O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:27 Chop etish versiyasi

Folklor – umumjahon merosining oʻlmas namunasi

Folklor – umumjahon merosining oʻlmas namunasi

Margʻilonda oʻtkazilayotgan xalqaro folklor festivalida taniqli folklorshunoslar, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron, Tojikiston, Turkiya kabi davlatlardan tashrif buyurgan sanʼatshunos olimlar ishtirok etmoqda.

OʻzA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi:

Aksungur Bunyamin, ijrochi (Turkiya): – Margʻilon nafaqat Oʻzbekistonning, balki, bugun butun turk olamining madaniyat markaziga aylandi. Mening soham, faoliyat yoʻnalishim turk musiqasi va sanʼati bilan bogʻliq. Mana shu izlanishlarim, kasbim nuqtai nazaridan ham bilamanki, Turkiyada nafaqat turk xalqi, balki, oʻzbeklar, turkman, qirgʻiz va qozoq xalqlarini ham uchratasiz. Ularga Turkiya bir makon, bir vatan hisoblanadi. Shuning uchun bizning qoʻshiqlarimizda oʻzbek ohanglari ham, qirgʻiz kuylari ham, ozarbayjoncha xonishlar ifori bor. Demoqchimanki, ular uygʻunlashib ketgan, bir biridan ajratib boʻlmaydi. Xususan, bizning musiqa ham har bir turkiy xalq madaniyati va sanʼatidan maʼlum jihatlarni oʻzida birlashtirishga harakat qiladi. Biz bu oqshom ham turk xalqi sanʼatidagi ana shu uygʻun jihatlarni aks ettirgan ijrolardan tomoshabinlarni, festival ishtirokchilarini bahramand etamiz. 

Gussui Kuroda, ijrochi (Yaponiya): – Oʻzbekistondan boshlangan Buyuk ipak yoʻli Yaponiya bilan birlashadi. Bu musiqa Oʻzbekistondan boshlab Yaponiyagacha yetib borgan. Yapon folklor musiqasining dunyo miqyosidagi roli haqida gapiradigan boʻlsam, u 1200-yildan ortiq tarixga ega. Buyuk ipak yoʻli orqali Hind, Yaponiya Oʻzbekiston va bir qancha davlatlar oʻzaro tutashadi. Shu sababli milliyligi, qadriyatlari oʻxshash va uygʻun. Biz bir musiqa orqali yosh avlodga butun tarixni yetkazishga harakat qilamiz. 

Sayram Isayeva, “Bibixon” ansambli rahbari (Tojikiston): – Avvalambor mana shu festival tashkilotchilariga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz. Biz, Soʻgʻd viloyatida “Bibixon” ansamblini tashkil etganmiz. Hozir Margʻilon shahriga kelib, kayfiyatim yanada koʻtarildi. Negaki bu yerda ayollar ham, erkaklar ham festival davomida koʻtarinki ruhda boʻlishdi. Hammamiz oʻynab kulyapmiz. Oʻylaymanki, bunday bayram va tadbirlar, konsertlar koʻp boʻladi. Chunki bular doʻstligimiz, birodarligimiz ramzidir. Bunday ommaviy va xalqaro tadbirlar ana shu doʻstligimizni mustahkamlashga xizmat qiladi. Hayotni folklor musiqasiz tasavvur etib boʻlmaydi. Chunki ular har birimiz qalbimizdan joy olgan. Folklor umumjahon merosining oʻlmas namunasi. Unga nisbatan qiziqish, unga ehtiyoj hamisha yashaydi. 

Kalami Ruohollah, entomusiqashunos olim (Eron): – Avvalo, mana shu festival tashkillagan va bizning oʻz ijodimizni Margʻilon sahnasida ijro etishimiz uchun sharoit yaratilganidan mamnunmiz. Bilasiz, har bir xalqning oʻz sanʼati, madaniyati, yoʻnalish va uslubi bor. Xususan, folklorda ham. Men bugun Oʻzbekistonga kelib, shu narsaga amin boʻldimki, yurtingizda folklor ijrochilik juda chiroyli rivojlangan. Bunga nafaqat men, balki boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar ham amin boʻlmoqda. 

M.SULAYMONOV, M.QODIROV (surat), OʻzA
769