O‘zA O`zbek

14.07.2020 Chop etish versiyasi

Halima opani eslab...

Halima opani eslab...
Ustoz duosi

Kundan-kunga boʻldim unga zor,
Qoldi koʻnglim girgalarida.
Endi onam hasratlari bor
Boyovutning daryolarida.

Endi yoshim ulgʻaygan sayin,
Nolam uzun koʻnglim qaʼrida.
Onam ivib oʻtirgandayin
Boyovutning yomgʻirlarida...

Bu misralar Oʻzbekiston xalq shoirasi, betakror ijodkor Halima Xudoyberdiyevaning “Boyovutda” nomli sheʼridan parcha. Goʻyo ular men uchun yozilgandek tuyuladi. Opa sheʼrda bir dam ortga qarab qadrdon ona qishloq va mushtipar onani eslaydi. Misralar shuning uchun ham dardchan, shuning uchun ham ishonchli.

Meni, avvalo, ustoz shoira Halima Xudoyberdiyeva bilan qadrdon Boyovut bogʻlaydi. Bir zaminning farzandimiz. Balki, shundandir yozganlari menda oʻzgacha yaqin, oʻqiganda ruhimga tez singadi, xotiramda muhrlanadi...

Talabalik davrimda Toshkentda tahsil oladigan boyovutlik doʻstlarimiz bilan Halima opaning uyiga koʻp borganmiz. Oʻgʻli Ulugʻbek bilan qadrdon edik. Shuning uchun opaning xonadonida koʻp tadbirlar uyushtirardik. Oʻynab-kulib davralarni qizdirsak, opadan ragʻbatlar eshitardik. “Juda mahoratlisan-da, Tolib”, “E yonib ketding, yonasan, yondirasan-da, Tolib ” derdi boyovutcha ohangda. Opaning soʻzlari hozir ham qulogʻim ostida jaranglab turadi...

Har gal opa yangi kitobi chop etilganida menga ham ilinardi. Bir kitobning ichiga “Boyovutning shamollari esadimi haliyam, Jonim ukam, eslab koʻngling oʻsadimi haliyam” deb dastxat ham yozib bergan edi. Bu misrada haliyam boyovutlikmisan, yoki toshkentlik boʻlib ketdingmi, degan hazil aralash kesatiq borligini ham sezaman...

Halima opa katta shoira, shu bilan birga chiroyli sabr egasi ham edi. Davr taqozosi bilan opaga maʼlum bir cheklovlar qoʻyildi. Hatto gazeta va jurnallarda ijod mahsuli tugul, nomlari ham qayd etilmadi. Bu oilaga yaqin kishi boʻlganim uchun oʻsha vaziyatlarni yaxshi bilaman. Oʻsha vaqtlarda Halima opaga koʻplab mamlakatlardan siyosiy boshpana berish takliflari kelgan. Ammo opa birorta taklifni qabul qilmadi. Xorijlik jurnalistlar opaning holati va u uchragan tazyiqlar haqida bilishga intilib, intervyu olishga harakat qilgan. Ammo opa shunda ham yurtga qarshi biror bir soʻz demadi. Sabr qildi...

Dard kelsa ketma ket keladi, deyishadi. Halima opaning boshiga tushgan tashvishlarga Alpomishdek oʻgʻli Umidning toʻsatdan vafot etgani ham ogʻir dard boʻlib qoʻshildi. Umid onasidek bagʻrikeng, mehribon edi. Afsus, taqdiriga erta ketish bitilgan ekan... Qolgan farzandlari – Mohigul, Kamola, Ulugʻbek va Mirzagʻoliblarning umri uzoq boʻlsin, deyman.

Opaning sheʼriyatiga taʼrif berish kerak boʻlsa, men hech ikkilanmasdan oʻzbek sheriyatida Nodirabegim qatori turadigan shoira, deya baholagan boʻlardim. Opaning katta yutugʻi bor, u ham boʻlsa sheʼrim qoʻshiq boʻladi, degan ilinjda, mashhurlik payida yozmasdi. Ammo koʻplab sheʼrlarini manaman degan oʻzbek hofizlari ijro etgan. Hali ham sanʼatkorlar opaning sheʼriyatiga murojaat qilib kelmoqda.

Halima Xudoyberdiyeva adabiyotni qancha yaxshi tushunsa, sanʼatni ham shuncha bilar, qadrlardi. Oʻzlari “Tanovar”ga shu qadar chiroyli raqsga tushardiki, taniqli raqqosa Malika Ergasheva bilan bemalol solishtirish mumkin edi. Sanʼatga, adabiyotga yaqin boʻlgani uchun ham koʻngli toza, pok edi. Eng muhimi, bu tor dunyoda bagʻrikeng va kechirimli inson boʻlib yashadi.

Halima opa bilan boʻlgan oʻzaro suhbatlarda hali sizning nomingizda maktablar ochiladi, tanlovlar oʻtkaziladi, mukofotlar taʼsis etiladi, derdik. Mana shu zamonlar keldi. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan oʻzbek shoirasiga berilgan eʼtibor, u kishi nomidagi ijod maktabining ochilishi oqilona ish boʻldi. Ilohim, Halima opaning ruhlari shod boʻlsin.

Tolibjon ISROILOV,
suxandon.

15 068
OʻzA