Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.08.2017 20:19 Chop etish versiyasi

Hayot yo‘lining yorug‘ va qorong‘u bekatlari

U hech narsadan kamchilik ko‘rmay voyaga yetayotgandi. Ota-onasining bor mehri, e’tibori o‘ziga qaratilganini yaxshi bilgan o‘spirin nimani xohlasa shunga egalik qilishga o‘rgangandi. Bir qarashda u hayot yo‘lining yorug‘ bekatida turgan baxtli bola edi.

Vaqti kelib maktabning 9-sinfini tugatdi-yu, u o‘zini "katta odam"day his etdi. Endi menga hamma narsa, ayniqsa, mashina boshqarish mumkin, degan fikrga keldi. Ota-onasiga sezdirmay mashina kalitini olib, asta ko‘chaga yo‘naldi. Tengdoshlarini chaqirib, bitiruvni mashinada yuvamiz, deb kelishib oldi. Sarmast uch o‘spirin baland musiqa sadolari ostida tun pardasini yashin tezligida yorib borardi. Shu zayl u piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan kishini payqamay qoldi...

Ana shunday voqea bilan boshlangan "Keyingi bekat" deb nomlangan o‘quv-tarbiyaviy filmi voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlarning mohiyatini ochib berishga qaratilgan.

Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yaratilgan film g‘oyasida hayot yo‘llari misli harakatlanayotgan poyezdga qiyos etilgan. U yorug‘ va qorong‘u bekatlar bo‘ylab boradi. Unda yo‘lovchilar xohlagan bekatda tushib qoladi.

"Teatr" jurnali bosh muharriri Azizbek Turdiyev ssenariysi asosida "O‘zbekkino" Milliy agentligi rejissyori Doniyor Shokirov tomonidan suratga olingan filmda ko‘proq bilib-bilmay qorong‘u bekatda tushib qolgan o‘spirinlar hayoti haqida hikoya qilinadi.

Birovning qutqusiga uchib o‘z onasining qotiliga aylanib qolgan qizning ohu-nolalari hech kimni befarq qoldirmaydi. Internetga kirib o‘zini cheksiz olamga tushgandek his etayotgan, undagi bor gapni haqiqat bilib adashib qolayotgan yoshlar taqdiriga ham nazar solingan.

Katta daromad olish daragini eshitgan yigitcha xorijga ketishga zimdan tayyorlanadi. Lekin u shunday bir tush ko‘radiki, unda u qo‘liga qurol olib, o‘z onasiga o‘q uzadi. Seskanib uyg‘ongan bola onasining yonida bo‘lishi kerakligini, uni himoya qilishi zarurligi haqida o‘ylab qoladi. Uni avrab, turli va’dalar bilan chaqirayotgan xorijlikka "Hech qachon! deb javob yozadi.

Ana shunday muammolar aks etgan syujetlar orasida voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq jinoyatchilikning ahvoli, turlari haqida ham ma’lumot berilgan. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha mutaxassislarning fikr-mulohazalari aks ettirilgan. Albatta, filmda yorug‘ bekatlar ko‘pki, ularda mamlakatimizda bolalarga va yoshlarga yaratilgan ulkan imkoniyatlar haqida so‘z boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida tashkil etilgan mazkur film taqdimotiga oid matbuot anjumanida asarning g‘oyasi, uning yangicha yondashuv asosida suratga olingani yosh ijodkorlarning katta yutug‘i ekani ta’kidlab o‘tildi. Ulg‘ayib kelayotgan farzandlarimizga o‘ziga xos saboq beradigan filmdagi voqealarning har biri alohida badiiy film sifatida suratga olishga arzishi, buni kelgusida amalga oshirish zarurligi yuzasidan takliflar bildirildi.

"Keyingi bekat" o‘quv-tarbiyaviy filmini ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari orqali namoyish etish rejalashtirilgan.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 424






Все о погоде - Pogoda.uz