O‘zA O`zbek

14.09.2019 Chop etish versiyasi

Go‘yo nimanidir kelgan fursati

Go‘yo nimanidir kelgan fursati


MANZARA


Yaproqlar shivirlar - savollari ko‘p, 
Yaproqlar shitirlar - tili kesilgan.
Daraxtlar tazarru onini anglab,
Ko‘ylagini yechib joynamoz qilgan...

Kimdir kelishini kutar o‘rindiq,
Go‘yo nimanidir kelgan fursati.
Tangri bandasini buncha sevmasa - 
Vido borligini qo‘yar ko‘rsatib...

Ko‘kka sovurildi yana bir imkon...
Sokin talvasada titraydi olam.
Yig‘ilar oralab xirgoyi qilib,
Xalloslab bozorga ketmoqda odam...

* * *

Mendek zerikkanga o‘xshaydi kuzak, 
Musicha singari og‘ir xo‘rsinar.
Bizni bahorlarda adashtirgan qiz, 
Sarg‘aygan bog‘imiz kelib ko‘rsinlar.

Xazonlar - oshiqlar qabristoniga, 
Umidini ko‘mib qaytar turnalar.
Samoda yuragim suratin chizib, 
Sizning ismingizni aytar turnalar...

Bizni bu bekatda hech kim tanimas,
Hayot - men ko‘rishni istamagan tush.
Bilaman qaydadir turibsiz ilhaq, 
Sochingiz yelkandek yoyib faromush.

Kimnidir, nenidir kutdim ishonib,
Osmonga termulib o‘tdim terakday.
Xazon bo‘lib hamki ketolmayapman, 
Go‘yoki haliyam sizga kerakday...

Yaproqdek omonat tebranadi dil, 
Tamaki tutatar yana g‘olib kuz.
Dunyoni bir go‘zal rangga bo‘yardim,
Afsus, sizdan oldin kuz keldi, afsus..


4 044
O‘zA