Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 17:14 Chop etish versiyasi

Ezgu tashabbusning parvozi baland bo‘ladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir" nomli ma’ruzasini o‘qib...

Xalqimiz azaldan ma’rifatparvar, madaniyat va san’atga oshno. Bu yurtda san’at namoyondalari hamisha ardoqda bo‘lgan. Mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov soha vakillariga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, madaniyatimiz, adabiyotimiz va san’atimiz ravnaqiga keng yo‘l ochgan edi. Bugun bu an’ana yangicha asosda rivojlantirilmoqda.

Davr shiddati barcha sohalar qatori ijodiy yo‘nalishdagi ishlarimizni ham yangicha ruhda takomillashtirishni talab qilmoqda. Davlatimiz rahbari shu yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda bu boradagi mavjud muammolar, yechimini kutayotgan muhim masalalar yuzasidan dolzarb takliflarni ilgari surdi.

Ulardan biri – ijodiy tashkilotlarning “do‘stlari klublari”ni tashkil etish masalasi. Xalqimiz «saxiylik va homiylik ishlarini keng qilsang, kam bo‘lmaysan», deydi. Bu homiylik ma’rifat yo‘lida kechsa, yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbek Milliy akademik drama teatri mamlakatimizning yirik ma’naviyat maskanlaridan. Otaxon teatr sahnasida ko‘plab mashhur aktyorlar tarbiyalandi, ular yaratgan o‘lmas obrazlar hozir ham xalqimiz, xususan, yoshlarimiz ma’naviyatini boyitishga hissa qo‘shib kelmoqda.

Bugun teatrda 220 dan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladi. Ular orasida 12 O‘zbekiston xalq artisti faoliyat yuritmoqda.

Teatr jamoasi oldida ulkan vazifalar, oliy maqsadlar turibdi. Bu yo‘lda ularni qiynayotgan muammolar, mavjud kamchiliklarni hal etishda, ijodiy jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tashabbus bilan chiqib, homiy sifatida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi.

– Prezidentimiz bilan uchrashuv bizda juda katta taassurot qoldirdi. Uchrashuvda bugun ijod ahlini o‘ylantirib kelayotgan barcha masalalar batafsil muhokama qilindi, – deydi O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fatxulla Ma’sudov. – Shu yig‘ilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga ega taklifi barchamizni xursand qildi. Unga ko‘ra teatrimiz va “O‘zkimyosanoat” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Endi ushbu tashkilot bilan birgalikda mavjud muammolarimizni hal etamiz. Bu bizning oldimizdagi mas’uliyatli vazifalarni hal etish imkonini yaratadi. Bular nimalar? Prezidentimiz alohida ta’kidlaganidek, bugun zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratishimiz kerak. Demak, repertuarimizni yangilaymiz. Bunda asosiy e’tibor, avvalo, dramaturglar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratiladi. Yana bir muammo – teatrimizni ta’mirlash ishlarini oxirigacha yetkazish, aktyorlarga yetarli sharoit yaratish. Kichik sahnamiz bor. Uni ham bugungi kun talablariga mos ta’mirlashimiz lozim. Prezidentimiz bilan uchrashuvdan so‘ng ko‘nglimizga juda ko‘p maqsadlarni tugib qo‘ydik. «Shu aziz Vatanimiz uchun nima qildik?» degan savolni yana bir bor o‘zimizga berdik. Endi harakatlarimiz, ishimiz va amalimiz bizga berilgan katta imkoniyatlarga munosib bo‘ladi.

– Vatanimizga, xalqimizga xizmat qilish, islohotlarimizga hamohanglik ruhida yashash – oliy burchimiz, – deydi “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abduhoshim Abdullayev. – Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvi ko‘plab tashabbuslarga qanot bo‘ldi. Biz O‘zbek Milliy akademik drama teatriga homiylik qilish tashabbusi bilan chiqdik. Prezidentimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Bundan maqsad Milliy teatr jamoasini qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini yaxshilash bilan birga, jamoamizning ma’naviyatini ham yuksaltirishdan iborat. Biz qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, maqsadimiz bir: shu yurt ravnaqi uchun birgalikda xizmat qilish, xalqimiz turmush farovonligini ta’minlash. Bu ma’naviyatimizni yuksaltirishdan boshlanadi. Shu ma’noda, biz barcha imkoniyatlarimizdan unumli foydalanishga harakat qilamiz.

Prezidentimizning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi madaniyat, san’at, adabiyot va ommaviy axborot vositalari rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu, o‘z navbatida, ularga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Bugun hayot loqaydlik bilan yashayotgan hech kimni kechirmaydi. Demak, so‘zimiz ham, amalimiz ham shunga monand bo‘lishi zarur.

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
975






Все о погоде - Pogoda.uz