O‘zA O`zbek

19.02.2019 Chop etish versiyasi

“Hunarmand” uyushmasining aʼzolari soni 29 mingga yaqinlashdi

“Hunarmand” uyushmasining aʼzolari soni 29 mingga yaqinlashdi

Ularning 40 foizdan ortigʻini ayollar, 60 foizga yaqinini yoshlar, 5-6 foizini esa nogironligi boʻlgan shaxslar tashkil qilmoqda. Yana shunday hunarmandlar borki, ular asosan chekka-chekka hududlarda istiqomat qiladi va turli ijtimoiy-iqtisodiy sabablarga koʻra oʻzlarini namoyon eta olmaydi.

– Norasmiy hunarmandlar sifatida ularning ham hisobotini yuritamiz. Uyushmaga aʼzo qilishga, faoliyatini keng yurgizish boʻyicha koʻmak berishga harakat qilamiz, – deydi “Hunarmand” uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Sherzod Rabimqulov. – Uyushma qoshida “Hunarmandchilikni rivojlantirish” jamgʻarmasini ham tashkil etilgan. Mazkur jamgʻarma mablagʻlaridan nogironligi boʻlgan hunarmandlarni uyushmaga aʼzo qilish badallarini, ularni xorijiy koʻrgazmalarda qatnashish boʻyicha xarajatlarini moliyalashtirishda foydalaniladi.

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida berilgan imtiyozlar natijasida 2018 yilda “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo hunarmandlar soni 2,5 barobarga oshdi. Jami 6 million AQSH dollari hajmidagi hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishga koʻmaklashildi, 40 ming 634 yangi ish oʻrni yaratildi. Hunarmandchilikni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi 5 ta markaz faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

2 720
Mohigul Qosimova, OʻzA