O‘zA O`zbek

18.10.2018 Chop etish versiyasi

Fargʻona viloyatida 24 mingdan ziyod rusiyzabon aholi istiqomat qiladi

Fargʻona viloyatida 24 mingdan ziyod rusiyzabon aholi istiqomat qiladi

Bugungi kunda Fargʻona viloyatida 7 ta milliy madaniy markaz faoliyat koʻrsatmoqda. Barcha millat vakillariga oʻz tili, urf-odat, anʼana va qadriyatlarini asrab-avaylashi, rivojlantirishi uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. 

“Navroʻz”, “Sabantoʻy”, “Maslenitsa”, “Tano” kabi bayram va boshqa milliy marosimlar turli millat vakillari ishtirokida keng nishonlanadi. 

– Viloyatimizda 24 mingdan ziyod rus millatiga mansub va rusiyzabon aholi istiqomat qiladi, – deydi viloyat slavyan milliy madaniy markazi rahbari Galina Akopdjanova. – Davlat va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan, yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻlayotganlar orasida millatdoshlarimiz ham koʻpligi faxrimizga faxr qoʻshadi. Bu Oʻzbekistonda barcha millat vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilgani samarasidir.

Markazimiz qoshida tashkil etilgan “Fantaziya”, “Vdoxnoveniye” xalq ansambllari, “Solnыshko” bolalar ansambli viloyatimizda oʻtkazilayotgan koʻplab madaniy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz birlik va hamjihatlikda” festivallarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdik. Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, bugun har bir Oʻzbekiston fuqarosi, millatidan qatʼi nazar, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy jarayonlarda ishtirok etayotir. Yurt ravnaqi yoʻlida qilayotgan xizmatlari davlatimiz tomonidan eʼtirof etilib, munosib ragʻbatlantirib borilmoqda.

Markazimiz xalqaro miqyosda ham hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda. Yaqinda Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida boʻlib oʻtgan doʻstlik tadbirlarida ishtirok etdik. Markazimiz va Leningrad viloyati “Drujba” uyi oʻrtasida hamkorlik shartnomasi tuzishga erishdik. Biz oʻzaro milliy ansambllar gastrollarini uyushtirish, taʼlim sohasida tajriba almashishni yoʻlga qoʻyish, rus tili oʻqituvchilarini Fargʻonaga muddatli ishga taklif etish kabi aniq masalalar belgilangan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqdik.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning barcha mamlakatlar, ayniqsa, qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va yaqin hamkorlikni mustahkamlash siyosati yurtimizning xalqaro nufuzini yuksaltirib, Oʻzbekistonning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ni mazmunan boyitmoqda. Albatta, bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik va farovonlik, millatlararo totuvlik ezgu samarasidir.

3 668
M.Sulaymonov, OʻzA