘plab muammolarni hal etish haqida so‘z yuritildi. Jumladan, teatr ijodiy xodimlariga yangi kvartiralar berilishi, shtatdagi artistlar, keyinchalik esa shartnoma asosida taklif etiladigan xonandalar uchun xizmat kvartiralari ko‘zda tutilgan alohida uy qurilishi, shuningdek, davlatimiz rahbarining iste’dodli yosh ijodkorlarning uy-joy bilan bog‘liq masalalari ham ijobiy hal etilishi haqida aytgan gaplari bizni nihoyatda quvontirdi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida san’at va madaniyat sohasining iste’dodli namoyandalarini moddiy rag‘batlantirishdek muhim muammo haqida ham to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbarining filarmoniya faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish, tarixiy binoda konsert zalini qayta tiklash, shuningdek, zamonaviy zal qurish haqida aytgan gaplaridan xursand bo‘ldik.

Moliyaviy investitsiyalar masalasi teatrimiz oldida turgan muhim masalalardan biridir. Butun dunyoda hech qanday opera va balet teatri o‘z mehnati xarajatlarini qoplay olmaydi. Negaki, bu jarayonga katta jamoalar, dekoratsiyalar, liboslar va yoritish chiroqlarining jalb etilishi katta mablag‘ talab qiladi. Prezidentimizning bundan buyon har bir teatrning o‘z homiysi bo‘lishi haqida aytgan gaplari quvonarli voqea bo‘ldi. Endi “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bizga homiylik qiladi. Bu yangi sahna asarlari loyihalarini ishlab chiqishda zamonaviy dekoratsiyalar, maxsus effektlar, sifatli mebel va rekvizitlar, liboslar, grim va teatr uchun boshqa ko‘plab zarur narsalarga ega bo‘lishimizni anglatadi. Bu esa, o‘z navbatida, spektakllarimiz saviyasini va ularni tomoshabinlarning qabul qilish darajasini tubdan o‘zgartiradi. O‘zbekistonning barcha teatrlari bundan buyon o‘z homiylariga ega bo‘ladi.

Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvining, ta’bir joiz bo‘lsa, mutlaqo yangi "janri"ni ham alohida ta’kidlamoqchiman. Bu uchrashuv nafaqat chin dildan o‘zaro suhbat va fikr almashish, balki davlatimiz rahbarining bunyodkorlik siyosati amalda o‘z ifodasini topayotganining tasdig‘i bo‘ldi. Prezidentimiz faqat zalda o‘tirganlar bilan emas, balki videoselektor aloqa orqali mamlakatimizning barcha hududlari bilan muloqot qildi. Ko‘plab muammolar shu yerning o‘zida hal etildi. Mamlakatimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarning ta’siri va shiddati, Prezidentimiz aytgan gaplarning dolzarbligi, yangi reja va g‘oyalar, ularni hayotga tatbiq etish yo‘llarining namoyishi chuqur taassurot qoldirdi.

Uchrashuvda Prezidentimizning ijod yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish jarayonini rivojlantirish zarurligi haqidagi fikrlari ham juda dolzarb va o‘z vaqtida aytilgan gaplardir. Davlatimiz rahbari haqiqiy iste’dodli yoshlar har doim ham talabalar qatoridan o‘rin olmayotgani va yetuk ijodkorni tarbiyalash jarayoni alohida e’tibor talab qilishi haqida kuyunchaklik bilan gapirdi. Madaniyat vazirligi faoliyatini kengaytirish, ijodiy uyushmalar rolini faollashtirish, ayniqsa, Teatr arboblari uyushmasi faoliyatini qayta tiklashga katta e’tibor qaratilgani bizni juda quvontirdi. Prezidentimizning san’atda xalqimizning buyuk siymolari obrazi ishonchli va haqqoniy ochib berilishi kerakligi haqidagi fikrlari ham ruhimizni ko‘tardi. Muxtasar aytganda, ijodkor shaxs – aktyor, rejissyor, rassom, bastakor, yozuvchi, ya’ni “jamiyat tafakkurining egalari” diqqat markazida bo‘ldi. Yoshlar shu darajaga ko‘tarilishi uchun tinimsiz mehnat qilishi, o‘z ustida muntazam ishlashi, milliy va jahon madaniyatining haqiqiy durdonalari va yutuqlarini tushunib, anglab yetishi zarur.

Mamlakatimiz Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Biz chindan ham ertangi kunga umid g‘ayratimizga g‘ayrat, kuchimizga kuch bag‘ishlaydigan ajoyib davrda yashayapmiz. Ishonchim komilki, nafaqat men, balki uchrashuv ishtirokchilarining barchasi o‘zida ko‘tarinki kayfiyatni, madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga, porloq va buyuk kelajagimizga o‘z hissasini qo‘shishga intilish tuyg‘ularini his etdi.

Andrey Slonim,
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston
davlat akademik Katta teatrining
sahnalashtiruvchi rejissyori,
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi.   

O‘zA
2 304






Все о погоде - Pogoda.uz