O‘zA O`zbek

19.04.2019 Chop etish versiyasi

Farzandining kelajagini o‘ylaydigan ota-ona uning ta’limi uchun mablag‘ni ayashi kerak emas!

Farzandining kelajagini o‘ylaydigan ota-ona uning ta’limi uchun mablag‘ni ayashi kerak emas!

Ta’lim tizimida qanday ishlar olib borilayotgani hamda bu yilgi obuna mavsumida turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan «majburiy obuna» masalasiga oydinlik kiritish maqsadida “Jamiyat” gazetasi muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bilan suhbatlashdi.

Bugun Xalq ta’limi tizimi, shubhasiz, tub islohotlar markazida turibdi. Chunki ertangi kunimiz qanday bo‘lishini belgilovchi yosh avlod va o‘qituvchi-murabbiylarning eng katta kontingenti aynan shu tizimga qamrab olingan. Hozirgi keng ko‘lamli o‘zgarishlar davrida xalq ta’limi tizimida qanday ishlar olib borilayotgani hamda bu yilgi obuna mavsumida turli mish-mishlarga sabab bo‘lgan «majburiy obuna» masalasiga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovni suhbatga chorladik.

– Bilamizki, Prezidentimiz tomonidan ta’lim tizimidagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun soha vakillari oldiga katta vazifalar qo‘yilgan. Tizimning boshida turgan inson sifatida ayting-chi, ko‘zlangan maqsadlarning qanchasiga erishildi-yu, yana qanday islohotlar kutilyapti?

– Xalq ta’limi tizimi juda katta tarmoq. Ancha yildan buyon ko‘plab muammolar yig‘ilib kelgan. Katta tizim bo‘lgani uchun muammolarning paydo bo‘lishi ham, ularning yechilgani ham birdan bilinmaydi. Masalan, qurilish sohasini olib qaraydigan bo‘lsak. Biror inshootni qurib, foydalanishga topshirsangiz, ko‘zga darrov ko‘rinadi. Lekin ta’lim sohasida bu narsa bilinmaydi.

Prezidentimiz o‘qituvchining obro‘sini ko‘tarish kerakligini ta’kidladilar. Yaxshi o‘qituvchi maktabga kelsa, ta’lim sifati oshadi. Ana undan keyin biz natijaga erisha olamiz. Uning uchun nima qilish kerak? Avvalo, maktab¬larimiz eng zo‘r pedagoglar keladigan, odamlar havas qiladigan joyga aylanishi lozim. Yaqin tarixga qaraydigan bo‘lsak, unday emasdi. Maktablarimiz hamma uchun tekin yordamchi bo‘lib qolgan edi. Tozalashga ham o‘qituvchi, paxta terishga ham o‘qituvchi. Qo‘pol bo‘lsa, uzr so‘rayman, ayrim joylarda o‘qituvchilar, hatto, go‘ng tashiganini ham aytishdi. Oylik esa oshmagan. Ya’ni, umumiy qaror bo‘yicha oshirilgan, lekin soha uchun alohida oshirilmagan. Soha katta bo‘lgani bois arzimagan miqdorda oylik oshirilsa ham mablag‘ katta bo‘lib ketadi. Yillar davomida o‘qituvchining oyligi o‘sish sur’ati boshqa tarmoqlarga qaraganda orqada bo‘lib kelgan.

Bir misol, abiturient biror oliygohga hujjat topshirishdan avval, qaysi ins¬titutda o‘qish haqida o‘ylaydi. Imkoniyati baland, bilimli bolalar diplomatiya, huquqshunoslik, iqtisodiyot kabi yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalarini tanlaydi. Birinchi yil talaba bo‘la olmaganlar yoki o‘z bilimiga ishonchi kamroq bo‘lganlar esa pedagogikaga hujjat topshiradi. Mana, Finlyaandiya, Singapurni maqtab gapiramiz. U yoqda imkoniyati yuqori bolalar pedagogika sohasini tanlaydi. Bizda ham shunday bo‘lishi kerak. Buning uchun o‘qituvchining obro‘si va mao¬shini oshirish kerak.

Men nima uchun uzoqdan gap boshladim?! Sababi bizda uzoq yillar boshqa institutlarga kira olmaganlar nisbatan kam ball bilan o‘qituvchilik sohasiga o‘qishga kirgan. Ular maktablarda o‘qitgan bolalar ham shunga monand ravishda zo‘r ta’lim olisholmagan. O‘sha bolalar ham maktabni tugatib, oralaridagi eng kam bilimlilar yana pedagogika oliygohlariga kirgan. Natijada yillar davomida ta’lim sifati pasayib boravergan. Zanjir mana shunday da’vom etgan. Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan hozircha qilingan eng katta ish mana shu zanjir 180 gradusga o‘zgartirildi. Bu juda katta muvaffaqiyat. Avvalgi salbiy zanjirning natijasini biz bugun ko‘rib turibmiz. Misol uchun, ko‘chadagi reklama va e’lonlardagi xatolarni qarang. Qolaversa, millionlab yurtdoshlarimiz chet davlatlarda yuribdi. Afsuski, ko‘plarining huquqlari poymol bo‘lyapti. Chunki ularning ko‘pi na o‘z tilida, na rus tilida eplab yozishni, fikrini to‘liq bayon qilishni biladi. Mana shunday salbiy natijalarni endi ko‘rib, bilib turibmiz. Lekin bu narsalar bir kunda bo‘lmagan-ku! Necha yillik ta’lim tizimidagi nuqsonlar sabab bo‘lgan. Bu narsa ataylab qilingan, degan fikrdan yiroqman. Shunchaki, sohaga e’tibor yetarlicha bo‘lmagan. Endi mana shu yillar davomida ishlab kelgan salbiy zanjir o‘zgartirildi. Ya’ni xalqimiz o‘qituvchilik kasbiga sekin-asta qiziqa boshlayapti. Oliy ma’lumotli o‘qituvchilar maktabga qaytyapti. Masalan, erkaklar oila boquvchisi bo‘lishgani uchun oylik kamligi sabab bosh¬qa ishlar bilan shug‘ullanib ketgan edi. Mana, sekin-sekin erkak ustozlar safi ham kengayayapti. Ko‘p¬lari esa «qaytsam bo‘larkan» deb o‘ylab ko‘ryapti. Shuning uchun biz bu narsaga qattiq turdikki, birinchi galda, oylikni oshirish kerak edi. Qolaversa, o‘qituvchini kasbidan tashqari bo‘lgan ortiqcha mehnatga jalb qilmaslik choralarini ko‘rdik. Ko‘p-lab davlat idoralari ham ko‘mak berishdi. Ommaviy axborot vositalari katta yordam berdi. Umuman, hamma bir yoqadan bosh chiqardi. Natijada bugun o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinmasligiga erishyapmiz. Hatto, hokimlar selektor yig‘ilishlari qilib, «Bir o‘qituvchi paxta dalasi yonidan shunchaki o‘tib ketayotgan bo‘lsa ham ortiga qaytarib yuboringlar. Ko‘rinishmasin dalada» deganmish. Bu yaxshi natija-da baribir.

Bu hali hamma narsa yaxshi, ta’lim sifati zo‘r, degani emas. Biz shunchaki o‘qituvchini o‘z ishi bilan shug‘ullanishi haqida gapirdik. Biroq birdaniga samara zo‘r bo‘ladi, deb o‘ylamaslik kerak. Sababi ko‘p yillar o‘qituvchilar kuzgi mavsumda ham, bahorgi mavsumda ham dalada bo‘lgan. Ancha yillar kasbiga taalluqli bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullangan odamlar maktabga keldi. Endi ular nima ish qilishi kerakligini bilishi kerak.

– Bugun Prezident maktablari degan so‘z xalqimiz tomonidan shunday ijobiy qabul qilindiki, har bir ota-ona farzandi shunday joyda ta’lim olishini orzu qiladi. Bu maktablarga qanday tartibda hujjatlar topshiriladi? Umuman, da’vogarlar soni cheklanganmi? Qolaversa, maktabda o‘zbek tili ilmiy jihatdan o‘rganiladimi? Shular haqida ma’lumot bersangiz.

– Prezidentimiz bu tashabbusni ko‘targanida bu maktablarda eng vatanparvar bolalarni tarbiyalash kerakligini aytgan edi. Xorijiy tillar chuqur o‘rganilishi bilan birga, albatta, o‘zbek tili asosiy tilimiz sifatida o‘qitiladi. Bunga shubha bo‘lishi ham mumkin emas. Maqsad – O‘zbekiston kadrlarining xalqaro darajada raqobatbardoshligini oshirmoqchimiz. Shu bolalarimiz ertaga mamlakatimizning rivojlanishi uchun hissa qo‘shishi kerak.

Qolaversa, Prezident maktablari butun ta’lim tizimi uchun, maktablar uchun namuna bo‘ladi. Ya’ni, yangi, jahon ta’lim standartlari talabiga mos dastur tuziladi. Ikkinchidan, maktabga qabul jarayonlari takomillashadi. Uchinchidan, o‘qituvchilar uchun malaka oshirish maskani vazifasini o‘taydi. Turli viloyatlardan o‘qituvchilar kelib, darslarga qatnashib, kuzatib, o‘rganib ketadi. Shu maktab misolida butun ta’lim tizimida o‘ziga xos islohotlar amalga oshiriladi. Asosiysi, har bir chet ellik o‘qituvchining yonida o‘zimizniki ham bo‘lib, o‘ziga xos guruh shakllanadi.

Imtihonlar, hujjat topshirish masalalariga kelsak, hozir bu borada oxirgi xulosaga kelingani yo‘q, ishlar ketyapti. Albatta, barcha ma’lumotlar taqdim etib boriladi. Talablari, tartiblari ishlab chiqilyapti. Hujjat topshirish, bosh¬lang‘ich saralash, imtihon, hammasi adolatli, shaffof bo‘ladi.

– Xususiy maktablarda o‘qitish sifati yaxshi, ammo to‘lov o‘rtacha oylikka ishlaydigan odamlar uchun juda qimmat. Bu maktablarga to‘lov narxlarini belgilashda qanday mezonlarga tayaniladi? Umuman, vazirlik narxlarning biroz arzonlashtirilishiga aralashishi mumkinmi?

– Yo‘q, u xususiy maktab, xususiy tadbirkor ishiga davlat aralashmasligi kerak. Vazirlik faqatgina ta’lim sifati va o‘quvchilarning ma’naviy tarbiyasiga aralashishi mumkin. Lekin to‘lov narxiga aralashmaydi. Aslida, farzandining kelajagini o‘ylaydigan ota-ona uning ta’limi uchun mablag‘ni ayashi kerak emas.


– Lekin imkoniyati bo‘lmasa-chi?

– Unda davlat maktablarida o‘qitaverish kerak. Boshqacha qilib aytganda, xususiyga xalaqat qilmaslik, davlat maktablarini yanada yaxshilash kerak. Oddiy misol, oldin xususiy maktab ochish uchun litsenziya olish muammo edi. Hozir Prezident qarori bilan bular hal bo‘ldi. Bemalol litsenziya olish mumkin. Keyingi muammo, shahodatnoma berolmas edi. Mana, bu yildan bu muammo ham hal bo‘ldi. Qo‘shimcha darslik-lardan foydalanishda e’tiroz bor edi. Bu ham bartaraf etildi. Ya’ni, xususiy maktab davlat tomonidan tavsiya qilinayotgan darsliklar asosida o‘qitadi. Shu me’yor darajasida bilim berishi majburiy. Ammo yanada ko‘proq ilm bermoqchi bo‘lsa, qo‘shimcha adabiyotlardan foydalanmoqchi bo‘lsa, bemalol.

– «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida chop etilgan hazilnamo bir luqmani o‘qigandirsiz? Unda shu ma’nodagi gaplar bor: «Shogird ustozi piri komildan so‘rabdi: – Ustoz, gazeta o‘qimay, olim bo‘lish mumkinmi? Shunda piri komil javob beribdi: – Olim bo‘lish, bo‘lmasligini bilmadim-u, gazeta o‘qimaydigan odam vazir bo‘lishi mumkin». Ayting-chi, bunda nimaga sha’ma qilinyapti? Siz nima deb o‘ylaysiz: gazeta o‘qimay, chindanam vazir bo‘lish mumkinmi?

– Bu gapda nimaga sha’ma qilinyapti, bilmadim-u, ammo gap men haqimda bo‘lsa, men gazeta o‘qiyman. Nafaqat gazeta, balki barcha ommaviy axborot vositalari, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzataman. Gazetalar zo‘r bo‘lsin, xalq o‘qisin. Meni gazetaning dushmaniga chiqarish kerak emas.

Lekin birorta davriy bosma nashrda marketing bo‘yicha mutaxassis yoki iqtisodiy rivojlanish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis yo‘q. Bir bosh muharrirga gazeta maktablarga vaqtida yetib bormayotganini aytdim. U buni esa pochtaning aybi ekanini bildirdi. Mayli, pochta aybdordir. Biroq bu bilan uning ishi yurishib qolmaydi-ku.

– Siz bir gazetxon vazir sifatida maktablarga, aniqrog‘i, o‘qituvchilar va o‘quvchilarga qaysidir davriy nashrlarni o‘qishni, obuna bo‘lishni tavsiya qilishingiz mumkinmi?

– Albatta, tavsiya qilaman. Bir gapni yana ta’kidlashni istayman, men majburiy degan narsaga qarshi bo‘ldim. Gazetaga, ixtiyoriy obunaga emas. Shu narsada sal tushunmovchilik bo‘lyapti. Mana, o‘qituvchini majburiy mehnatdan, majburiy obunadan, majburan qandaydir homiyliklar qilishdan xalos qildik. Lekin gazeta o‘qimasin, demadik. Misol uchun, mening cho‘ntagimda ma’lum miqdorda pulim bor. Unga xohlasam, suv olib ichaman, xohlasam bolalarimga nimadir xarid qilaman, xohlasam, gazetaga obuna bo‘laman. Ya’ni o‘qituvchi o‘z pulini o‘zi istaganicha ishlatsin. Men bunday holatda qanday qilib uni cheklashim mumkin. Yana takror aytaman: men gazetaning dushmani emasman.

Manba: “Jamiyat” gazetasi

2 729
O‘zA