O‘zA O`zbek

23.04.2019 21:54 Chop etish versiyasi

I Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik avjida

I Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik avjida

Qoʻqon shahri Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlaridan biri boʻlib, manbalarda shahar Xuvokand, Xoʻqqand tarzida tilga olingan.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Arxeologiya instituti xodimlari boshchiligida Qoʻqon arxeologik ekspeditsiyasi tashkil etildi. Mazkur ekspeditsiya shaharning qadimiy Moʻyi muborak va Tepaqoʻrgʻon yodgorliklarida qazish ishlarini olib bordi. Tadqiqot natijalari Qoʻqon shahrining tarixi 2 ming yildan ziyod ekanligini isbotladi. Xoʻqqand atamasi qadimiy turkiy tilda “xushhavo joydagi shahar” maʼnosini bildiradi.

Shaharda 12 ta asosiy tarixiy obida, jumladan, “Madrasai Mir”, “Madrasai Xishtin”, Jomeʼ masjidi, “Daxmai shohon” maqbarasi, “Modarixon daxmasi”, “Dasturxonchi”, “Zinbardor”, “Sohibzoda hazrat”, “Hojibek” madrasalari, Xudoyorxon oʻrdasi kabi tarixiy meʼmorchilik yodgorliklari mavjud boʻlib, ular xalqimizning noyob meʼmorchilik namunalari sifatida xorijiy sayyohlarning eʼtiborini qozonib kelmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan joriy yil 10-15 sentabr kunlari Qoʻqon shahrida I Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻtkaziladi.

Mazkur qaror ijrosi doirasida Qoʻqon shahrida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Qoʻqon shahar hokimining investitsiyalar, innovatsiya va turizmni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Aziz MUHAMMADIYEV OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Bugungi kunda Qoʻqon shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda, – deydi A.Muhammadiyev. – Shahardagi 9 ta mehmonxonaning old tomoni zamonaviy arxitektura va shaharsozlik normalari asosida taʼmirlanmoqda. Mehmonxonalarda nogironligi boʻlgan shaxslar erkin harakatlanishi uchun panduslar oʻrnatilmoqda. Shuningdek, ertalabki nonushta tayyorlash xonasini taʼmirlash hamda kengaytirish ishlari olib borilmoqda.

Shahardagi mavjud mehmonxonalardan tashqari 10 ta yangi mehmonxona qurilmoqda. Yangi mehmonxonalar qurilishi uchun shahar hokimligi tomonidan tashabbuskorlarga zarur yer maydoni ajratilib, qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 141 milliard 500 million soʻm boʻlib, 99 milliard 950 million soʻmi tadbirkorlarning oʻz mablagʻi va 41 milliard 550 million soʻmi bank krediti asosida shakllantirildi. Mehmonxonalarda turistlar uchun xizmat koʻrsatuvchi yangi 368 ta ish oʻrni yaratiladi.

Hokimlik tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan monitoringlar natijasida barcha obyektlar belgilangan muddatda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Qoʻqon davlat pedagogika instituti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Qoʻqon shahar filiali, tibbiyot, turizm, avtotransport va pedagogika kasb-hunar kollejlari yotoqxonalari qayta taʼmirlanmoqda. Turistlarni joylashtirish uchun mehmon uylari ham tashkil etilayotir.

I xalqaro hunarmandchilik festivalining asosiy tadbirlari oʻtkaziladigan Oʻrda maydonida qurilish va obodonlashtirish ishlari avjida. Ushbu ishlar uchun 3 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. Oʻrda maydonidagi yoʻl chetlariga manzarali daraxt va gullar ekilib, chiroqlar, favvoralar oʻrnatish rejalashtirilgan.

Sariqqamish, Poʻstindoʻz, Abdulla Qodiriy va Sharof Rashidov koʻchalarida ham obodonlashtirish va kengaytirish ishlari bilan birgalikda 110 ta koʻp qavatli uyda 2 milliard soʻmlik taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Transport qatnovi yuzasidan qulay sharoitlar yaratish maqsadida mavjud avtobuslar va mikroavtobuslar yaroqliligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazildi va qoʻshimcha zamonaviy transport vositalariga boʻlgan talab oʻrganildi. 76 ta avtobus sotib olish boʻyicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilgan.

Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun viloyatda joylashgan tarixiy ziyoratgohlar va obidalar, zamonaviy teatr-sanʼat majmualari, bozorlar va boshqa diqqatga sazovor joylarga maxsus turistik marshrutlar ishlab chiqilgan.

Qoʻqon shahrida hunarmandlar bozori Usmon Nosir koʻchasi hududida tashkil etildi. U yerda zamonaviy arxitektura va shaharsozlik talablari asosida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bozor ichida hunarmandlarning faoliyati va yashashi uchun barcha shart-sharoitni yaratish, shu orqali ularni markazlarga jalb etish koʻzda tutilgan.

Turizm


infratuzilmasi obyektlari, temir yoʻl vokzali, shuningdek, xorijlik tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatadigan umumiy ovqatlanish punktlarida xorijiy Visa Card, Master Card, American Express va milliy valyuta qabul qiladigan terminallarni oʻrnatish, valyuta ayirboshlash, pul oʻtkazmalari xizmatlarini tashkil etish boʻyicha bankomatlar oʻrnatish borasida banklarga taklif berilgan.

Barcha madaniy meros va boshqa turizm obyektlarida maʼlumotlar peshtaxtasini yagona tasdiqlangan namuna boʻyicha oʻrnatish rejalashtirilgan. Turistlar koʻp tashrif buyuradigan Xudoyorxon oʻrdasida sayyohlar uchun ovqatlanish majmuasi va suvenirlar doʻkonini tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmokda.

OʻzA muxbiri Xurshid Qodirov yozib oldi.

809