O‘zA O`zbek

19.04.2019 Chop etish versiyasi

Hamkorlikning yangi qirralari

Hamkorlikning yangi qirralari

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida Koreya Respublikasi Madaniy meros administratsiyasi rahbari Chong Jey Suk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Madaniyat vazirining o‘rinbosari K.Oqilova yurtimizda madaniy meros ob’ektlarini asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar O‘zbekiston tarixining turli davrlariga oid ma’lumotlarni boyitishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Ko‘hna Afrosiyob devorlarida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya – Choson elchisini qabul qilish marosimi tasviri aks ettirilgani mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ildizi uzoq asrlarga tutash ekanidan darak beradi. O‘zbek va koreys xalqlarining madaniyatida o‘xshash va uyg‘un jihatlar ko‘p. Xalqimizning Vatanga sadoqat, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat, sabr-matonat kabi fazilatlari koreyaliklarga ham xosdir. Taqdir taqozosi bilan bir paytlar yurtimizga kelib qolgan koreyslar o‘zbeklar bilan do‘st-birodar bo‘lib ketgan, jamiyatimizning faol a’zolariga aylangan.

– O‘zbekistondek ko‘p millatli, mehridaryo va bag‘rikeng xalqning tarkibida koreyslarning ham borligi diqqatga loyiq, – deydi Chong Jey Suk xonim.– Ularning yurtingizda o‘tkaziladigan barcha ijtimoiy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etishi mamlakatingizda millatlararo do‘stlik va totuvlik siyosatining yana bir yorqin namunasidir. 

Uchrashuv har ikki mamlakatning madaniy meros ob’ektlari va arxeologik tadqiqotlar borasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga shubha yo‘q. Uchrashuv davomida madaniy meros ob’ektlari va arxeologik tadqiqotlar borasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

769
N.Usmonova, O‘zA