Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.11.2017 16:00 Chop etish versiyasi

I Toshkent xalqaro amaliy san’at festivali doirasida Ikuo Xiroyama xalqaro madaniyat karvon saroyida navbatdagi ko‘rgazma ochildi

I Toshkent xalqaro amaliy san’at festivali doirasida Ikuo Xiroyama xalqaro madaniyat karvon saroyida navbatdagi ko‘rgazma ochildi Ikki qismli ekspozitsiyadan iborat ko‘rgazmada Toshkentdagi "Kolibri" bolalar ijodiyoti studiyasi badiiy to‘garaklari qatnashchilarining ijod namunalari muxlislar e’tiboriga havola etilgan. Bu yerdan o‘rin olgan matoga tasvir aks ettirish – batika, applikatsiya, yumshoq o‘yinchoqlar, liboslar dizayni, chinniga gul chizish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yosh ijodkorlarning ishlari bolalar ichki dunyosining naqadar boyligi, samimiyatga to‘laligi, zavqli, jo‘shqin va beg‘uborligini yana bir karra namoyish etdi.

3.JPG

Ko‘rgazmaning ikkinchi qismida esa yurtimizning ustalari bilan birga Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Buyuk Britaniya hunarmandlari ijodiga nazar tashlash imkoniyati yaratilgan. Xitoylik ustalar ijod namunasi mukammalligi, ingliz hunarmandi yasagan choy idishlari oddiyligi, koreyalik musavvirlarning harir matoda aks etgan chizgilari g‘oyat nafisligi bilan tomoshabinga manzur bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik Yuliya Drobovaning shishali mozaikasi rangin va betakror, Rafael Yenaliyevning "Ipak yo‘lining soya va akslari" nomli turkum ishi gul va o‘simliklar, ko‘zmunchoq va boshqa o‘ziga xos, kutilmagan detallarga g‘oyat boy.

12.JPG

14.JPG

– Bu festival boy taassurotlar qoldirmoqda, – deydi xitoylik ijodkor Ma Siao Lin. – O‘zbekiston amaliy san’ati haqida xabardor edim. Festival davomida uning naqadar boy ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildim. Yurtingiz san’atshunos olimlarining tadqiqotlariga juda qiziqaman. Bu yo‘nalishda o‘zim ham izlanish olib borganim bois, mazkur festival g‘oyat foydali va qiziqarli tarzda o‘tmoqda.

4.JPG

Tadbir doirasida san’at yangiliklariga oid yangi nashrlar taqdimoti, yurtimiz va xorijlik dizaynerlarning ijodini namoyish etuvchi modalar ko‘rigi bo‘lib o‘tdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
1 521






Все о погоде - Pogoda.uz