O‘zA O`zbek

24.07.2019 16:06 Chop etish versiyasi

Germaniyaning birinchi telekanali Oʻzbekiston haqida film namoyish etdi

Germaniyaning birinchi telekanali Oʻzbekiston haqida film namoyish etdi

Iyul oyi oʻrtalarida Germaniyaning koʻp millionli tomoshabinlarga ega boʻlgan birinchi telekanalida “ praym-taym” vaqtida Oʻzbekiston haqida hujjatli film namoyish etildi.

Film joriy yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan mazkur davlat telekanali tasvirga olish guruhining yurtimizga tashrifi davomida tayyorlangan.

Ijodiy asar mualliflari koʻplab nemis tomoshabinlariga mamlakatimizning boy resurslari va iqtisodiy salohiyati, xalqimizning madaniyati va anʼanalari, sayyohlik uchun diqqatga sazovor joylari, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayoni haqida batafsil maʼlumot berdi.

Film syujetidan Margʻilondagi “Yodgorlik” ipakchilik fabrikasi faoliyati misolida respublikada xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol va teng huquqli ishtiroki uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida hikoya qiluvchi reportajlar ham oʻrin olgan.

Maʼlumot uchun: “Das Erste” (“Birinchi“) – eng yirik nemis telekanallaridan biri boʻlib, “Deutsche Welle” dan tashqari ARD tarkibiga kiruvchi mintaqaviy teleradiokompaniyalarning qoʻshma mahsulidir. Kanal 1952-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

OʻzA
6 473