O‘zA O`zbek

06.09.2019 Chop etish versiyasi

Farg‘ona hunarmandchilik maktabining ildizi o‘rta paleolit davri​ga borib taqaladi

Farg‘ona hunarmandchilik maktabining ildizi o‘rta paleolit davri​ga borib taqaladi


Xalqaro hunarmandchilik festivali oldidan

Shu kunlarda Qo‘qon shahrida birinchi xalqaro hunarmandchilik festivaliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Unga tayyorlanayotgan hunarmandlar ishini kuzatar ekansiz, beixtiyor ularning kelib chiqishi tarixiga, undagi elementlar nima ma’no anglatishini o‘ylab qolasan, kishi.

Shu o‘rinda hunarmandchilik tarixi haqida ikki og‘iz yuritamiz.

Insoniyat tarixidagi ilk hunarlar, albatta, toshtaroshlik, zargarlik va yog‘och buyumlar yasash hunaridir. Farg‘ona vodiysida quyi paleolit davridayoq odamlar yashab, turli buyumlar yasashgan bo‘lsa, texnik jihatdan mukammal tosh qurollar o‘rta paleolit davridagina (200 ming yil avval) vujudga keldi. Aynan shu davrda ibtidoiy zargarlar rangli tosh parchalari, suyak va chig‘anoqlardan ilk taqinchoqlarni yasay boshlagan. Yog‘och buyumlar yasash hunari ham ularga parallel ravishda shakllanib, ilk tig‘li yer kavlagich, nayza, to‘qmoq va boshqa yog‘och buyumlar ham shu davr mahsulotidir.

Tamaddun bosqichlari jarayonida turli hunarlar birin-ketin paydo bo‘la boshladi. So‘nggi 3 ming yil ichida esa, inson tajribasi, ongi va tafakkuri darajasida yuzlab hunarlar sayqallandi va rivoj topdi. Metallning paydo bo‘lishi, ayniqsa, hunarlar turini ko‘paytirib yubordi. Farg‘ona vodiysida bronzadan yasalgan ilk mehnat qurollari va uy-ro‘zg‘or buyumlari Chust (Namangan) manzilgohidan topilgan bo‘lib, bu yerlik hunarmandlar qilich, pichoq, kamon o‘qi uchi, ketmon, bolta, igna, to‘g‘nog‘ich kabi metall buyumlar bilan birga yog‘och va sopol buyumlardan ham keng foydalanishgan. Yoki So‘x tumanidan topilgan ikki boshli ilon ko‘rinishidagi ulkan tumor ham o‘z davri toshtaroshligining noyob namunasidir (3 ming yil avval).

photo5416060546484120655.jpg

Shu davr hunarmandlari sopol buyumlar yasash usulini o‘zlashtirib, ochiq olovda yoki bir martalik guvala pechlarda sopollar pishirgan. Hatto, ularga turli shakllar tushirish usulini ham ixtiro qilishgan. Bronza davri sopollari qo‘pol, chidamsiz va estetik jihatdan nomukammal bo‘lsa-da, ular Farg‘onaning o‘troq xalqlari turmushidagi muhim ashyo hisoblangan. Sopol dafn marosimlarining ajralmas atributlaridan biriga aylangan. Endi bu davr hunarmandlari to‘qimachilik usullarini ham rivojlantirishdi. Buni biz tez-tez uchrayotgan bronza ignalar, yigiriklar, tosh mokkilar va boshqalar vositasida ko‘rishimiz mumkin. Xom ashyo esa asosan mayda chorva hayvonlarining yung va terisi hisoblanib, ularni qayta ishlovchi hunarmandlar ham talaygina edi. Shuningdek, uy-ro‘zg‘or buyumlari ham ba’zi hollarda bronzadan yasala boshlandi. Masalan, turli marosimlarda ishlatiladigan katta qozonlar asosan bronzadan, quyma usulda yasalgan. Ayrim qozonlar turli ilohiy mavjudotlarning haykal-formalari (ajdar, uchar sher, qo‘chqor va boshqalar) bilan bezatilardi. Metallga ishlov berish texnologiyasi rivojlanib bronza davrida bronzaning o‘zidan, hatto, oltin va kumushdan taqinchoqlar yasash oddiy holga aylanib qolgan edi.

Hunarmandlarning bir joyda muqim yashashi Farg‘onada shaharlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi. Tabiatan qulay landshaftlar, suv manbalariga yaqin joylar va karvon o‘tib turuvchi yo‘llar bo‘ylab dastlab hunarmandchilik mahallalari, keyinchalik shaharlar paydo bo‘ldi.

Temirning kirib kelishi ming yil hukm surgan bronza davrini siqib chiqara boshladi. Endi jang va mehnat qurollari asosan temirdan yasala boshlandi. Bronza bilan ishlash usulini saqlab qolgan ustalar esa, keyinchalik misgarlar sifatida o‘z hunarlarini taraqqiy ettirib bordi. Ularning hunari endilikda san’at darajasiga ko‘tarildi. Mis-bronza buyumlar eramiz boshlariga kelganda turli saroylar, ibodatxonalar va boshqa yirik inshootlarning an’anaviy bezak elementiga aylanib qoldi. Hatto, ulardan qimmatbaho kiyimlarni bezatishda ham foydalanilgan.

Ilk temir davriga kelib (2700 – 2200 yil avval) hunarmandchilikda kes­kin sakrash ro‘y berdi. Hali ularning usullarini ideal darajada deb bo‘lmasada, hunarmandlar inson qo‘li bilan qila oladigan ishlarni ming turli mashaqqat bilan bajara olishgan. Shu davrda Farg‘onaga kulolchilik charxi kirib keldi. Sopol mahsulotlar ham tez fursatlar bilan o‘z shakli va yasalish texnologiyasini o‘zgartira boshladi. Sopolning bezatilishi, shakli va rangiga qarab qaysi davr va hududga tegishli ekanligini aytish mumkin bo‘lib qoldi. Farg‘ona ham bu jarayonni boshidan o‘tkazib, vodiyning janubiy, shimoli-sharqiy va g‘arbiy hududlaridagi sopollar bir-biridan farq qilib turgan. Buni xalqlarning turli-tumanligi, qo‘shni hudud xalqlari bilan madaniy va savdo aloqalarini kuchayganligi yoki o‘ziga xos maktablarning vujudga kelganligi bilan izohlash mumkin. Oq, sariq, qizil angobli, ingichka tanali sopollar shu davrni tipik sopollaridir. Keyinroq esa, ular qatoriga qora angobli va tilma usulda tasvir tushirilgan sopollar qo‘shildi.

2.JPG

Bronzadan yasalgan yirik hajmdagi buyumlar bu vaqtda kam yasalgan yoki yasalgan bo‘lsa ham uning o‘ta qimmatga tushishi tufayli bozor munosabatlariga bardosh berolmay qoldi. Oqibatda eski bronza idishlar eritilib, yangi mahsulotga aylantirilavergan. Bronza va misdan ko‘proq zargarlik buyumlari, ayrim inshootlarning qimmatbaho detallarini yasash qulayroq bo‘lgan. Milodiy era arafasida turli taqinchoqlar, to‘g‘nog‘ichlar, kosmetik oynalar (ular ko‘proq “xitoy oynalari” nomi bilan mashhur), qutichalar, tamg‘alar bronzadan yasalardi. Hozirgi kunda alohida hunar turi sifatida qayd etilayotgan kandakorlik va zargarlik milodiy era boshlarida yagona hunar – misgarlik hunari sifatida ma’lum bo‘lgan.

Shaharsoz madaniyati keskin rivojlandi. Shahar imoratlarida qo‘llaniladigan yog‘och buyumlarga ishlov beruvchi ustalar paydo bo‘lib, yog‘ochlarga imoratning umumiy kompozitsiyasiga monand bezak berishni o‘zlashtirib olishgan edi. Afsuski, shaharlardagi binolarning yog‘och materiallari vaqt ta’sirida yo‘q bo‘lib ketgan. Biroq ularning izlari arxeologik yodgorliklarning aksariyatida uchraydi. Ayniqsa, diniy inshootlarda turli mavjudotlar, ilohiy malaklar va yovuz kuchlar timsolini aks ettiruvchi haykallar ko‘pincha yog‘ochdan yasalar edi. Ularning so‘nggi namunalari ham Quva budda ibodatxonasida, VIII asrda yoqib yuborilgan.

Matoga ishlov berish, turli ranglarda mato ishlab chiqarish Buyuk ipak yo‘lining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Bir tomondan Xitoy ipaklari turli ranglarda kirib kelgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Hind paxta matolari Markaziy Osiyo bozorlarini egallay boshlagandi. Ularning bo‘yalgan va gul bosilgan namunalari ayniqsa haridorbop edi. Tez orada mahalliy dehqonlar ham ipak va paxta yetishtirishni o‘zlashtirishib, bozorlarda xom ashyo sifatida sota boshlashgan. Ular hunarmandlar tomonidan qayta ishlanib, milodiy era boshlarida Markaziy Osiyo hunarmandlari ishlab chiqargan paxta va ipak matolar Old Osiyo va Rimda Hind va Xitoy mahsuloti sifatida sotilgan. Bu o‘rinda Farg‘ona hunarmandlari asosan ipak matolar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. O‘zbek arxeologi M. Matboboev tomonidan o‘tgan asrning 80-yillarida Namangan viloyati Pop tumanida topgan V asrga mansub qamish tobutlar ichida ham bir necha ipak mato parchasi saqlanib qolgan edi. Shuningdek bu topilma milodiy era boshlarida farg‘onaliklar imoratlarni berkitishda mayda o‘simliklardan keng foydalanilganligini ko‘rsatdi. Bu vaqtda qamishdan bo‘yra yoki savat to‘qish oddiy xol bo‘lgan.

Milodiy era boshlarida zargarlik hunari ham taraqqiy topdi. Endi ularni ishlashda turli qabilalarning totemlarini ifodalash odat tusiga kirdi. Arslon, bo‘ri, humo qushi, ilon, tuya va qo‘chqor kabi jonzotlarni eslatuvchi taqinchoqlar urf bo‘lgan. Bunda taqinchoq turiga qarab uning egasini qaysi qabila-urug‘ga tegishli ekanligini yoki qaysi diniy qarashga taalluqli ekanligini bilib olish mumkin edi. Farg‘ona hunarmandlari asosan bo‘ri, humo qushi, ilon va qo‘chqor timsollaridan keng foydalanishgan. Ayniqsa, ilon ko‘rinishidagi taqinchoqlar juda keng tarqalgan edi. Bilak uzuk, kamar to‘g‘nog‘ichi, uzuk va boshqa buyumlarda ilon elementlari ko‘p uchraydi.

Boshqa hunarlar turida, masalan bronza buyumlarda ajdar, qo‘chqor, bo‘riga taalluqli shakllarni uchratish mumkin. Bu holat sopol buyumlarga ham xos. Hatto sopoldan yasalgan ilohiy mavjudotlar yasash bu davrda avjga chiqqanligini ko‘ramiz. Mato buyumlarda esa ilonnus’ha, qo‘chqor shohi, humo qushi ko‘rinishidagi tasvirlarni ifodalash odatga kirgan.

Hunarmandchilik buyumlari orqali xalqlarning diniy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishini ham kuzatish mumkin. Markaziy Osiyo hunarmandchiligi ellinizm madaniyati ta’sirida ham o‘zgarib borgan. Old Osiyo va Yunoniston xalqlarining falsafiy qarashlarini ifodalovchi zoomorfik figuralar, svinkslar va boshqa ilohiy mavjudotlarni tasvirlash ana shu madaniyat ta’sirida vujudga kelgan.

Farg‘onaga islomning kirib kelishi bilan hunarmandchilikda foydalaniladigan shakllar o‘zgarib ketdi. Ko‘pgina hunarmandlar endi o‘z ashyolarida Qur’on oyatlarini tasvirlashga intilishgan. Odatda hunarmandlar oyatlarni duo sifatida, ayrim hollarda bezak sifatida foydalanishgan.

Farg‘onada Somoniylar va Qoraxoniylar davrida hunarmandchilik ayniqsa gurkirab yashnadi. Kulolchilikda sirlangan idish yasash texnologiyasi o‘zlashtirilgach (X asr), turli shaharlarda raqobatbardosh sopol idishlar ishlab chiqarish kuchayib ketdi. Bu o‘rinda Axsikent, Quva, Pop, Rishton, O‘zgan kabi shaharlar o‘ziga xos maktablar yaratilib, bir-biridan go‘zal sopol idishlar yasash yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, Axsikent va Quva sopollari xushbichim va rang barang bo‘lib, qo‘shni mamlakatlarga ham olib chiqib sotilar edi. Bu davr kulollari sopollarda 12 tadan ortiq ranglarni ishlatishni bilishardi. Asosan oq va och havorang fonga boshqa ranglarda tasvir tushirish shu davrning tipik usulidir.

Aynan shu davrda vodiy shaharlarida shishagarlik hunari ham keng rivoj topgan. Farg‘onalik shishagarlarning mahsulotlari nihoyatda qadrlanib Erondan Xitoygacha eksport qilingan. Ayniqsa, Quva va O‘zganda ishlab chiqarilgan rangli shisha idishlar Xitoy amaldorlarining sevimli ro‘zg‘or buyumlari edi. Afsuski, bu hunar turi mo‘g‘illar davrida inqirozga uchrab keyingi asrlarda ko‘zga tashlanmay qoldi.

Mis va bronzaga ishlov berish ham Qoraxoniylar davrida o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi. Islimiy virlar, naqshlar, Qur’on oyatlari, turli zoomorfik shakllar shu davrda urf bo‘lgan edi.

X-XII asrlarda yog‘och o‘ymakorlik hunari ham taraqqiy topdi. Axsikent va Quva shahri xaroblari orasidan arxeologlar naqshinkor yog‘och qoldiqlari, me’morchilikning yog‘och elementlarini ko‘p marta topishgan. Afsuski, vaqt o‘z ta’siri ko‘rsatib bu topilmalarni but xolicha saqlanishiga yo‘l qo‘ymagan.

Aynan shu davrda Axsikent, Quva va O‘zgan qatorida Marg‘ilon, Pop, Chust, Qo‘qon, Rishton, O‘sh, Avval va Koson kabi shaharlar gurkirab yashnagan. Ularning har birida o‘ziga xos hunarmandchilik maktablari hosil bo‘lib, keyinchalik ular hozirgi milliy hunarmandchilik maktablari uchun negiz bo‘ldi. Masalan, Rishton o‘ziga xos tuproq qatlamlari bilan kulolchilik uchun, Chust Chortoq tog‘ tizmalaridagi temir konlariga yaqinligi sababli pichoqchilik uchun, Marg‘ilon karvon yo‘li ustida joylanganligi sababli ipakchilik va misgarlik uchun, Quva shishagarlik uchun ixtisoslashgan edi.

Ahamiyatlisi shu davr hunarmandlari erishgan mashhurlikka keyingi asrlardagi hunarmandlar XIX asrga qadar erisha olmadilar. Ayniqsa, XIII asrdagi mo‘g‘illar bosqini Farg‘onadagi hunarmandchilik taraqqiyotini uch yuz yilga to‘xtatib qo‘ydi. Faqatgina temuriylar davriga kelib, Farg‘onada yana hunarmandchilik rivojlana boshladi. Endilikda hunarmandchilik ma’lum hududlarga bo‘linib rivojlandi. Iqtisodiy va geografik jihatdan qulay bo‘lgan shaharlardagi hunarmandlar o‘zlarining qadimiy usullarini saqlay bilishdi. Temuriylar davrida Samarqand, Buxoro, Xirot, Toshkent kabi yirik shaharlar qatorida Farg‘ona vodiysidagi Andijon, Marg‘ilon, Namangan kabi shaharlarning mavqeyi orta boshladi. Garchand Qoraxoniylar davridagi darajaga yetmagan bo‘lsada, bu shaharlarda ishlab chiqarilgan ipakchilik, chitgarlik, misgarlik, temirchilik kabi hunarmandchilik mahsulotlari chetga olib chiqib sotilar edi.

XVII-XVIII asrlarda vodiy shaharlaridagi iqtisodiy ahvol yaxshilandi, vodiydagi yirik shaharlarda turli hunarlar uchun ixtisoslashish jarayonini mustahkamladi. Bu o‘rinda Qo‘qon shahri o‘ziga hos hunarmandchilik poytaxti vazifasini ham o‘tab, Marg‘ilon va Namangan ipakchilari shu shahar bozorida raqobatlashgan. Yoki Chust va Shahrixon pichoqchilari uchun musobaqa maydoni ham Qo‘qon shahri hisoblangan. Shuningdek, Rishton va G‘urumsaroy (Namangan) kulollari ham o‘z mahsulotlarini aynan Qo‘qonda namoyish qilishgan. Vodiyda milliy shaharsozlik texnologiyasi rivojlangani sari yog‘och o‘ymakorlik hunari ham taraqqiy etdi. Bu o‘rinda Qo‘qon yog‘och o‘ymakorlari bilan hech kim raqobatlasha olmagan.

To‘g‘ri boshqa shaharlarda ham hunarlarning barcha turi mavjud edi. Lekin ularning eng mohir ustalari yuqorida aytilgan shaharlarda faoliyat ko‘rsatishgan. E’tiborlisi shundaki, Farg‘ona hunarmandlari qadimiy usul va texnologiyalarni saqlab qolishgan. Yirik shaharlarda ayollarga xos hunar turlari ham saqlanib qolgan va ular kashtachilik, zardo‘zlik, milliy libos va kulolchilikda namoyon bo‘ladi.

Zamonaviy texnologiyalar har qancha rivojlanmasin Farg‘ona hunarmandlari qadimiy an’analarga sodiq qoldi. Ayniqsa, so‘nggi yuz yil ichida hunarmandlarga – hunarmandchilikka qilingan tahdidlardan omon chiqish oson bo‘lmadi. Faqatgina, Mustaqillik tufayligina milliy hunarmandchilik o‘zining qadimiy falsafasi va go‘zalligi bo‘y-basti bilan namoyish qilish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Bahodir HOShIMOV,

Farg‘ona viloyati tarixi

va madaniyati davlat muzeyi xodimi.


5 082
O‘zA