Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.09.2017 21:54 Chop etish versiyasi

I Milliy simfonik OPEN AIR tarzida tashkil etilgan musiqiy kecha san’at ixlosmandlari uchun chinakam tuhfa

I Milliy simfonik OPEN AIR tarzida tashkil etilgan musiqiy kecha san’at ixlosmandlari  uchun chinakam tuhfa Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida mazkur teatrning yangi 88-ijodiy mavsumi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
 
Ochiq osmon ostidagi konsert –  I Milliy simfonik OPEN AIR tarzida tashkil etilgan ushbu musiqiy kecha yurtdoshlarimiz, xorijlik mehmonlar, san’at ixlosmandlari  uchun chinakam tuhfa bo‘ldi.
 
  Mamlakatimizda musiqa san’atining barcha tur va yo‘nalishlarini ravnaq toptirish, ularni yangi an’analar bilan yanada boyitish, xalqimiz, ayniqsa yosh avlodning ma’naviyati, musiqiy, badiiy-estetik didini yuksaltirish masalalariga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

I Milliy simfonik OPEN AIR tarzida tashkil etilgan musiqiy kecha san’at ixlosmandlari  uchun chinakam tuhfa

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashuvi chog‘ida yoshlarni vatanparvarlik, yurtga, xalqiga sodiqlik, fidoyilik ruhida tarbiyalashda, ularning ma’naviyatini yot g‘oyalardan asrashda ijodkor ziyolilar zimmasidagi ulkan vazifalar belgilab berilgan edi.
  
Mazkur uchrashuv ko‘plab ijodiy jamoalar singari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat katta teatrining yanada ravnaq topishi yo‘lida ham  yangi istiqbollarni ochib berdi. Ayni jihatlar etakchi ijodiy tashkilotlarning "do‘stlari klubi"ning  tashkil etilishi, ularga yurtimizning yirik kompaniya, bank va korxonalarining  homiy sifatida biriktirib qo‘yilishi,  doimiy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Ulug‘ alloma bobomiz nomi bilan yuritiluvchi ushbu teatr nainki mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham e’tibor qozongan ijodiy jamoa. Katta teatrning  opera va balet spektakllari, konsert dasturlari, san’at festivallari musiqa san’ati muxlislarining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Shu bilan birga  AQSh, Italiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning san’atkorlari, ijodiy teatrlari bilan hamkorlikdagi loyihalari yurtimiz madaniy hayotida yorqin voqealar sifatida e’tirof etilgan.

...Teatrning so‘lim va fayzli maydoni oqshom chog‘i turli yoritish uskunalari, dekoratsiyalar, maxsus lazer texnologiyalar, kamalakrang tusdagi favvora fonida mutlaqo o‘zgacha, yanada shukuhli, jozibali, maftunkor, ertakona qiyofa kasb etgan. Salqin shabada, musiqaning ilohiy ta’sir kuchi bu maskanga yanada o‘zgacha ijodiy muhit  bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatr tomonidan "TOP Congress" kompaniyasi ko‘magida tashkil etilgan OPEN AIR musiqiy dasturi yangi 88-teatr mavsumini ochib beradi.

O‘ziga xos va betakror ijodiy yondashuv asosida tayyorlangan mazkur musiqiy dasturda istiqlol yillarida milliy musiqa, teatr, opera va balet, dizaynga oid san’atimizning ilg‘or yutuqlari namoyish etildi. Uning ochiq osmon ostida tashkil etilgani esa musiqaning bebaho namunalaridan, jahon va o‘zbek kompozitorlarining durdona asarlaridan tobora ko‘proq odamlarning bahra olishiga imkon beradi. Bugungi kunda jahonning qator davlatlarida musiqiy dasturni tomoshabinlarga taqdim etishning bunday ilg‘or shakli - ochiq osmon ostidagi OPEN AIR shoularini o‘tkazish amaliyoti keng qo‘llanilmoqda.

– Mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan cheksiz mehr va e’tibor san’atkorlarni yanada ko‘proq izlanishga chorlamoqda, – deydi teatr dirijyori Bobomurod Xudoyqulov. - Bundan amaliy g‘amxo‘rliklardan ko‘nglimiz tog‘dek o‘sdi. Ikki kun davom etadigan musiqiy dastur tomoshabinlar, yurtimiz mehmonlari uchun betakror sovg‘a bo‘lishiga umid qilamiz.

Jo‘shqin milliy ariyalar, nafis valslar, bashariyat mulkiga aylangan musiqiy asarlar, operalardan namunalar tomoshabin ruhiyati yuksaklarga ko‘tardi. Muxlislar olqishining nihoyasi yo‘q... Barchaning dilida yagona tilak - "Tinch, osuda, farovon ona-O‘zbekistonimizda  musiqaning dilbar ohanglari  yangrayversin!"                                                         

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
2 568






Все о погоде - Pogoda.uz