Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 15:15 Chop etish versiyasi

Hunarmandlar sulolalarining amaliy san’at buyumlari yarmarkasi tashkil etildi

Poytaxtimizda yurtimizdagi xalq hunarmandligi hududiy maktablarining amaliy-bezak san’ati buyumlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Unda barcha viloyatlardan hunarmand sulolalar qatnashib, ipak, paxta, gazlama, yog‘och va metalldan qadimiy an’analar asosida tayyorlagan buyumlarini namoyish etdi.

O‘zbekiston xalq hunarmandligi har bir viloyatning o‘ziga xos jihatlarini aks ettiradi. Hunarmandlarimiz asrlar davomida turli buyumlarga ishlov berish usullarini yaratib, asrab-avaylab kelmoqda, mahoratini takomiliga yetkazmoqda.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida yurtimizda milliy hunarmandlikni asrab-avaylash va hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilib, unut bo‘lib ketayozgan hunarmandlik an’analarini qayta tiklash bo‘yicha mustahkam huquqiy asos yaratildi. Bu borada Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 30-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. An’anaviy “Tashabbus” tanlovi doirasida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi ta’sis etildi. Bularning barchasi ko‘plab hunarmandlik maktablarini qayta tiklash va rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda 18 mingdan ziyod usta milliy hunarmandlikning 25 turi bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Ustalar tomonidan ishlangan buyumlar yurtimiz va dunyoda mashhur. Xorijda o‘tkazilgan turli ko‘rgazma va festivallarda qo‘lga kiritilgan mukofotlar, diplom va sertifikatlar buning yaqqol dalilidir.

Yarmarkada ishtirok etgan 30 dan ortiq xalq ustasining aksariyati hunarmand sulolalar vakillaridir.

– Bizning oilada pichoq va qaychi yasash, metallga ishlov berish san’ati asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda, – deydi andijonlik hunarmand Xayrullo Abdurahimov. – Hozir ham uyimizda 200-yil avval yasalgan pichoq avaylab saqlanadi. U hamon o‘zining mustahkam va o‘tkirligini yo‘qotmagan. Men uchun u haqiqiy san’at asaridir. Oilaviy hunarmandlik maktabi an’analarini saqlab qolish bilan birga, metallga ishlov berishning yangicha usullarini o‘zlashtirishga harakat qilayapman. Ayni paytda Damashq po‘lati bilan ishlashning bir necha usulini o‘rganganim bois o‘z mahsulotlarim turini yanada kengaytirdim.

Yarmarkada go‘zal va nafis Marg‘ilon matolari ham namoyish etildi. Masalan, hunarmand Nurmuhammedovlar oilasi ipak, paxta va jundan mato tayyorlash bilan shug‘ullanadigan beshinchi avlod vakillaridir. Ular tayyorlagan mahsulotlar o‘zining yorqin rangi bilan ajralib turadi. Hunarmandlar shu kungacha matoni bo‘yash sirlarini asrab-avaylab kelayotgani tufayli ularning rangi o‘chmaydi va hech qachon chaplashib ketmaydi. Ular yarmarkaga an’anaviy matolardan tashqari, paxta va jundan tayyorlangan mutlaqo yangi mato namunasini ham olib kelgan.

Tadbir doirasida ustalar tajriba almashdi, hunarmandlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Roman Bondarchuk, O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz