Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 11:45 Chop etish versiyasi

Har kimki vafo qilsa...

Bobur nafaqat shoir, balki davlat arbobi, qomusiy alloma sifatida cheksiz qadr va ehtiromga sazovor buyuk shaxsdir. Shoirning «Boburnoma» asari, nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatning eng nodir durdonalaridan.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 534-yilligi munosabati bilan “Har kimki vafo qilsa...” deb nomlangan davra suhbatida mumtoz shoirning ma’naviy merosi haqida so‘z yuritildi.

Adabiyotshunoslar, shoirlar, yozuvchilar, san’atkorlar, harbiylar va yoshlar qatnashgan tadbirda Bobur asarlaridagi ezgu g‘oyalar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

– Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, xorijiy tillarni o‘rgangan, – deydi adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov. – U ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qilgan, ilm-fanga, she’riyatga ixlos qo‘ygan. Mustahkam bilimga ega bo‘lgan shoirning 20 yoshida “Xatti Boburiy”ni yozishi, dunyo bo‘yicha keng o‘rganilgan va hozirgacha o‘ttizdan ziyod tilga tarjima qilingan «Boburnoma» asarining yaratilishi ham bolaligida olgan puxta bilimi va iqtidori natijasidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Zahiriddin Muhammad Bobur she’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortadi. Shundan 119 g‘azal, 231 ruboiy va tuyuq, qit’a, fard, masnaviy kabi janrlardagi asarlari bizgacha yetib kelgan. She’rlarini mavzu jihatidan oshiqona, ta’limiy, tasavvufiy, hasbi hol kabi turlarga ajratish mumkin.

Tadbir doirasida Bobur ijodi haqida hujjatli film namoyish etildi, uning asarlari asosida ko‘rgazma tashkil etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 738






Все о погоде - Pogoda.uz