O‘zA O`zbek

31.03.2019 Chop etish versiyasi

Hind va oʻzbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan yangi film taqdim etildi

Hind va oʻzbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan yangi film taqdim etildi

Alisher Navoiy nomli kinosaroyda “Shodu xurramlik” badiiy filmining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Hind va oʻzbek kinoijodkorlarining hamkorlikdagi loyihasi boʻlgan ushbu kartina taqdimotida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Furqat Zokirov va Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari ishtirok etishdi. 

Qayd etilganidek, ushbu film hind va oʻzbek ijodkorlarining hamkorlikda yaratilgan birinchi film emas. Bir necha oʻn yillar avval suratga olingan “Alibobo va qirq qaroqchi”, “Abdulla”, “Sevgi afsonasi” kabi filmlar hamon yurtdoshlarimizning sevimli kartinalari qatorida turadi.

Taqdimotda ikki mamlakat kino ijodkorlari, Hindiston va Bangladeshning mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari ham ishtirok etdi. Kartina bengal tilida suratga olingan. Unda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, taniqli soʻz ustasi Obid Asomov soʻnggi bor rol ijro etgan. Shu munosabat bilan taqdimotga aktyorning oila aʼzolari ham tashrif buyurdi, uning yorqin ijodi va faoliyati yodga olindi.

Film “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va Hindistonning “Dev entertaiment ventures” kompaniyasi bilan hamkorlikda suratga olingan. Ssenariyni oʻzbek tiliga Shoira Gʻiyosova muvofiqlashtirgan. Hindistonlik rejisser Aniket Chattopadhay esa gʻoyani ekranlashtirdi. Bosh rollarni Dev Adxikari Dipak Guru, Karaj Mukerji, Puja Banerji, Koushani Mukerji kabi aktyor va aktrisalar ijro etgan.

Komediya janrida suratga olingan filmda oʻzbekistonlik aktyorlardan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, marhum ijodkor Obid Asomov, Oʻzbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova va Dilnoza Kubayevalar suratga tushgan.

Kartinada mamlakatimizning goʻzal va maftunkor manzilgohlari aks etgan, tez kunlarda uni yurtimiz kinoteatrlarida tomosha qilish mumkin boʻladi.

4 733
Dilobar Asliddin qizi, OʻzA