O‘zA O`zbek

20.02.2019 Chop etish versiyasi

Gazeta bir haftadan keyin obunachiga yetib borsa, uning qadri qoladimi?

Gazeta bir haftadan keyin obunachiga yetib borsa, uning qadri qoladimi?

Bu haqda koʻp gapirilsa-da, mutasaddilarning eʼtiborsizligi, masʼuliyatsizligi sabab muammo hamon saqlanib qolmoqda. 

Bu yilgi obuna mavsumi vaqtli matbuot nashrlari tahririyatlari uchun ogʻir kechdi. Gazetalar tiraji avvalgi yillarga nisbatan ancha kamayib ketdi. Hatto ayrim gazetalarga zarur miqdorda obuna uyushtirilmagani sabab, ular faoliyati toʻxtab qoldi. Ayni paytda yana koʻplab nashrlarni ana shunday taqdir kutib turibdi.

Albatta, buning sabablari haqida obuna mavsumida ham, bugun ham koʻp fikrlar bildirildi. Bugungi kun talabidan kelib chiqib, takliflar aytildi, tashabbuslar ilgari surildi.

Xususan, gazeta, jurnallarning oʻz vaqtida oʻquvchiga yetkazilmayotgani ham obunaga salbiy taʼsir etayotgani qayd etildi. Toʻgʻri-da bugungi gazeta bir haftadan keyin obunachiga yetib borsa, uning qadri qoladimi?

Tahririyatimizga ushbu muammo yuzasidan doimiy ravishda murojaatlar boʻladi. Ayrimlarini gazetamizda chop qilyapmiz. Afsuski, bu yoʻl bilan vaziyatni oʻnglash oson kechmayapti. Shu sababli oʻtgan hafta viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida boʻlib, davriy nashrlarning obunachilarga yetkazilishi ahvolini oʻrgandik.

Barcha joyda vaziyat deyarli bir xil – gazetalar chop etilganidan bir necha kun oʻtib oʻquvchiga yetkazilmoqda. Bunday holatni Samarqand shahri va barcha tumanlarda koʻrish mumkin.

Gazeta tumanga keldi, obunachi esa qishloqda

Bulungʻur milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji oʻqituvchilari “Xalq soʻzi” (1 dona), “Zarafshon” (5 dona), “Yoshlar ovozi” (3 dona) gazetalariga “Matbuot uyushmasi” orqali obuna boʻlishgan. Afsuski, gazetalar muassasa kutubxonasiga bir hafta-oʻn kunda yetkazilmoqda.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi Jomboy tuman boʻlimiga esa haftada bir marta – dushanba kuni 12 ta gazeta tashlab ketiladi. “Xalq soʻzi” haftada besh marta, “Zarafshon” uch marta chop etilishini inobatga olsak, tashkilot xodimlari bu nashrlarni bir hafta kechikib oʻqishga majbur.

Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 15-maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlari “Xalq soʻzi”, “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Nuroniy”, “Kattaqoʻrgʻon haqiqati” gazetalari, “Maktabgacha taʼlim” jurnaliga obuna boʻlgan, ammo 19 kundan buyon ular birorta nashrni olmabdi.

– Tumanimizdagi maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlari “Matbuot uyushmasi” orqali obuna boʻlgan, - deydi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi hisobchisi G.Xushmanova. – Gazetalarni har hafta menga olib kelib berishadi. Men esa boʻlimga kelganlariga ularni tarqataman.

Bunday holatga “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasida ham guvoh boʻldik. Mahallalarga tarqatilishi kerak boʻlgan gazetalar shu yerda taxlam-taxlam boʻlib turibdi.

Toyloq tumanidagi pedagogika kollejiga haftaning chorshanba va shanba kunlari, 24-umumtaʼlim maktabiga esa juma kuni nashrlar “Matbuot uyushmasi” tomonidan yetkazib berilar ekan. Tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimiga esa “Samarqand nur ekspress” masʼuliyati cheklangan jamiyati “Qoʻshchinor”, “Zarafshon”, “Xalq soʻzi” gazetalarini haftada bir marta yetkazib beradi. Hatto, tumandagi fermerlar ham obuna boʻlgan gazetalari ushbu boʻlimda qoldiriladi. Fermerlar bu yerga kelgandagina gazetani olib ketishi mumkin. Shuning uchun ham fermerlardan biri bilan suhbatlashganimizda gazetalarga obuna boʻlganman, lekin haligacha olganim yoʻq, deb aytdi.

Tumandagi “Sariosiyo” mahalla raisining aytishicha, “Mahalla” gazetasiga yillik obuna boʻlganliklariga qaramasdan, shu paytgacha ushbu nashrning birorta soni ularga yetkazib berilmagan. Demak, bu nashr ham katta ehtimol bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlimiga yetkazilmoqda.

Nurobod, Urgut, Samarqand, Oqdaryo va boshqa tumanlarda ham gazetalar ana shu tartibda obunachilarga yetkazilayotgan ekan.

Oʻrganishlarimiz jarayonida aksariyat tashkilot va muassasalar masʼul xodimlari yoki gazetxonlar nashrlar vaqtida yetkazib berilmayotganini aytsa-da, bu haqda obuna uyushtirgan tashkilotga murojaat qilmaganini ham bildirdi. Vaholanki, gazeta va jurnallarning oʻz vaqtida yetkazib berilishini avvalo, obunachi talab qilishi lozim.

Pochtada bitta “Damas”?..

“Matbuot uyushmasi” MCHJ Kattaqoʻrgʻon tuman uchastkasi maʼlumotiga koʻra, uchastka tumandagi 43 korxona va tashkilot, 102 maktab, 55 maktabgacha taʼlim muassasasi, 69 ta mahalla fuqarolar yigʻini, 9 ta kasb-hunar kollejiga gazeta va jurnal tarqatish bilan shugʻullanadi. Mazkur korxona, tashkilot va muassasalar 141 nomdagi nashrlarga obuna boʻlgan. Gazeta-jurnallarni obunachilarga yetkazib berish uchun uchta xodim, uchta texnika ajratilgan.

– Aksariyat tashkilotlar markazlashgan holda obuna uyushtirgan, - deydi uchastka rahbari H.Rahimov. – Ularning oʻzlari shu usulda tarqatishimni soʻrashgan. Tabiiyki, bu menga maʼqul keldi. Lekin nashrlarni har bir mahalla yoki bogʻchaga tarqatishga imkoniyatimiz yetadi.

Tuman pochta-aloqa bogʻlamasi operatori D.Faniyevaning taʼkidlashicha, bogʻlamaning joylardagi boʻlimlarida jami 28 nafar xodim xizmat qiladi. Tumandagi 45 ta korxona va tashkilot, 150 dan ziyod taʼlim muassasasiga xat-xabarlar, posilka, gazeta-jurnallarni tarqatish uchun atigi bitta “Damas” rusumli avtomashina ajratilgan. Nashrlarning vaqtida obunachilarga tarqatilmayotganining sababi, ana shunda.

- Ilgari har yili 28-30 ming nusxadagi gazeta va jurnal, minglab xat-xabarlar, joʻnatmalar, pensiyalar tarqatardik, - deydi Payariq tumanlararo pochta-aloqa bogʻlamasi rahbari Ya.Nurbekov. – Xodimlarimiz soni ham shunga yarasha edi. Hozir Payariq va Oqdaryo tumanlarining 43 tashkiloti, 7 xonadoniga 4200 nusxadagi gazetalarni tarqatish, aholiga kelayotgan xat-xabarlar va joʻnatmalarni yetkazish xizmatini 21 nafar xabarchi va aloqa boʻlimi xodimlari amalga oshirmoqda. Bir yildirki, ikkita vakant ish oʻrniga talabgor topolmaymiz. Chunki oylik maoshimiz juda past.

Kutubxonada gazeta yoʻq

Ha, Payariq tumani xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli axborot-resurs markazi uchun 2019 yil uchun birorta ham nashrga obuna uyushtirilmagan.

- 4 mingdan ziyod kitobxonlarimiz bor, - deydi markaz rahbari Qandolat Boynazarova. - Ularning aksariyati “Xalq soʻzi”, “Zarafshon”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Payariq hayoti” va boshqa gazetalarni soʻrab kelishadi. Ularga “yoʻq” deyishdan oʻzga chora topolmayapmiz. Buni xalq taʼlimi boʻlimi mutasaddisiga aytsak, aybni tuman moliya boʻlimiga toʻnkashadi. Oʻzimiz obuna boʻlaylik desak, oyligimiz juda kam, roʻzgʻordan ortmaydi.

Byudjet hisobidan obuna qilish mumkin(mi?)

Viloyat moliya boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, 2019 yil uchun tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida tuman (shahar) xalq taʼlimi, maktabgacha taʼlim muassasalarini mahalliy nashrlarga obuna qildirish uchun yanvar oyida 1043 million soʻm rejalashtirilib, toʻliq moliyalashtirilgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 25 yanvardagi 33-sonli qaroriga asosan 10 turdagi gazeta va jurnallarga obuna uchun tuman xalq taʼlimi boʻlimlariga jami 1902 million soʻm mablagʻ ajratish rejalashtirilgan.

Payariq va boshqa tumanlardagi kutubxonalarning ommaviy nashrlarga boʻlgan talabidan kelib chiqilsa, ushbu moliyalashtirish tajribasini joylardagi axborot-resurs markazlariga ham qoʻllash fursati keldi, nazarimizda.

Obuna majburiy emas, ammo...

- Birorta nashrga obuna boʻlganimiz yoʻq, - dedi Samarqand shahridagi 35-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari Shoira Ahmedova. – Chunki oʻqituvchiga obuna boʻlish majburiy emas.

Haqiqatdan ham Samarqand shahri markazidagi ushbu taʼlim muassasasida birorta ham nashrga obuna uyushtirilmabdi.

– Toʻgʻri, majburiy obunaning davri oʻtdi, - deydi Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori K.Yuldosheva. – Lekin bu oʻqituvchi matbuot nashrlarini oʻqimasligi kerak, degani emas-ku?! Menimcha, hech boʻlmaganda, oʻz sohasiga tegishli gazeta, jurnallarga obuna boʻlmaslik ziyoli uchun uyat. Axir oʻqituvchiga oʻquvchilari yoki farzandlari respublika, viloyat, tuman ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, sohasiga doir savol berib qolishi mumkin. Agar u gazeta oʻqimasa, bu savollarga nima deb javob beradi? Maktab rahbari sifatida mutolaaga mehri boʻlmagan bunday oʻqituvchilar bilan ishlashni istamayman. Shu bois, oʻqituvchilarni ongli ravishda obuna boʻlishlarini targʻib etib kelaman. Zero, ziyoli kishi gazeta, jurnal, kitob oʻqimasdan samarali faoliyat yuritishi mumkin emas. Oʻz navbatida, nashrlarni oʻz vaqtida olib kelishlarini talab ham qilamiz. Koʻrib turibsiz, bu borada muammomiz yoʻq.

Ayrim oʻqituvchilarimiz turli yangiliklar, axborotlarni internet orqali olaveramiz, obunaga pul sarflashning hojati yoʻq, deyishadi. Oʻylashimcha, bu xato. Koʻp yillik gazetxon sifatida aytishim mumkin, gazeta va jurnal yoki kitob beradigan maʼnaviy ozuqaning oʻrnini hech bir vosita toʻldira olmaydi. Shuningdek, buning iqtisodiy tomoni ham bor. Hisob-kitob qilib koʻring, uyali telefon, internetdan foydalanish uchun oyiga 40-60 ming sarflasangiz bir yilda qancha boʻladi? Bir oilada ikki-uch kishi telefondagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalansa-chi? Shuncha sarf-xarajatlarni farzandlarimizning uyali telefon orqali turli oʻyinlarni oʻynashi, keraksiz maʼlumotlarni oʻqishi, saviyasiz filmlar tomosha qilishi, almoyi-jalmoyi qoʻshiqlar eshitishiga sarflayotganimizni, bularning tarbiyaga salbiy taʼsir koʻrsatishi, milliy qadriyatlarimizga zidligini ham oʻylab koʻrishimiz kerak.

Muallimaning gapiga izoh shart emas, bizning-cha.

Maʼrifatga xizmat qilish oson emas

Obuna mavsumida viloyatdagi oʻndan ortiq obuna uyushtiruvchi tashkilotlar rahbarlari bilan har kuni, kunora uchrashib turdik. Obunachilarning koʻp boʻlishidan tahririyatlar qatorida ular ham manfaatdorligini eslatib, vazifaga vijdonan yondoshishlarini soʻradik. Koʻpgina obuna uyushtiruvchilarning tahririyatlar oldidagi qarzdorligi kamlik qilgandek gazeta-jurnallarni oʻz vaqtida obunachiga yetkazmayotgani ham jarayonga salbiy taʼsir etayotganini tushuntirdik. Ular zimmasiga olgan majburiyatni 2019 yilda sidqidildan bajarishga, shartnomaga amal qilishga va tezkor ishlashga vaʼda berishgandi. Afsuski, koʻp tarqatuvchilarda bu vaʼdalar vaʼdaligicha qoldi. Shu sababli nashrlarning obunachilarga yetkazilishini oʻrganish endi yil boʻyi davom etadi. Oʻz navbatida mushtariylarimizdan ham gazeta, jurnallarning oʻz vaqtida yetkazib berilishi yuzasidan munosabatlarini bildirib borishlarini soʻraymiz.

Manba: “Zarafshon” gazetasi

3 337
OʻzA