O‘zA O`zbek

24.07.2019 14:23 Chop etish versiyasi

Ibrat mashaqqati, Hamid Olimjon va Zulfiya muhabbati, Amir Umarxon va Nodirabegim qismati tarixiy filmlarda

Ibrat mashaqqati, Hamid Olimjon va Zulfiya muhabbati, Amir Umarxon va Nodirabegim qismati tarixiy filmlarda


Ayni kunlarda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan Qoʻqonda “Qoʻqon shamoli”, “Ibrat” va “Muhabbat bahori” deb nomlangan tarixiy mavzulardagi uchta badiiy film suratga olinmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

“QOʻQON SHAMOLI”DA DAVR CHIGALLIKLARI

“Qoʻqon shamoli” nomli tarixiy film “Dilshoh media” kinostudiyasi rahbari, prodyuser Mahmud Erkaboyev va rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olinmoqda. Unda Qoʻqon xonligining XVIII asr oxiri — XIX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy muhiti, oʻsha davr chigalliklari, A.Navoiy yaratgan Hirot adabiy muhitidan keyingi hodisa sifatida eʼtirof etilgan Qoʻqon adabiy muhiti va Amiriy taxallusi bilan ijod qilgan Amir Umarxon hamda uning ayoli Nodiraning hayoti yoritiladi.

Filmdagi Nodirabegim roli uchun ellikdan ortiq, Amir Umarxon roli uchun oʻttizdan ortiq, Amir Olimxon roli uchun esa oʻttizga yaqin aktyor va aktrisalar kasting topshirgan.

“Qoʻqon shamoli” filmining fotosinov jarayonlarida Nodirabegim roli uchun Dilnoza Kubayeva, Shahzoda Matchonova, Sevara Soliyeva, Asal Shodiyeva, Shahlo Temirova, Feruza Normatova, Nargiza Abdullayeva kabi taniqli va professional aktrisalardan toki havaskor aktrisalargacha, jami boʻlib ellikdan ortiq aktrisalar ishtirok etishdi.

Uzoq davom etgan foto hamda video sinovlardan soʻng Nodirabegim roliga yosh aktrisa Rayhon Asatova, Amir Umarxon roliga aktyor Ilhom Berdiyev, Olimxon roliga esa aktyor Bobur Yoʻldoshev tasdiqlandi. 

ISʼHOQXON IBRATNING MASHAQQATLARI

“Isʼhoqxon Ibrat” tarixiy filmi esa noyob isteʼdod egasi, koʻplab Sharq va Gʻarb tillarining bilimdoni, oʻlkamizdagi ilk matbaachilardan biri sifatida Vatan taraqqiyoti yoʻlida fidokorona xizmat qilgan Isʼhoqxon Ibrat haqida.

Milliy uygʻonish davrining yetuk namoyandalaridan biri, Vatan va xalq istiqloli uchun jonini fido qilgan ulugʻ bobomiz Isʼhoqxon Ibrat shoir, tarjimon, tarixchi va tilshunos olim, shariat va din peshvosi, 20 yildan ortiq xalq qozisi lavozimida faoliyat koʻrsatgan jamoat arbobi boʻlgan.

U oʻndan ortiq Sharq va Gʻarb davlatlarida boʻlib, ularning tili va madaniyatini mukammal oʻrgangan sayyoh sifatida ham mashhur.

Taniqli rejissyor, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Jahongir Qosimov tomonidan suratga olinayotgan “Isʼhoqxon Ibrat” badiiy filmi Turkiston xalqining iftixoriga aylangan mana shu buyuk zotning hayoti va faoliyatiga bagʻishlanadi.

Unda Isʼhoqxon Ibratning mashaqqatlari, voqealarga boy hayot yoʻli tasvirlanadi. Hozirda postanovkachi rejissyor Jahongir Qosimov, rejissyor Ahmadjon Oʻnarboyev, postanovkachi operator Rustam Murodovlar tomonidan ushbu filmni suratga olish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu tarixiy badiiy filmning syomka jarayonlari Qoʻqon, Buxoro, Fargʻona, Misr, Hindistonda boʻlib oʻtadi. “Isʼhoqxon Ibrat” filmida Farhod Mahmudov, Iroda Qosimova, Matyoqub Matchonov, Mixail Kaminskiy, Joʻrabek Orziyev, Seydulla Moldaxanov, Italo Spinelli, Abduraim Abduvahobov, Tohir Saidov, Furqat Fayziyev, Bahrom Matchonov, Akbarxoʻja Rasulov, Shahzoda Matchonova va boshqa xalqimiz sevgan koʻplab aktyorlarni uchratish mumkin. 

“MUHABBAT BAHORI”DA ZULFIYA VA HAMID OLIMJONNING SOF MUHABBATI

“Muhabbat bahori” badiiy filmida ikki ijodkor – Zulfiya va Hamid Olimjonning sof muhabbati, hayot yoʻllari, ijodi, ayriliq, vafo, sadoqat tuygʻulari ifoda etiladi.

Film ssenariysi mualliflari – Zulfiya Qurolboy qizi va Mikoyil Sulaymonov. Ayni kunlarda postanovkachi rejissyor Ibrohim Rasulov, operatorlar Ravshan Asqarov, Temur Abdullayevlar tomonidan suratga olish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu film voqealari Qoʻqon, Jizzax, Toshkent viloyati va Qrimda boʻlib oʻtadi. Kartinada shoir Hamid Olimjon rolini Hamza Hasanov, shoira Zulfiya rolini esa Shahnoza Hojimurodova va Sofiya Tursunboyeva (yoshligini) ijro etishmoqda.

“Muhabbat bahori” badiiy filmida Mehriddin Rahmatov, Abdurayim Abduvahobov, Shafoat Rahmatullayeva, Otabek Haqberdiyev, Fargʻona va Qoʻqon teatri aktyorlarini turli rollarda koʻrishimiz mumkin. Film voqealari 1920-1944-yillarni oʻz ichiga oladi. Ushbu kinokartina kuz oylarida yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan.


OʻzA
6 174